Inson terisi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Teri – inson tanasidagi eng katta organ boʻlib, tananing tashqi yuzasini qoplab turadi. Uning umumiy sathi 1,5 – 2 m² ga yetadi. Terining rangi odamlarning irqiga qarab har xil boʻladi. Bu teridagi melanin pigmentining miqdoriga bogʻliq. Teri hosilalariga sochlar, ter, yogʻ va sut bezlari hamda tirnoqlar kiradi.

Inson terisining anatomik tuzilishi

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Teri 3ta qavatdan tashkil topgan: epidermis, derma va gipoderma. Epidermis epitelial toʻqimadan, derma tolali biriktiruvchi toʻqimadan, gipoderma teri osti yogʻ kletchatkasidan iborat. Terining qalinligi turli joyda gipodermasiz 0,5 dan 5 mm gacha boʻladi. Qalin va yupqa teri farqlanadi. Kaft va tovon qalin teri bilan qoplangan, uning epidermisidagi muguz qavati oʻta qalin, derma qavati esa yupqa boʻlib, teri hosilalaridan ter bezlari uchraydi. Yupqa teri (tananing boshqa sohalarda) – muguz qavati yupqa boʻlgan epidermisdan iborat, derma nisbatan qalin, teri hosilalaridan soch ildizlari, ter va yogʻ bezlari tutadi. Terining koʻpchilik qismida epidermis asosan oʻsuvchi, donador va muguz qavatlardan tashkil topgan. Har bir qavat oʻz navbatida kaft va tovon terisi epidermisining tegishli qavatiga nisbatan ancha yupqa boʻladi. Baʼzi tashqi va ichki omillar taʼsirida, masalan, kuchli mexanik taʼsirlarda, A vitamin yetishmaganda va gidrokortizon taʼsirida muguzlanish jarayoni kuchayadi. Epidermis va dermaning chegarasi notekis boʻlib, biriktiruvchi toʻqima soʻrgʻichlar koʻrinishda epidermisga botib kirgan boʻladi. Yuqorida qayd etilganidek, derma soʻrgʻichlari teri sathida egatchalar bilan ajralgan doʻngliklar paydo qiladi. Epidermis dermadan glikozaminglikanlar va nozik argirofil tolalarga boy boʻlgan bazal membrana bilan ajralib turadi.

Epidermis[tahrir | manbasini tahrirlash]

Terining tashqi qavati boʻlib, koʻp qavatli yassi muguzlanuvchi epiteliydan iborat. Qalin terining epidermisida 5 qavatni ajratish mumkin: bazal qavat, tikanaksimon qavat, donador qavat, yaltiroq qavat, muguz qavat. Yupqa terida yaltiroq qavat uchramaydi. Epidermisning bazal va tikanaksimon qavatlari tarkibida 5 xil hujayralar farq qilinadi: keratinotsitlar (ularda takomillashish natijasida muguz modda - keratin hosil boʻladi), Langergans hujayralari, melanotsitlar, Merkel hujayralar va limfotsitlar.

Bazal qavat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bazal keratinotsitlar epidermis hujayralarining 85% tashkil etib, keratinizatsiya jarayonida bevosita qatnashuvchi hujayralari hisoblanadi. Ular prizmatik shaklga ega boʻlib, sitoplazmasi bazofil boʻyaladi, dumaloq yadrosi xromatinga boy. Hujayralarning nozik tuzilishida barcha organellalar qatori yadro atrofida va desmosoma sohasida joylashgan tonofibrillalar yaqqol koʻzga tashlanadi. Bazal qavatda koʻplab mitoz yoʻl bilan boʻlinayotgan hujayralar uchraydi. Epidermis hujayralarining doimiy yangilanib turishi (fiziologik regeneratsiya) asosan shu keratinotsitlar hisobiga boʻladi. Bu jarayon davomida keratinotsitlarda turli mexanik va kimyoviy taʼsirlarga chidamli maxsus oqsillar (keratolinin, fillagrin, involyukrin) sintezlanishi bilan bir qatorda keratin tonofilamentlari va keratinosomalar shakllanadi. Ularning yadro va organellalari parchalanib, hujayralararo boʻshliqlari lipid tabiatga boy maxsus sementlovchi modda bilan toʻladi. Shu sababli epidermis suvni oʻtkazmaslik xususiyatiga ega boʻladi. Keratinotsitlar asta-sekinlik bilan pastdan yuqoriga siljib, muguz tangachalariga aylanadi soʻngra ular yuza qavatdan tushib ketadi.

Melanotsitlar – melanin sintez qiladigan hujayralardir. Ular nerv toʻqimasidan takomillashadi. Kumush tuzi bilan boʻyalganda (impregnatsiya qilinganda) ularda bir qancha tarmoqlangan oʻsimtalar aniqlanadi. Qoʻshni hujayralar bilan desmosomalar hosil qilib tutashmaydi. Ularning sitoplazmasi tonofibrillalar tutmaydi, ammo koʻp ribosoma va melanosomalarga ega. Melanosomalar Golji kompleksida hosil boʻlib, oval shakldagi tuzilmalar hisoblanadi. Ular tashqi tomondan bir qavat membrana bilan oʻralgan boʻlib, ichida fibrillyar asosda yotuvchi zich melanin donachalari boʻladi. Melanin tirozinaza va DOFA-oksidaza fermentlari ishtirokida tirazin aminokislotasidan hosil boʻladi. Bazal epidermotsitlarda ham pigment donachalari boʻlishi mumkin, bu donachalar hujayralarga melanotsitlarning oʻsimtalari orqali oʻtib qolishidan yuzaga keladi. Oʻzi pigment ishlab chiqarmaydigan, lekin melanin tutuvchi bunday hujayralar melanoforlar deb ataladi. Melanin pigmenti UB-nurlarni ushlab qolib, ichki aʼzolarga zararli taʼsirdan himoya qiladi. Pigment sintezi ultrabinafsha nurlari, melanotropin taʼsirida kuchayadi. Ultrabinafsha nurlar bundan tashqari keratinotsitlarda vitamin D ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Glyukokortikoidlarning ajralib chiqishining buzilishi oʻz navbatida gipofizdan AKTG ajralishini koʻpaytiradi va natijada melanotsitlarning faoliyatini oshadi. Misol qilib, Addison kasalligini keltirish mumkin.

Merkel hujayralari (sezuvchi nerv oxiri) neyral tabiatga ega. Terining oʻta sezgir sohalarida (barmoqlar, burunning uchki qismi va boshq.) koʻp uchraydi. Ularning asosida afferent nerv tolalari kelib tugaydi. Merkel hujayralari va afferent nerv tolalari epidermisda taktil sezgilarni qabul qiladi. Sitoplazmasidagi sekretor donachalar bombezin, VIP, enkefalin, endorfin va boshka peptidlar tutadi. Shunga koʻra Merkel hujayralar dispers endokrin sistema (APUD-seriya)ga ham kiritilgan. Ushbu hujayralar epidermis hujayralarining regeneratsiyasida, qon tomirlarning tonusini va oʻtkazuvchanligi boshqarishda ishtirok etadilar.

Langergans hujayralari (epidermal makrofaglar) – oʻsimtali hujayralar boʻlib, suyak koʻmigidan kelib chiqqadi. Sitoplazmasida argentofil donachalar (Birbek donachalarini) saqlaydi. U donachalar tarkibida langerin moddasi boʻlib, u viruslarni bogʻlash va ularni degradatsiyaga uchrashini taʼminlash vazifasini bajaradi. Langergans hujayralari oʻz oʻsiqchalari bilan bir necha keratinotsitlarni oʻrab turadi va epidermal proliferativ birikmalar (EPB) ni hosil qiladi. EPB lar vertikal ustunlar shaklida boʻlib, butun epidermis qalinligida yotadi. EPB Langergans hujayralari, keratinotsitlarning va limfotsitlarning proliferatsiyasi va differensirovkasini boshqarib turuvchi interleykinlarni sintezlaydilar. Bu hujayralar epidermisdan derma va mahalliy limfa tugunlariga koʻchib, antigen haqida maʼlumotni u yerdagi limfotsitlariga olib boradilar va shuning asosida immun jarayonlar shakllanadi.

Epidermisdagi limfotsitlar T-limfotsitlar turiga kiradi. Ular dermadan oʻtib epidermisning bazal va tikanaksimon qavatlarda joylashadilar. Ularning proliferatsiyasini Langergans hujayralari tomonidan ishlab chiqarilgan interleykin-1 (IL-1) hamda keratinotsitlarda sintezlangan timozin va timopoetin boshqaradi. Shunday qilib, Langergans hujayralari va T-limfotsitlar terining immun-himoya jarayonlarini hosil qilishda muhim ahamiyatga ega.

Tikanaksimon qavat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Epidermisning ikkinchi – tikanaksimon hujayralar qavati bazal qavat hujayralari ustida joylashgan 5-10 qavat hujayralardan iborat. Ularning sitoplazmasida ribosomalar, mitoxondriyalar, lizosomalar bilan birga, lizosomalarning bir koʻrinishi boʻlgan keratinosomalar uchraydi. Membranalar bilan oʻralgan ushbu tuzilmalar tarkibida lipidlar (xolesterinsulfat, seramidlar va boshq.) va gidrolitik fermentlar boʻladi. Tikanaksimon hujayralar juda koʻp sitoplazmatik oʻsimtalarga ega boʻlib, shu oʻsimtalar orqali hujayralar bir-biri bilan desmosomalar hosil qilib bogʻlangan. Bu hujayralar sitoplazmasida tonofilamentlardan tonofibrillalar tutamlari shakllana boshlaydi, ular desmosomalarga tutashib ketadi. Tikanaksimon hujayralar qavatining quyi – bazal qavatga yaqin joylashgan qatlamlarida mitoz bilan boʻlinayotgan hujayralar uchraydi. Shuning uchun ham bazal va tikanaksimon hujayralar qavatlari epidermisning oʻsuvchi – Malpigi qavatini tashkil etadi. Oʻsuvchi qavat hisobiga epidermis hujayralarining 19-20 kun ichida almashinib turishi -fiziologik regeneratiyasi kuzatiladi.

Donador qavat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Donador hujayralar qavati 2-3 qavat, bir-biriga zich joylashgan duksimon hujayralardan iborat. Bu hujayralarda keratin, filaggrin, involyukrin va keratolinin kabi oqsillar sintezlanadi. Filaggrin keratin tonofilamentlarining agregatsiyasida ishtirok etadi. Langergans hujayralari taʼsirida keratinosoma va lizosomalarning gidrolitik fermentlari shu qavat hujayralarining yadro va organellalari yemiradi. Parchalanish mahsulotlari, yaʼni oqsillar, polisaxaridlar, lipidlar, aminokislotalar, sitoplazmaga chiqadi va fillagrin-tonofilamentlar kompleksiga bilan qoʻshiladi, natijada tarkibiga koʻra murakkab boʻlgan modda – keratogialin hosil boʻladi. Keratiogialin donachalari butun sitoplazmani toʻldirib, hujayraga donador koʻrinish beradi. Involyukrin va keratolinin plazmolemma ostida oqsil pardasini hosil qilib, keratinosoma va lizosomalarning gidrolitik fermentlari taʼsiridan himoya qiladi. Donador hujayralar sitoplazmasida keratogialin bilan tonofibrillalar kompleksining boʻlishi ushbu hujayralarda muguzlanish jarayonining boshlanganligidan dalolat beradi. Baʼzan bu oʻzgarish terining kuchli ishqalanishga uchraydigan juda kichik sohasida roʻy berishi mumkin(masalan, qadoqlar).

Yaltiroq qavat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yaltiroq qavat terining ayrim sohalarida (kaftda, tovonda) yaxshi koʻrinadi. Yassi shakldagi keratinotsitlardan tashkil topgan. Ularda yadro va organellalari toʻliq parchalangan boʻladi. Keratogialin donachalari oʻzaro qoʻshilib, kuchli nur sindirish xususiyatiga ega eleidin moddasiga aylanadi. Shuning uchun hujayralar chegarasi aniq bilinmaydi va bu qavat preparatda rangsiz yaltiroq tasma holida koʻrinadi. Hujayralar orasida desmosomalar deyarli yemirilgan boʻlsada, ular oʻrniga hujayralar orasida lipidlarga boy sementlovchi modda miqdori koʻpayadi. Oʻz navbatida eleidin muguz modda – keratin hosil boʻlishida bir bosqich hisoblanadi.

Muguz qavat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Epidermisning tashqi muhit bilan bevosita aloqada boʻlgan eng yuza qavati muguz qavat boʻlib, uning qalinligi terining turli sohalarida har xil boʻladi. Kaft, tovon terilarida bu qavat qalin boʻlsa, tananing yon sathida, ayniqsa qovoqlar va erkaklar tashqi jinsiy aʼzolari terilarida anchagina yupqadir. Bu qavat yadrosiz, bir necha oʻn qavat muguz tangachalardan tashkil topgan. Bu tangachalar muguz modda (keratin) va havo pufakchalari tutadi. Keratin oltingugurtga boy, kislota va ishqorlar taʼsiriga chidamli oqsil moddasi hisoblanadi. Muguz tangachalari bir-biriga zich va mahkam birikib turadi. Terining tashqi yuzasidagina ular zich joylashmay, bir-biridan ajralib ayrim muguz tangachalar holida turadi. Terining ustki sathidagi muguz tangachalar fiziologik tarzda koʻchib tushib turadi va terining tushib turuvchi qavatini hosil qiladi. Muguz tangachalarining tushib ketishi jarayonida keratinosomalar muhim rol oʻynaydi. Ular hujayralardan chiqib, hujayralararo boʻshliqda toʻplanadi. Buning natijasida desmosomalarning erishi (lizisi) va muguz tangachalarining bir-biridan ajrashi kuzatiladi. Muguz qavatining ahamiyati shundaki, u oʻzidan issiqlikni yomon oʻtkazadi va katta elastiklik xususiyatiga ega. Keratinotsitlarning proliferatsiya va differensialanish jarayonlari nerv va endokrin tizimlar (buyrak usti bezi va hk.) hamda epidermis hujayralarining oʻzidan hosil boʻlgan moddalar (keylonlar, prostaglandinlar, epiteliyning oʻsish faktori) tomonidan boshqariladi. Ushbu jarayonlarning buzilishi natijasida keratinotsitlarning proliferatsiya va differensialanishining oʻzgarishiga sabab boʻladi. Bu oʻz navbatida turli teri kasalliklari (psoriaz va boshq.) rivojlanishiga olib keladi.

Derma[tahrir | manbasini tahrirlash]

Derma (xususiy teri, asl teri) oʻz navbatida bir-biridan aniq ajralmagan qavatlar: soʻrgʻichli qavat va toʻr qavatlarga boʻlinadi.

Soʻrgʻichli qavat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻrgʻichli qavat bevosita epidermis ostida joylashib, siyrak tolali shakllanmagan biriktiruvchi toʻqimadan tashkil topgan. Shu biriktiruvchi toʻqima epidermisga botib kirib, soʻrgʻichlar hosil qiladi. Soʻrgʻichlar shakli va kattaligi terining turli zonalarida har xil boʻladi. Kaftda va tovonda bu soʻrgʻichlar yaxshi rivojlangan. Epidermis yupqa boʻlgan joylarda esa soʻrgʻichlar ancha kalta boʻladi. Yuz terisida soʻrgʻichlar sust rivojlanib, yosh ulgʻayishi bilan yoʻqolib ketishi ham mumkin. Terining soʻrgʻichli qavati barmoqlar terisi sathida har bir shaxsga xos boʻlgan individual koʻrinishlarni belgilab beradi. Terining bu koʻrinishi har bir odamning oʻziga xos boʻlganligidan sud tibbiyotida va kriminalistika amaliyotida barmoq izlariga qarab shaxsni aniqlashda – daktiloskopiyada keng qoʻllaniladi.

Soʻrgʻichli qavat toʻqimasida kollagen, elastik va retikulin tolalar bilan birga fibroblast, makrofag, melanofor, plazmatik va semiz hujayralar mavjuddir. Bu yerda mushak hujayralarining alohida tutamlari uchraydi. Bu mushaklarning ayrimlari sochni koʻtaruvchi mushak boʻlib, ular soch ildizi bilan uzviy bogʻliqdir. Dermaning soʻrgʻich qavatida qon, limfa tomirlari, nerv tolalari va erkin, hamda kapsulali nerv oxirlari koʻp uchraydi. Soʻrgʻichli qavat qon tomirlari hisobiga terining epidermis qismi oziqlanadi. Soʻrgʻichli qavatda oʻsimtalari koʻp, sitoplazmasida va oʻsimtalarida melanin pigmentini tutuvchi melanofor hujayralar joylashadi. Melanofor hujayralar epidermis melanotsitidan farqlanib, DOFA-oksidaza reaksiyasini bermaydi va melaninni sintez qilmaydi. Melanoforga pigment epidermis melanotsitlaridan kiradi deb taxmin qilinadi. Melanofor hujayralar terining ayrim joylarida, ayniqsa, anal teshik atrofidagi terida, sut bezi soʻrgʻichlari sohasida ayniqsa koʻp boʻladi. Homilador ayollarda ichki – gormonal holatlar taʼsirida ham terining ayrim joylarida (yuz, tashqi jinsiy aʼzolar sohasida) pigment koʻpayadi. Pigment almashinuvi ichki sekretiya bezlari faoliyatiga, ultrabinafsha va radiatsiya nurlari, baʼzi kimyoviy moddalar va vitaminlar (A, PP va ayniqsa vitamin C) taʼsiriga bogʻliq.

Toʻr qavat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dermaning toʻr qavati zich tolali shakllanmagan biriktiruvchi toʻqimadan iborat boʻlib, elastik tolalar va dagʻal kollagen tolalari tutamlaridan iborat. Bu kollagen tolalar tutamlari teri sathiga parallel hamda qiyshiq yoʻnalib, oʻzaro chigallar hosil qiladi. Retikulin tolalar faqatgina qon tomirlar va ter bezlari atrofidagina joylashadi. Toʻr qavatda hujayra elementlaridan asosan fibroblastlar boʻlib, qon tomirlari sohalaridagina makrofaglar limfotsitlar va leykotsitlar joylashadi. Toʻr qavatda soch ildizlari, yogʻ bezlari, teri osti yogʻ qatlami bilan chegaradosh qismida esa ter bezlari joylashadi. Terining toʻr qavati juda pishiq boʻlgani uchun hayvonlar terisidan turli xil anjomlar va kiyim-kechaklar ishlanadi.

Gipoderma[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gipoderma (teri osti yogʻ klechatkasi) derma qavati ostida yotadi. Yogʻ kletchatkasi yogʻ hujayralari toʻplamlaridan iborat boʻlib, ular derma toʻr qavatidan davom etgan va teri fassiyasini hosil qiluvchi kollagen tolalarning yirik tutamlari bilan oʻraladi. Yogʻ hujayralari toʻplamlari orasida qon tomirlari, nerv tolalari va kapsulali nerv oxirlari (Vater-Pachini va Ruffini tanachalari, Krauze kolbalari) uchraydi. Teri osti yogʻ klechatkasi qorin sohalarida kuchli taraqqiy etgan. Ayrim joylarda bu qavatning qalinligi bir necha santimetrga yetadi. Teri osti yogʻ klechatkasi terining yumshoq qatlami boʻlib, yogʻ deposi hisoblanadi, teri haroratini bir xil saqlashda, teriga boʻladigan mexanik taʼsirlarni yumshatishda ham muhim rol oʻynaydi. Teri osti yogʻ klechatkasi teri fassiyasi ustida yotadi.

Vazifalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Teri quyidagi vazifalarni bajaradi:

  1. Himoya: teri oʻzining ostida joylashgan aʼzo va toʻqimalarni tashqi muhitniig fizik va ximik omillari taʼsiridan saqlaydi; jarohatlanmagan teri oʻzidan turli mikroblarni, koʻpchilik zaharli va zararli moddalarni oʻtkazmaydi; terining epidermis qismi, ayniqsa uning muguz qavati, issiqlikni yomon oʻtkazadi, va shu sababli, terini qurib qolishdan asraydi; teridagi melanin pigmenti quyosh nurlariniig organizmga salbiy taʼsirini kamaytiradi.
  2. Zaxira: terida qon tomirlarning koʻpligi sababli u maʼlum darajada qon deposi boʻlib hisoblanadi, katta odamlar terisida 1 litrgacha qon toʻplanib turishi mumkin. Shuningdek, gipoderma yogʻ va suv deposi hisoblanadi.
  3. Sezish: teri taktil, harorat va ogʻriqni sezuvchi nerv oxirlariga boy boʻlib, keng retseptor maydon hisoblanadi. Baʼzi joylarda, masalan bosh va panja terisining 1 sm2 yuzasida 300 tagacha sezuvchi nuqtalar borligi aniqlangan.
  4. Sintezlash: ultrabinafsha nurlari taʼsirida terida vitamin D sintezlanadi, uning yetishmasligi raxit kasalligiga olib keladi.
  5. Sekretsiya: terining sekretor faoliyati undagi ter va yogʻ bezlari orqali amalga oshadi.
  6. Ekskretsiya: teri tuz-suv va issiqlik almashinuvida ishtirok etadi, kuniga teri orqali 500 ml gacha suv ajraladi; suv bilan birga har xil tuzlar, koʻproq xloridlar hamda sut kislotasi va boshqalar chiqariladi. Baʼzi dorilar va zaharli moddalar yogʻ va ter bezlari mahsuloti bilan chiqarib yuboriladi; terning tarkibi koʻpincha organizm holati bilan uzviy bogʻlangan boʻladi. Buyrak kasalliklarida terda siydik kislotalari, mochevina miqdori ortsa, qandli diabetda uning tarkibida qand paydo boʻladi.
  7. Absorbsiya: teri oʻzidan ayrim moddalar masalan, yogʻda eruvchi moddalar, efir, etil spirt va boshqalarni yaxshi oʻtkazadi, shuning uchun ham tibbiyotda teridan oʻta oladigan moddalardan tayyorlangan moysimon dorilar ishlatiladi.
  8. Termoregulyatsiya: tanadan 82% issiqlik teri orqali ajratiladi, tana oʻz issiqligining maʼlum qismini ter ajratish orqali ham yoʻqotadi [1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. To'xtayev, Q.R.. Gistologiya, 2018.