Kontent qismiga oʻtish

Kimyoviy bogʻ

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Kimyoviy bog‘dan yoʻnaltirildi)

Kimyoviy bogʻ yoki kimyoviy bogʻlanish — ikki yoki undan koʻp atomlarning oʻzaro taʼsiri natijasida kimyoviy barqaror sistemalar (molekulalar, radikallar, molekulyar ionlar, komplekslar, kristallar va b.) hosil boʻlishi. Asosan, 2 xil boʻladi:

  • Atom (kovalent) bogʻ — kimyoviy xossalari jihatidan bir-biriga oʻxshash yoki xossalari bir-biriga yaqin boʻlgan atomlar oʻrtasidagi bogʻ. Bu bogʻ har qaysi atomdan bittadan elektron oʻzaro taʼsir etib, shu atomlarga tegishli birlashtiruvchi elektron juftligini hosil qilishi natijasida yuzaga keladi. Bu bogʻ oddiy moddalarning (H2, O2 va b.), murakkab moddalarning (CH4, H2O, NH4Cl va b.) va organik birikmalarning molekulalariga xos. Kovalent bogʻlar 2 atom uchun umumiy boʻlgan elektronlarning 2 jufti bilan yuzaga kelsa — qoʻshaloq, 3 jufti bilan yuzaga kelsa — uchlik kovalent bogʻ deb ataladi; Struktura formulalarda ular 2 ta yoki 3 ta chiziqcha bilan koʻrsatiladi. Masalan, H2C=CH2 — etilen, HC≡CH — atsetilen, H—C≡N — vodorod sianid va hokazo.
  • Ion (elektrovalent yoki geteropolyar) bogʻ — elementlarning atomlaridan biri elektron berib (yoʻqotib), musbat ionga aylanadi. Ikkinchi element atomi esa bu elektronni qabul qilib, manfiy ionga aylanadi; Soʻngra bu musbat va manfiy ionlar oʻzaro bog'lanib molekula hosil qiladi. Bunday molekulaning musbat va manfiy qutbi boʻlgani uchun u, geteropolyar yoki ion bogʻlanishli molekula deyiladi. Ion bogʻ xossalari bir-biridan katta farq qiladigan elementlar — asl metallar bilan metallmaslarning atomlari orasida (masalan: natriy xlorid NaCl yoki kalsiy ftorid CaF2 molekulasida) yuzaga keladi. Mendeleyev davriy sistemasining 1-guruh metallari 1 zaryadli (ion valentligi +1), 2-guruh metallari 2 zaryadli (ion valentligi +2) ionlar hosil qiladi. Galogenlar, davriy sistemaning 7-guruh elementlari elektron qabul qilib, manfiy zaryadlangan (ion valentligi -1) 1 valentli ionlar, kislorod va xossalari oʻnga oʻxshash elementlar esa 2 ta elektron qabul qilib manfiy zaryadlangan (ion valentligi -2) 2 valentli ionlar hosil qiladi.

Kimyoviy bogʻlarning yuqorida keltirilgan asosiy xillari orasida oraliq shakllari ham bor[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil