Berdi Kerboboyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Kerboboyev Berdi Murodovichdan yoʻnaltirildi)

Berdi Murodovich Kerboboyev [1894.3(15).3, Tajan tumani Qavqi Zarang qishlogʻi — 1974.5.3, Ashxobod] — Turkmaniston xalq yozuvchisi (1967), zamonaviy turkman adabiyoti asoschilaridan. Turkmaniston Fanlar akademiyasi akademik (1951). Buxorodagi madrasada tahsil olgan, Leningrad universiteti sharq fakultetida oʻqigan (1927-28). Ilk hajviy sheʼrlari 1925-yilda "Turkmaniston" gazeta va "Tokmak" ("Toʻqmoq") jurnalda bosilgan. Dastlabki dostonlari ("Yangi turmushga", 1928; "Amudaryo", 1931), hikoya va ocherklari ("Maral", 1937), qissalari ("Bayram", 1934; "Botir", 1935) va dramatik asarlari ("Hurliqo va Hamro", 1940 va b.) turkman adabiyoti taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatgan. "Qurbon Durdi" qissasi (1942), "Oylar" dostoni (1943), "Vatanga muhabbat" (1941), "Qardoshlar" (1943) kabi sahna asarlarida Ikkinchi jahon urushida bosqinchilarga qarshi kurash va turkman xalqining mamlakat ichkarisidagi mehnati aks etgan. "Dadil qadam" (1—3-kitoblar, 1940—55) da turkman xalqining oʻtmishi, hayoti, kurashi, ruhiy kechinmalari tasvirlangan. "Oysulton" qissasi (1949) turkman paxtakorlariga bagʻishlangan, "Nebitdogʻ" romani (1957) neftchilar faoliyati va hayoti haqida.

K. Navoiy, Hamza, Abdulla Qodiriy va b. ijodidan ilhomlangan. Oybek, Gʻafur Gʻulom va b.ning ayrim asarlarini turkmanchaga tarjima qilgan. K.ning deyarli barcha yirik asarlari oʻzbek tilida nashr qilingan. "Maxtumquli" dramasi (1943; Yashin tarjimasida) sahnalashtirilgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Dadil qadam (roman), T., 1951; Oysulton, (qissa),T., 1958; Nebitdogʻ (roman), T., 1963; Turkmaniston bahori (sheʼrlar), T., 1974.
  • Inogʻomov R., Adabiy qardoshlik taronalari, T., 1972; Qurbonboyev K., Oʻzbek—turkman adabiy aloqalari, T., 1974.