Ko‘krak ichi taranglashish sindromi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Koʻkrak ichi taranglashish sindromi (KITS) — bu koʻkrak ichida bosimning oshishi, oʻpkaning torayishi, koʻks oraligʻining zararlangan tomonga qarama-qarshi tomonga siljishi yoki Koʻks oraligʻining oʻzida perikard ichi yoki perikarddan tashqaridagi yalligʻlanish jarayonlari bilan bogʻliq bosimning oshishi bilan kechadigan patologik holat hisoblanadi[1].

Etiologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻpka zararlanganda KITS bronxogen kista, oʻpkaning bakterial buzilishining bullyoz shakli, exinokokk kistalari, oʻpkaning tugʻma lobar va oraliq emfizemasi, oʻpka oʻsmasi sababli kelib chiqqan oʻpka ichi taranglashishi tufayli yuzaga chiqishi mumkin. KITSning plevra ichi taranglashishi deb aytiladigan, boshqa sababi, koʻpincha nam va yiringli plevritlarning har xil shakllari, pnevmotoraks, piotoraks, gemo- va xilotoraks, shuningdek, diafragma churralarida „asfiktik siqilish“da boʻladi. Bolalarda KITS koʻpincha oʻpkaning bakterial destruksiyasi (OʻBD) asorati sifatida pnevmotoraks, piotoraks yoki piopnevmotoraks koʻrinishida namoyon boʻladi. Ogʻir pnevmoniya bilan kasallangan bolalar, koʻpincha notoʻgʻri davolashda ushbu sindromning xavfli rivojlanish guruhiga kiradi. Oʻpka ichi va oʻpkadan tashqari jarayonlar sababli, chaqirilgan KITS klinik koʻrinishi, koʻpincha oʻxshash va tashxislash asoslari umumiy boʻladi. KITSning qoʻqqisdan, anamnezda biron-bir maʼlumotlarsiz namoyon boʻlishi juda kam uchraydi. Oʻtkir rivojlanadigan KITS sabablari orasida: chaqaloqlarda va erta yoshdagi bolalarda spontan pnevmotoraks, tugʻma boʻylama emfizema, soxta difragma churrasi, katta yoshdagi bolalarda exinokokk kistasi yorilishi, bronxogen kistaning oʻtkir kattalashuvi, oldin simptomsiz kechgan, plevralosti bullyoz emfizemasi, jarohatdan keyingi oʻpka kistalari va diafragma churralari koʻp uchraydi[1].

Klinikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

KITS oʻtkir boshlanishi, odatda, yoʻtal xurujidan keyin bemor ahvoli yomonlashuvining avj olib borishi, apnoe bilan, bezovtalik, hansirash va koʻkarish bilan xarakterlanadi. Kattaroq yoshdagi bolalar eng qulay holatni topishga harakat qilib, koʻpincha kasal tarafiga yonboshlab oladi. Kuchsiz, ipsimon pulsli taxikardiya rivojlanadi. Koʻkrak qafasi shikastlangan tarafining nafas harakatidan orqada qolishi yoki „nafasning gʻayritabiiy turi“ eʼtiborni jalb qiladi. Perkutor — oʻpka tovushining toʻmtoqlashuvi, baʼzan toʻliq toʻmtoqlikkacha piotoraks, xilotoraks, yoki gemotoraksdan darak berishi mumkin; timpanit — OʻBD bullyoz shaklida, oʻpka emfizemasida, taranglashgan bronxogen kistada; quticha tovushi taranglashgan pnevmotoraksga, soxta diafragma churrasining asfiktik siqilishiga xosdir. Oʻpka tovushi timpaniti va toʻmtoqlashuvining birga kelishi yorilgan kista yoki piopnevmotoraksdan darak berishi mumkin. Perkutor koʻks oraligʻi chegaralari koʻkrak qafasining nafas aktidan orqada qolayotgan qismidan qaramaqarshi tomonga siljigan boʻladi. Oʻpka faoliyatining keskin susayishi yoki emfizemasi boʻlishidan qatʼiy nazar, auskultatsiya shikastlangan tomonda nafasning susayishiga qattiq taʼsir koʻrsatadi. Bronxoplevral oqma orqali havo oʻtishi sababli, yuzaga keladigan nafas olishda esuvchi yoki chiyildoq shovqin eshitiladi. Soxta diafragma churrasining „asfiktik siqilishida“, koʻpincha chap plevra boʻshligʻida peristaltika shovqinlari eshitiladi.

Diagnostikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sanab oʻtilgan belgilar koʻkrak qafasining tik holatdagi toʻliq tasvirining shoshilinch rentgenografiyasini talab qiladi:

  • pnevmotoraks va oʻpkaning lobar emfizemasida — oʻpka suratining yoʻqligi, shikastlangan tarafda shaffoflikning kuchayganligi, koʻks oraligʻining sogʻ tarafga

siljishi;

  • piopnevmotoraksda — plevra boʻshligʻida gorizontal suyuqlik sathi, koʻks oraligʻi soyasining sogʻ tomonga siljishi;
  • pio-, xilo- va gemotoraksda — zararlangan tomonda oʻpka maydonining gomogen soyalanishi, koʻks oraligʻi soyasining sogʻ tomonga siljishi;
  • oʻpka ichi tarangashuvida — oʻpka maydonida taranglashgan kista konturi, bronxga yorilganda suyuqlik sathi bilan;
  • „asfiksik siqilishda“ — ichak qovuzloqlarining uyachasimon yorugʻlanishi, yoki „mayda kosachalar“;
  • mediastinitda — koʻks oraligʻi soyasining kengayishi.

Tashxislash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Davolash-tashxislash tadbirlari:

  • pnevmo-, pio-, xilo-, gemo-, piopnevmotoraksda — oʻrta qoʻltiq osti liniyasida 6-7-qovurgʻa oraligʻida plevra boʻshligʻining punksiyasi;
  • oʻpka ichi kistalarida — punksion ultratovush datchigi yordamida ingichka ignali punksiya;
  • boʻylama emfizemada — punksiya samaradorligi shubhali!?

„Asfiksik siqilishga“ gumon boʻlganda, oshqozon va ichak qovuzloqlari teshilish xavfi yuqori boʻlganligi sababli, punksiya oʻtkazish qatʼiyan mumkin emas! KITSda davolash taktikasi asosiy jarayon kechish xususiyatlari va uning asoratlari bilan belgilanadi. Demak, pio-, xilo- va gemotoraks tasdiqlanganda, plevra boʻshligʻini yuvish va doimiy drenajlash uchun torakostentez qoʻyish lozim. Drenajlash sust (Byullau boʻyicha) yoki oʻpkaning samarali yozilmaganida faol boʻlishi mumkin. Bronxoplevral oqma orqali taranglashgan pnevmotoraksda sal boshqacha usullar qoʻllaniladi. Faqat bola bezovtalanganda, faoliyat koʻrsatadigan kichik oqmalarda plevra boʻshligʻini sust drenajlash shubhasiz bemor holatini yengillashtiradi, oʻpka yozilib, bronxoplevral oqim kamayganda, oʻpkaning zararlangan qovurgʻa plevra qismini „tamponlash“ maqsadida faol drenajlashga oʻtish maqsadga muvofiq boʻladi. Bronxoplevral oqma (BPO) OʻBDda yoki oʻpka tugʻma kistalarining plevra boʻshligʻida yorilganda kuzatiladi. Bunda oqma diametri yoki koʻp sonli oqmalar diametrining yigʻindisi shu darajada yirik boʻlishi mumkinki, bunda plevra boʻshligʻini drenajlash bilan oʻpkaning yozilishiga erishib boʻlmaydi. Koʻpincha, OʻBD boʻlgan bolalarda, rivojlanadigan BPOning klinik belgilari koʻkrak ichi bosimining oshib borishi bilan bogʻliq, avj olib boruvchi nafas yetishmovchiligida namoyon boʻladi. Nafas olish vaqtida, bir uchi suvga tushirilgan drenajdan toʻxtamay havo ajralishi, BPOni oʻziga xos belgisi sanaladi. Auskultatsiya vaqtida bronxial oqmaning oʻziga xos shovqini aniq eshitiladi, bu plevra boʻshligʻidan faol aspiratsiya vaqtida yanada kuchayadi. „Klapan mexanizmi“ shakllangan katta bronxial oqmada faol aspiratsiyaga ulash „oʻgʻirlash“ sindromi deb aytiladigan holat rivojlanishiga va nafas yetishmovchiligining yomonlashuviga olib keladi. Bu holda, vaqtinchalik Geraskin (1978) usulida qidiruvchi bronxial toʻsishni plevra boʻshligʻini drenajlash bilan birga qoʻllash samarali chora hisoblanadi[1].

Davolash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkrak qafasi oʻtkir xirurgik kasalliklarini sindrom boʻyicha davolash, bemorda asosiy kasallikni, uning xarakterini, joylashuvini va oʻziga xos asoratlarini aniqlashga yoʻnaltirilgan shoshilinch tekshirish bilan parallel olib borilishi kerak. Aynan ushbu shart-sharoitlar eʼtiborga olinganda tashxisni aniqlash va shunda, sindrom boʻyicha davolash koʻproq patogenetik yoʻnaltirilgan boʻladi. Agar har qanday xirurgik kasallik va uning asoratlarini jadal davolashning umumiy qoidalari maʼlum darajada universal hamda yetakchi patologik sindromlarning deyarli barcha yigʻindisida qoʻllanilishi mumkin boʻlsa, bevosita shikastlanish oʻchogʻiga taʼsir qilish usullari farqlanadi va asosiy jarayon va uning asoratlari xususiyatlari bilan aniqlanadi. Aynan shu joyda „asosiy zarba yoʻnalishini“ aniqlash, yetakchi, bevosita hayotga xavf soluvchi sindromni aniqlash va uni bartaraf qilish lozim. Ushbu asosiy qoidaning buzilishi bemor statsionarga murojaatining birinchi soatlarida kerakli davo olmasdan, reanimatsion holatga tushishiga sabab boʻladi. Shu nuqtayi nazardan biz koʻkrak ichi taranglashish sindromida shoshilinch xirurgik yordam koʻrsatish prinsipial (umumiy) xususiyatlarini yoritishga harakat qildik. Hech shak-shubhasiz, ushbu sindrom koʻkrak qafasi dekompressiyasi, adekvat nafas va yurak faoliyatini tiklashga yoʻnaltirilgan shoshilinch tadbirlarni talab qiladi. 1. Oʻpka taranglashga kistasi yoki bullasi (pufakch) — kistani yengillashtiruvchi punksiyasi: — punksiya muvaffaqiyatsizligida va tanglashish kuchayib borganda kistani Monaldi boʻyicha naychalash; — drenajlangan kista orqali koʻp bronxial oqimda — kistaga keluvchi bronxning okklyuziyasi (bekilib qolishi), ahvoli moʻtadillashgach — qatʼiy operatsiya. 2. Tugʻma oʻtkir lobar emfizema — zararlangan boʻlakni drenajlovchi bronx okklyuziyasi oldindan taranglashgan boʻlakni koʻpsonli igna bilan punksiya qilish bilan birga, shoshilinch bronxoskopiya va lobektomiya. 3. Taranglashgan pnevmo-, pio-, piopnevmotoraks — plevra boʻshligʻini shoshilinch yengillashtiruvchi punksiyasi keyinchalik drenajlash va Byullau boʻyicha passiv aspiratsiya bilan yiringli-septik jarayonni jadal davolash. Destruksiya oʻchoqlari topilganda — bronxoskopik dezinfeksiya, drenajlanuvchi bronx okklyuziyasini Moraldi boʻyicha drenajlash. Yiringli-septik jarayonni davolashning muvaffaqiyatsizligida — plevra boʻshligʻini ikki tomonlama drenajlash, doimiy lavaj (yuvish) maqsadida. 4. Taranglashgan gemotoraks — plevra boʻshligʻi punksiyasi va drenajlash faol aspiratsiyaga ulash bilan gemostatik va antibakterial davolash; 5. Massiv bronxoplevral oqma — plevra boʻshligʻini drenajlash faol aspiratsiyaga ulash bilan, „oʻgʻirlash“ sindromi yuzaga kelganda, Byullau boʻyicha passiv drenajlashga oʻtkazish va tegishli bronx okklyuziyasi, antibakterial terapiya; 6. Atelektatik sindrom — traxeobronxial daraxt bronxoskopik dezinfeksiya, yot jism va tiqilib turgan moddalarni (yiring, quyuq shilliq) olib tashlash, oʻpka ichiga antibiotiklar yuborish, intubatsiya qilish imkoniyati boʻlmaganda — punksion yoki operativ traxeostomiya. 7. Mediastinal taranglashish sindromi — shoshilinch suprayugulyar mediastinotomiya va oldingi koʻks oraligʻini drenajlash, yiringli-septik jarayonni jadal davolash. Pnevmo-, piopnevmotoraksni istisno qilish uchun rentgen-nazorat shart. Perikardial taranglashishda — Larreya nuqtasida perikard punksiyasi, yiring boʻlganda — perikard boʻshligʻini drenajlash va tozalash, yiringli-septik jarayonni jadal davolash. Keltirilgan MTSni davolash sxemasi maʼlum darajada shartli va barcha darajadagi bolalar xirurgiya boʻlimlarida qatʼiy meʼyor maqomini talab qilmaydi. Shu bilan birga, yuqorida keltirilgan sindrom boʻyicha tashxislash va hartomonlama jadal davolash fonida shoshilinch xirurgik yordam koʻrsatish qaytmas holatlar sonini kamaytirib, bola hayotiga xavf soluvchi asoratlarni baratarf etishga imkon beradi[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Aliyev, M. M. „II“,. Ko‘krak qafasi a’zolarining o‘tkir xirurgik kasalliklari sindromlari, 2018 (O'zbekcha), Toshkent: "Yangi nashr" — 42 bet. ISBN 978-9943-22-157-4.