Junayd Bagʻdodiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Junayd Bagʻdodiy, Abulqosim Junayd ibn Muhammad ibn Junayd Xazzoz Qavoviriy (220–297 h.q./835, Bagʻdod–910 m.) – “Nasoyim ul-muhabbat”da tilga olingan tasavvuf shayxi. Bagʻdod tasavvuf maktabi asoschilaridan biri. Birinchilardan boʻlib tasavvufni fan darajasiga koʻtarib, soʻfiyona istilohlarga ilmiy tavsif bergan. Sariy Saqatiy, Muhammad bin Mansur Tusiy va Hasan bin Ali Musuhiydan taʼlim olgan. Oʻzining iqroriga koʻra Muhammad bin Ali Qassob asosiy ustozi sanaladi. “Nasoyim ul-muhabbat”da 80 ga yaqin tasavvuf shayxlari bilan suhbatda boʻlgani aytiladi. Shayx Shahobiddin Suhravardiy hirqa berish anʼanasi Junayd Bagʻdodiydan boshlangan, deydi. Junayd Bagʻdodiyning tariqatdagi taʼlimoti tavhid va maʼrifatga asoslangan. Shu sababli uni va izdoshlarini “tavhid ahli” deb ham atashgan. Boyazid Bistomiyning shathiyotiga sharh yozgan Junayd Bagʻdodiy sukrni rad etib, sahv haqidagi nazariyani ilgari surgan. Tasavvufni axloq ilmining bir boʻlagi va ruhiy tarbiya vositasi sifatida talqin qilgan Junayd Bagʻdodiy “Sayid ut-toifa” nomi bilan mashhur boʻlgan. Junayd Bagʻdodiyning soʻzlari va unga nisbat beriladigan arabiy sheʼrlar tasavvufiy manbalarda koʻp uchraydi. Qabri Bagʻdoddagi Shuniziya masjidi yonida, bugungi kunda ham tabarruk ziyoratgohlardan biri sanaladi[1][2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat. 
  2. Nasoyim ul-muhabbat.