Kontent qismiga oʻtish

Kommunikatsiya nazariyasining Toronto maktabi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Komunikatsiya nazariyasining Toronto maktabi — „OAV“ tushunchasini hamda uning jamiyatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohasiga taʼsirini oʻrganuvchi ilmiy yoʻnash. Ushbu ilmiy yoʻnalish 1930-yillarda Toronto universitetida faoliyat yuritayotgan Erik A. Havelok va Garold Innislarning ilmiy izlanishlari orqali shakillangan va keyinchalik Edmund Snou Karpenter, Norzrop Fray va Marshall MakLyuhanlar tomonidan davom ettirilgan. Asosan 1970-yillargacha faol boʻlgan Toronto kommunikatsiya nazariyasi maktabi butun dunyo eʼtiborini texnologik aloqalar inson idroki va madaniyatini shakllantirishda asosiy rol oʻynaydi degan gʻoyaga qaratdi.[1] Taronto maktabining eng taniqli vakillari Garold Innis va Marshall MakLyuhanlar sanaladi. Garold Innis ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va moddiy taraflama taʼsirini oʻrgangan boʻlsa, M. MakLyuhan asosan ommaviy axborot vositalarining psixologik va fiziologik taʼsirini oʻrgangan.[2]

Kommunikatsiya nazariyasining Toronto maktabi — Toronto universiteti professorlari tomonidan shakillantirilgan, media va OAVning jamiyat hayotida tutgan oʻrnini oʻrganuvchi ilmiy yoʻnalish.

Ilmiy maktab sifatida shakillanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toronto Universitetida professor sifatida faoliyatini boshlagan britaniyalik olim Erik A. Havelok oʻzining ogʻzaki nutq va adabiyot nazariyasini shakllantirgandan soʻng, uning ishi ommaviy axborot vositalari tarixi bilan shugʻullangan hamkasbi Garold Innis tomonidan toʻldirildi. 1930-yillarda boshlangan Havelok va Innis izlanishlari 1950-yillarda Marshall MakLyuhan va Edmund Snou Karpenter tomonidan ishlab chiqilgan nufuzli kommunikatsiya nazariyalari uchun dastlabki asos boʻldi. Garchi, ular tomonidan shakillantirilgan nazariyalar ommalashib, butun dunyoda shov-shuvlarga sabab boʻlgan boʻlsada, bu nazariyalarni umumiy nom ostida birlashtirishni hech kim hayoliga keltirmagan edi. 1983-yilga kelib buni Donald F. Theal amalga oshirdi. Parijda UNESCO homiyligi ostida M. MakLyuhan faoliyatiga bagʻishlangan simfozium boʻlib oʻtayotgan edi va unda Donald F. Theal soʻzga chiqib, oʻz nutqida „Kommunikatsiya nazariyasining Toronto maktabi“ jumlasini ishlatdi.[3] Shundan soʻng ushbu fenomen ommalashdi.

Garold Innis faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Garold Innis Birinchi Jahon Urushida qatnashib yaralandi va jarohatidan tiklanish uchun Kanadaga qaytganidan koʻp oʻtmay, Makmaster universitetida magistraturani, keyin esa Chikago universitetida PhD darajasini oldi. U 1920-yilda Kanadaga qaytib, Toronto universitetining siyosiy iqtisod boʻlimida oʻqituvchilik lavozimini egalladi. Innis Toronto universitetida qoldi, u yerda 1952-yilda vafotigacha kafedra mudiri va magistratura dekani lavozimlarida ishladi.

Garold Innis (1894-1952)

XXI asrning dastlabki yillarida Garold Innisning ikkita asosiy intellektual tarjimai holi paydo boʻldi. Bular, Pol Xeyer tomonidan yozilgan Garold Innis (2003) va Aleksandr Uotson tomonidan yozilgan „Marginal Man: The Dark Vision of Garold Innis“ (2006) asarlari boʻlib, unda Garold Innis Marshall MakLuhan kabi taniqli boʻlmasa-da, uning siyosiy iqtisod, media nazariyalari va jamiyat haqidagi gʻoyalari bugungi kunda juda dolzarb boʻlib borayotganligi aytiladi.[4]

Innis faoliyatining katta qismini siyosiy iqtisod sohasida olib bordi. Uning kommunikatsiya va media texnologiyalariga boʻlgan qiziqishi intellektual amaliyot chegarasiga tushirildi. 1952-yilda bevaqt vafot etguniga qadar Innis oʻzining koʻplab maqolalari va kommunikatsiya boʻyicha tadqiqotlarini faqat karerasining oxirida yozgan edi. Innis davrida kommunikatsiya sohasi osonlikcha tushunilmagan. Aytish mumkinki, uning qilgan ishi sohani bugungi kundagidek shakllantirishga yordam berdi. U nazariyalarini oʻzining „Empire and Communications“ hamda "The Bias of Communication" asarlarida bayon qiladi. Uning qarashlariga koʻra kommunikatsiya vositalarining rivojlanishi jamiyatda turli xil ijtimoiy tuzilmalar, ijtimoiy gʻoyalar, siyosiy, iqtisodiy yoki boshqa munosabatlarni keltirib chiqardi.

Innis ommaviy axborot vositalarining ikki turini ajratdi:

  • vaqtga yoʻnaltirilgan
  • makonga yoʻnaltirilgan.[5]

Har bir ommaviy axborot vositasi maʼlum bir turdagi davlatlarning paydo boʻlishiga hissa qoʻshgan.

Vaqtga yoʻnaltirilgan ommaviy axborot vositalariga misol sifatida u ishlov berish qiyin boʻlgan, ammo ayni paytda bardoshli materiallarda qoldirilgan, masalan loy, tosh, pergamentlardagi xabarlarni keltiradi. Ular uzoq vaqt davomida nisbatan kichik miqdordagi ijtimoiy ahamiyatga ega maʼlumotlarni saqlashga imkon berdi. Natijada, ommaviy axborot vositalarining bu turi davlat boshqaruvini markazlashtirishga, bilimlarni muqaddaslashtirishga, diniy qadriyatlarni mustahkamlashga yordam berdi.

Makonga yoʻnaltirilgan ommaviy axborot vositalari qogʻoz va papirus kabi yengil va oddiy materiallardan tayyorlangan boʻlib, bu katta hajmdagi maʼlumotlarni keng ommaga tez va samarali yetkazish imkonini berdi. Bu yirik imperiyalarning paydo boʻlishiga yordam berdi. Biroq, makonga yoʻnaltirilgan ommaviy axborot vositalari axborotning tarixiy saqlanishini taʼminlay olmaydi, buning natijasida, jamiyatdagi siyosiy va madaniy beqarorlik vujudga keladi. Barqaror jamiyatni shakllantirish uchun ikki turdagi kommunikatsiya vositalari oʻrtasida muvozanat kerak boʻladi. Innisning fikriga koʻra, Gʻarb madaniyatida bunday muvozanatga faqat ikki marta — Gretsiyada va Vizantiyada erishilgan xolos.[6]

"The Bias of Communication" asarida esa Innis ijtimoiy hayotda „uchta monopoliya“ mavjudligini tushuntiradi:

  1. madaniy-maʼrifiy sohalarda mujassamlashgan bilim monopoliyasi;
  2. iqtisodiy sohada mujassamlangan boylik monopoliyasi;
  3. harbiy yoki siyosiy sohada mujassamlangan hokimiyat monopoliyasi.[7]

Marshall MakLyuhan faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1950-yillarning boshlarida MakLuhan Toronto universitetida Ford fondi tomonidan moliyalashtirilgan aloqa va madaniyat seminarlarini boshladi. Uning obroʻsi oshgani sayin, u boshqa universitetlardan koʻplab takliflarni oldi va uni saqlab qolish uchun universitet 1963-yilda Madaniyat va Texnologiya markazini yaratdi. Bu davrda u oʻzining birinchi yirik asarini nashr etdi. Bu „Mexanik kelin“ (1951) kitobi boʻlib, unda reklamaning jamiyat va madaniyatga taʼsiri yoritilgan edi. U, shuningdek, 1950-yillarda Edmund Carpenter bilan birga „Explorations“ nomli muhim jurnalni chiqardi. MakLuhan 1979-yilgacha Toronto universitetida qoldi va bu vaqtning koʻp qismini oʻzining Madaniyat va Texnologiya markazi rahbari sifatida oʻtkazdi.

Marshall Maklyuhan (1911-1980)

M. Maklyuhan oʻzining „Gutenberg galaktikasi“ (1961) kitobining soʻzboshida G. Innisning ilmiy ishlari, xususan, „Empire and Communications“ unga katta taʼsir qilganini yozadi. MakLuhan ham insoniyat tarixidagi yangi ommaviy axborot vositalarining paydo boʻlishi bilan bogʻliq boʻlgan katta oʻzgarishlarni oʻrganib chiqdi. Maklyuhan „Gutenberg galaktikasi“ asarida sivilizatsiyalar rivojlanishini uch bosqichga ajratdi:

  • savodxonlikdan oldingi madaniyat (bu bosqichda ogʻzaki nutq asosiy aloqa vositasi boʻlgan);
  • yozma va bosma madaniyat (asosiy aloqa vositasi yozma nutq);
  • zamonaviy sahna yoki „global qishloq“ (audiovizual media asosida)[8]

U oʻz kitoblarida insoniyat chiziqli, savodxonlikka asoslangan fikrlashdan chiziqli boʻlmagan elektron fikrga oʻtishini taʼkidladi. U „axborot tashuvchisi xabardir“[9] deb eʼlon qilgan.

Maklyuhanning fikricha, „global qishloq“[10] ijtimoiy tashkilotning yangi shakli boʻlib, butun dunyo oʻta tezkor elektron ommaviy axborot vositalari orqali bitta ulkan ijtimoiy tizimga ulanganda paydo boʻladi. MakLuhan bu „global qishloq“ni boshqarish bilan emas, u ommaviy axborot vositalarining his-tuygʻularga qanday taʼsir qilishi bilan qiziqdi. Uning taʼkidlashicha, ommaviy axborot vositalari eshitish, koʻrish va teginishni tom maʼnoda kengaytiradi. Maklyuhan ommaviy axborot vositalari oddiy odamga yangi imkoniyatlar beradi va unga bir zumda hamma joyda boʻlish imkonini beradi, deb hisobladi.[11] Uning tushunchalari oʻsha paytda inqilobiy edi va hamma ommaviy axborot vositalari, texnologiya va kommunikatsiyalar haqida qanday fikr yuritishini tubdan oʻzgartirdi. Maklyuhan elektron nerv sistemasi (ommaviy axborot vositalari) sayyorani jadal integratsiyalashayotganini kuzatish uchun „global qishloq“ iborasini tanladi. Chunki insonlar kichik qishloqlarda yashaganida sodir boʻlgani kabi dunyoning bir qismida boʻlgan voqealar real vaqtda boshqa qismlaridan ham vujudga kelishi mumkin boʻlib qoldi.

Marshall MakLy[12] uhan medianing ikkita turi borligini taʼkidladi: issiq (hot) va sovuq (cool) media.

Hot media — bu bir tuygʻuni toʻliq jalb qiladigan narsa. U foydalanuvchidan kam ishtirok talab qiladi, chunki u kontentni oʻzi shakillantiradi. Odatda hot media mazmuni manba oʻsha vaqtda taklif qiladigan narsalar bilan cheklanadi. Hot mediaga radio va kinoni misol qilib koʻrsatsak boʻladi, chunki ular foydalanuvchining bir tuygʻusini oʻz ichiga oladi, garchi foydalanuvchining diqqati kontentga qaratilgan boʻlsa-da, ularning ishtiroki minimal darajada boʻladi

Cool media, odatda, bir nechta sezgilarni kamroq jalb qiladigan past aniqlikdagi mediadan foydalanadi, chunki u tomoshabinlardan katta shovqin talab qiladi. Keyin tinglovchilar koʻproq ishtirok etadilar, chunki ular kontentdagi boʻshliqlarni oʻzlari idrok etishlari kerak. Foydalanuvchi vositani toʻliq tushunish uchun janr konventsiyalari bilan tanish boʻlishi kerak. Televizor, telefon suhbatlari, komikslar cool mediaga misol boʻlishi mumkin.[13]

„Maʼruza seminarga qaraganda talabadan kamroq ishtirok talab etgani kabi issiq media isteʼmolchidan sovuq mediaga qaraganda kamroq talab qiladi.“ — MakLyuhan.

Kommunikatsiyalar nazariyasi Toronto maktabining hozirgi ahamiyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toronto aloqa maktabi vakillarining gʻoyalari 20-asr oxiri va 21-asr boshlari olimlariga ham taʼsir koʻrsatdi. Xususan, zamonaviy olimlar tomonidan faol ishlab chiqilgan media ekologiyasining zamonaviy tadqiqotlari Innis va MakLyuhan nazariyalariga asoslanadi.

Hususan, ular haqida filimlar ham suratga olingan boʻlib, bu filmlarda (asosan, M. MakLyuhan haqida) ularning ilmiy faoliyati keng ommaga yoritilgan. Masalan, „MakLyuhanning uygʻonishi“ („McLuhanʼs Wake“), „Marshall MakLyuhan alifbosi“ („Marshall McLuhanʼs ABC“), „MakLyuhan zondlari“ („The McLuhan Probes“) va „Orbitadan tashqarida“ („Out of Orbit“) shular jumlasidandir.

Shuningdek, hozirgi media nazariyotchilari Innis, Havelock, Frye va McLuhanning atrofimizdagi vositachilik dunyosini tushunishimizga taʼsirini oʻrganishda hamda Kanada yoki Torontoga xos ilmiy maktabni tashkil etadigan narsalarni tizimlashtirishda davom etmoqdalar.[14]

  1. „The Toronto School of Communication“.
  2. „The Traditon of Canadian Communication Theory“.
  3. „THE TORONTO SCHOOL OF COMMUNICATIONS by Donald F Theall“.
  4. „Harold Innis Toronto School Initiative“.
  5. Innis, Harold. (2007) Empire and Communications. Toronto: Dundurn Press, p.23.. 
  6. Innis, Harold. (2007) Empire and Communications. Toronto: Dundurn Press, p.45. 
  7. Innis, Harold. (1951) The Bias of Communication. Toronto: University of Toronto Press.. 
  8. „The 3 Eras of Communication According to McLuhan & Innis“.
  9. „The Medium is the Message – что это значит?“.
  10. „Global village, was defined by Marshall Mcluhan“.
  11. M. McLuhan, Understanding Media: The Extensions of Man.. 
  12. „MARSHALL MCLUHAN’S Global village“.
  13. „MARSHALL MCLUHAN’S HOT AND COOL“.
  14. „WE ARE THE TORONTO SCHOOL“.