Islom madaniyati markazi (London)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Islom madaniyati markazi 1944-yil noyabr oyida Londonda bevosita Qirol Jorj VI ning tashabbusi bilan ochilgan. Besh ming kishiga moʻljallangan London markaziy masjidi ham markazga biriktirilgan[1][2]. Markazning asosiy maqsadi islomning tinchlik, bagʻrikenglik va birdamlik dini sifatidagi asl mohiyatini targʻib qilishdan iborat boʻlib, markaz faoliyatining barcha jabhalari shu nuqtai nazardan kelib chiqadi. Markazda diniy ishlar boʻlimi mavjud boʻlib, u nafaqat kundalik ibodatlar bilan shugʻullanadi, balki aholiga diniy maslahat va fatvolar ham beradi. Shuningdek, markazda dinlararo muloqot va targʻibot boʻlimi ham mavjud boʻlib, u turli e’tiqoddagi jamoalar oʻrtasida muloqot olib boradi. Bunda markaz turli din vakillari oʻrtasida totuvlik va oʻzaro birdamlikni yoyishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, Markaz soʻnggi yillarda turli ma’ruzalar, tadbirlar va oʻquv kurslari orqali oʻz faoliyatini yanada kengaytirdi. Har yili Buyuk Britaniya va chet eldan 15 mingdan ortiq talaba Islom madaniyati markaziga ekskursiya va boshqa maqsadlarda tashrif buyuradi. Markazda barcha yoshdagi talabalar uchun arab tili, xattotlik, islom bilan tanishtiruv, dinshunoslik kabi ta’lim kurslari mavjud. Markazda musulmon oilalarning farzandlari uchun moʻljallangan maktab ham foliyat yuritadi. Maktabda arab tili, Qur’on va islom haqida umumiy bilimlar beriladi. Markaz islom haqida tushuncha hosil qilish, Muhammad (s.a.v.) ning hayotlari va u zotning ta’limotlarini tanitishga doir bir qator kitoblarni nashr qilish va tarqatish bilan ham shugʻullanadi. Hozirda markazda Qur’oni Karimning 43 ta tildagi tarjimasi mavjud. Yaqin orada 13 ta tilda “Bu islom” nomli kitobni nashr qilish ham moʻljallangan. Markaz tarafidan “Islamic Quarterly” jurnali chop etiladi. Markaz registratorlik xizmatlari, ya’ni nikoh, ajrashish, islomga kirganlik boʻyicha ma’lumotnoma va sertifikatlarni taqdim etadi. Dafn marosimlarini tashkil qiladi. Markaz faoliyati Vasiylik kengashi tomonidan idora etiladi. Vasiylik kengashi raisi – Shayx Favoz ibn Muhammad al-Xalifa. Markaz direktori – doktor Ahmad al-Dubayan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]