Kolorado qoʻngʻizi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kolorado qoʻngʻizi (Leptinotarsa decemlineata Say.) — bargxoʻrlar turkumining qoʻngizlar oilasiga mansub hasharot, ashaddiy xavfli oʻsimlik zararkunandasi. Tanasi oʻz. 9 – 12 mm, yelka va ust qanoti sargʻish yoki sargʻishqizil, oldingi yelkasida 12—14 ta qora dogʻlari bor, qanoti ustidan 5 ta qora chiziq oʻtgan. Tuxumining kattaligi 1,2—1,8 mm, qurti uz. 15–16 mm, pushtiqizil, gʻumbagi 10–12 mm. Kolorado qoʻngʻizi tuproqda (20—50 sm chuqurlikda) qoʻngʻizlik davrida qishlab, aprel oyida qishlovdan chiqadi va oʻsimliklar bilan oziqlanadi. Urgʻochi qoʻngʻizlari oʻsimliklar bargi orqasiga, oʻsimlik qoldiqlariga 12—80 tadan toʻp-toʻp qilib tuxum qoʻyadi. Bitta urgʻochi qoʻngʻiz 500— 800, baʼzida 2400 gacha tuxum qoʻyadi. Tuxumlarining rivojlanishi 3—5, gʻumbaginiki 6—9 kun. Tuxumdan chiqqan qurtlar 20 kun atrofida oʻsimliklar bargi bilan ovqatlanadi va tuproqda gʻumbakka aylanadi. 1—2 havftadan soʻng yosh qoʻngʻizlar paydo boʻladi, barg bilan ovqatlanib, yana tuxum qoʻyadi. Kolorado qoʻngʻizi kartoshka, pomidor, baqlajon, tamaki, qalampir, yosh terak va turli ituzumsimon oʻsimliklarga zarar yetkazadi. Bir tup kartoshkada oʻrtacha 20—40 qurt va qoʻngʻiz toʻgʻri kelganda oʻsimlik bargining yarmisini yeb, hosilni 2—3-marta kamaytiradi. Bargi toʻliq yeb bitirilgan oʻsimliklar hosili esa 10-martagacha kamayishi mumkin. Kolorado qoʻngʻizi Oʻzbekistonda obhavo sharoitiga qarab 2— 4-marta nasl beradi.

Kolorado qoʻngʻizi vatani — AQSH Kolorado shtati. Shimoliy Amerika, 20-asr boshlaridan Yevropa mamlakatlarida (1922-yilda Fransiyada topilgan), keyinchalik Sharqiy Yevropa, Ukraina, Belorussiyada tarqaldi.

Oʻzbekistonga Belorussiyadan urugʻlik kartoshka bilan dastlab Boʻstonliq va Soʻx tumanlariga (1972-yil) kelib qolgan.

Hozir Xorazm, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpogʻistondan tashqari barcha viloyatlarda tarqalgan, kartoshka, baqlajon ekinzorlariga katta zarar yetkazmoqda.

Kurash choralari. Kolorado qoʻngʻiziga qarshi samarali kurash vositalari yoʻq. Muhimi karantin tadbirlari. Kimyoviy preparatlardan fozalon, buldok, detsis, konfidor, maspilan, xostation, regent, sumialfa va boshqalardan foydalanish tavsiya etiladi.

Sultan Ashmuhamedov, Norqoʻzi Ergashev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil