Kontent qismiga oʻtish

Kreatsionizm nazariyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kreatsionizm nazariyasi (lotincha „sgeayo“ – „yaratilish“) butun borliqni, hayotni, Yer sayyorasi va umuman olamni Xudo yaratgan deb eʼtirof etuvchi teologik va gʻoyaviy konsepsiyadir. Kreasionizm gʻoyasining tarixi din tarixining bir qismini tashkil etadi. Milodning XIX yuz yilligida bu atama, ayniqsa, ommalashdi. XVIII asrda ilm-fan rivojlanib evolyutsionizm nazariyasiga qarshi kreatsionizm qarashlari yuzaga keldi. Avvaliga ushbu oqim tarafdorlari asosan anti-evolyutsionistlar, deb nomlandi.1932-yilda Britaniyada evolyutsion nazariyaga qarshi harakat yuzaga keldi. Xarakatning asosiy maqsadi ilmiy faktlarni tarqatgan holda evolyutsion nazariyaning notoʻgʻri ekani va diniy manbalarda keltirilgan xabarlar haqiqatligini isbotlash edi. 1970 yilda uning aʼzolari 850 kishi edi. 1972-yilda Buyuk Britaniyada „Nyuton nomidagi ilmiy birlashma“ tuzildi. Hozirda turli davlatlarda kreatsionizm nazariyasi asosida birlashgan koʻplab ilmiy jamiyatlar faoliyat yuritmoqda. Jumladan: AQSH da 34 ta, Buyuk Britaniyada 4 ta, Avstraliya, Janubiy Koreya, Ukraina va Rossiyada 2 ta, Turkiya, Vengriya va Serbiyada 1 ta. Koʻpgina ortodoksal xarakterdagi yahudiy guruhlari teistik evolyutsiya tarafdori boʻlgan bir paytda, konservativ yahudiylar ilm-fanni yahudiy teologiyasini shakllantirishiga tayanib unga ijobiy munosabat bildiradilar. Islohotchi yahudiylar esa Tavrotni haqiqiyligini rad etadilar. Kreatsionizm nazariyasi yahudiylikning muqaddas kitobi Tavrotda muayyan daraja oʻz aksini topganini taʼkidlash joiz. Milodiy I asrda yahudiy yozuvchisi Filo Patriarxlarning bu boradagi rivoyatlarini haqiqiy deb eʼtirof etgan. U Musoning Xudo olamni olti kunda yaratgan degan fikrini keltiradi. Lekin, uning fikricha, Xudo bu ishni bir paytda amalga oshirmagan. Berilgan raqam esa tartibni bildiradi. Dunyoning yaratilishi haqiqatan roʻy bergan, lekin Xudo buni insonlarga Muso orqali ramziy ravishda tushuntirgan. Ilk davrlarda xristian cherkovi otalari ham Filoning gʻoyasiga tayangan holda olamning yaratilishi haqiqatda roʻy berganini eʼtirof etdilar. Milodning ikkinchi asrida Xristian ortodoksallari olamning yaratilishi ramziy tarzda boʻlgan degan fikrni rad etdilar. XV asrda Avliyo Bazil bu jarayonni juda katta oʻlchamda va hech qanday tanaffussiz hamda vaqtsiz yuz berganini tasvirlab berishga urindi. Avgustin „Olam yaratilishining haqiqiy tasviri“da ibtido moddiy ashyolarning yaralishi ekani va ayni paytda, vaqtning ahamiyati boʻlmagan didaktik sabablarga koʻra bu jarayon davom etganligini daʼvo qildi. Uning fikricha, yorugʻlik farishtalar taratgan nurning tasviridir. Shuningdek, xuddi moddiy nur kabi, ilohiy nur ham haqiqatda mavjud. Avgustin ilohiy matnlarning qiyinligiga eʼtibor qaratadi va hamma tushunishi uchun ular tahrir qilinishi kerak, deb hisoblaydi. Xristianlar esa, kishilar oʻzlari guvohi boʻlgan hodisalar muqaddas bitiklarga qarshi kelsa, uni izohlamaslik kerak deb hisoblaydilar. XIII arda Tomas Akvinta Avgustin singari Muqaddas bitikning aslini saqlab qolish kerakligini tasdiqlab: „Muqaddas bitik haqiqqatni tushuntirib bera olar ekan, notoʻgʻriligi isbotlangan holatdan tashqari hollarda u hech kimning izohiga muhtoj emas“, – deb yozgan edi.1571-yilda Martin Lyuter olamning yaratilishi bundan 6000 yil avval olti kun davom etgani haqidagi gʻoyani ilgari surdi. Jon Kelvin olam yaralishi toʻxtovsiz davom etganini rad etadi, shu bilan birga, uning fikricha, osmonlar tepasida suv bor. Yangi yerlarning kashf etilishi insonlarni hayotning yangi tur va shakllari bilan tanishtirdi. Yangi nazariya barcha biologik turlarning Xudo tarafidan alohida alohida yaratilganini ilgari surdi. 1605 yilda Frensis Bekon „Xudoning yaratgan ishlari bizga uning Injilidagi soʻzlarni tushunishimizga yordam beradi“, degan fikrni bildirdi.1650 yili arxiyepiskop Jeyms Usher „Usher xronologiyasi“ni chop ettirdi. Unda olamning yaratilishi miloddan avvalgi 4004 yil deb belgilangan edi. Bu sana oʻsha paytda qabul etilgan boʻlsa-da, XVIII-X1X asrlarda ancha yuksalgan ilm-fan Yerning tarixi yanada koʻhna ekanini isbotladi. XIX asr boshlarida Jon-Baptist Lamarkning turlarning oʻzgarishi toʻgʻrisidagi konsepsiyasi Parij va Edinburgda, asosan, anatomistlar tomonidan iliq qarshi olindi. Britaniyaning Napoleon urushlari bilan band ekanligi, Fransiyada revolyusiya va amerikada fuqarolar urushining yuz berganligi jamiyatda shu kabi evolyutsion nazariyalarning asosiy oʻrin egallashiga sabab boʻldi. 2006-yilda koʻpgina xristianlar yaratilishning evolyutsion nazariyasini tan oldilar. Bugun koʻpgina xristian cherkovlari, jumladan, anglikan va lyuteran cherkovlari ilohiy yaratilish bilan evolyutsion nazariya oʻrtasida ziddiyat yoʻqligini eʼtirof etadilar. Mazkur cherkovlarning rahbarlari evolyutsion nazariyani yoqlab tuli vaʼz oʻqidilar. Oʻz navbatida olimlar, xususan, fizik Jon Polkingorn evolyutsiya Xudo yaratgan maxluqlarida kechadigan jarayonlardan biri, deya fikr bildirdi. Kreatsionizm nazariyasiga ishonuvchi xristianlar ikki guruhga boʻlinadilar: birinchi guruh kreatsionizmga ishonadi va fanni butunlay rad etadi. Ikkinchi guruh esa fan keltirgan faktlarga ham ishonadi. Shuningdek, kreatsionist qarashlarning quyidagi turlari ham ajratib koʻrsatiladi:

Yosh Yer kreatsionizmi (ing. „Young Earth creationisms“). Bunga koʻra, Xudo – Yerning yaratuvchisi. U yerni Injilda qanday tasvirlangan boʻlsa, shunday yaratgan. Bu hodisa bundan 6000 (protestantlarga koʻra) yoki 7500 (pravoslavlarga koʻra) yil avval roʻy bergan. Aksariyat hollarda Yerning yoshi koinot yoshi bilan deyarli teng, deb hisoblanadi. Ularning fikricha Koinotning yerdan koʻhnaroq ekanini tasdiqlovchi dalillar oz. Bu davrda makroevolyutsiya kechmagan. Yer ulkan suv toshqinidan soʻng qayta shakllangan.

Koʻhna Yer kretsionizmi. Bu nazariyaga koʻra olamni Xudo yaratgan, ammo, bu toʻgʻridan-toʻgʻri boʻlmagan. Bu qarash tarafdorlari astronomlar va geologlarning yerga va koinotga bergan yoshlari bahsli ekanini eʼtirof etadilar.

Kompensatsion kreatsionizm. Bu nazariya Tavrotning Ibtido kitobida kelgan xabarga tayanadi: Avval Xudo osmon va Yerni yaratdi. (Ibtido 1:1-2). Demak, Yer bir muddat qorongʻilik qaʼrida boʻlgan, soʻng hayot boshlangan. Orada boʻshliq boʻlgan.

Kun kreatsionizmi. Bunga koʻra, Xudo dunyoni olti kunda yaratgan. Ibtido kelgan olti kun bu bizning kunlardek 24 soat emas. Kun soʻzi ibroniychada „yom“ deyiladi va yosh, davr deb tarjima qilinadi. Bu nazariya tarafdorlarining baʼzilari biz hali ham yettinchi kunda yashayapmiz, deb ishonadilar.

Progressiv kreatsionizm. Bu fikrga ishonuvchilar Xudo turlarni yaratgach, ular Xudo belgilagan bosqichlar asosida rivojlanib borgani, yaʼni ularda evolyutsiya jarayoni yuz berganini taʼkidlaydilar[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 263.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.