Kontent qismiga oʻtish

Kopt sanʼati

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Kopt sanʼati - koptlar (qibtiylar; misrlik xristianlar) sanʼati; 3—4-asrlarda Misrning qad. va ellin sanʼati anʼanalari zaminida yuzaga kelgan. Eng rivojlangan davri Vizantiya davlatining Misr ustidan hukmronligi — 4-asr oxiri — 7-asr boshlariga toʻgʻri keladi. Meʼmorlikda 2—4 qavatli bazilikali uylar, monastirlar, gumbazli sagʻanalar keng tarqalgan. Tasviriy sanʼati hayotiyligi, tasvir vositalarining ifodaliligi bilan ajralib turadi, tosh va yogʻoch oʻymakorligi, naqqoshlik, miniatyura, mum rassomligi, amaliy bezak sanʼatida yogʻoch va suyak oʻymakorligi, badiiy matolar ishlab chiqarish rivojlangan. Janrli yoki ellin mifologiyasidan oʻzlashtirilgan real ob-razlar 5—6-asrlarda xristian syujetlarining shartli tasvirlari bilan almashdi. 6-asr oxiri — 7-asr boshlarida Yaqin Sharq sanʼati mavzulari (mas, sherlarni ovlash lavhalari) keng tarqaldi. Hozirda ham Kohira atrofidagi hududlarda Kopt sanʼati markazi, maktabi va muzeylari faoliyat yuritadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil