Insektitsidlar
Insektitsidlar (lot. insectum qasharot va caedo — oʻldiraman) — zararkunanda hasharotlarni yoʻqotish uchun ishlatiladigan kimyoviy moddalar. I. yordamida zararkunanda, shuningdek, yuqumli kasalliklar tarqatuvchi hasharotlarga qarshi kurash olib boriladi. Sirtdan (hasharot tashqi qop-lami orqali singadi), nafas olish yoʻllari orqali, ichdan (ozuqa bilan birga oshqozon ichak aʼzolariga kiradi), singib taʼsir qiluvchi (oʻsimlik toʻqi-malariga ildiz va bargdan singuvchi) turlari bor. Koʻpgina I. ham sirtdan, ham ichdan taʼsir etish xususiyatiga ega. Ichdan taʼsir qiluvchi I. zararkunandalarning yegan ovqati bilan oshqozonga tushib, ularni oʻldiradi; nafas yoʻllari orqali taʼsir qiluvchi I. hasharot tanasiga nafas yoʻlidan, sirtdan (teri orqali) taʼsir qiluvchi I. esa terisidan kiradi. Baʼzi I. oʻsimlikka ildizi va bargi orqali kirib, uning shirasini hasharot uchun zaharli qilib qoʻyadi.
Kimyoviy tarkibiga koʻra anorganik va organik I.ga boʻlinadi. Anorganik I.ga turli xil metall birikmalari, shu jumladan keng ishlatiladigan oltingugurt preparatlari misol boʻladi. I.ning katta guruhini yuqori fiziologik faollikka ega boʻlgan organik birikmalar tashkil etadi. U xlororganik, fosfororganik, kar-bamatli birikmalarga boʻlinadi. I. hoʻllanuvchi kukun (suvli suspenziya qilib purkash uchun), dust (ekinlariga changitish, urugʻni upalash uchun), emulsiya konsentratlari yoki emul-siyalanuvchi konsentrat (suvda suyultirib emulsiya holida purkash uchun), maxsus (oʻta kichik hajmda purkash uchun preparatlar, pasta, tutun shashkalari, aerozollar, fumigatsiya uchun va b.) hamda donadorlangan preparatlar (tuproqqa urugʻ bilan birga yoki nihol paydo boʻlgandan soʻng solish uchun) holida ishlab chiqariladi. I. taʼsir kuchi bir necha kundan bir necha yilgacha davom etishi mumkin. Ularning taʼsir kuchi darajasi koʻpgina omillarga, birinchi navbatda, birikmaning kimyoviy tarkibiga bogʻliq. Masalan, tarkibida margimush, simob boʻlgan, shuningdek, xlororganik preparatlar strukturasi juda barqarorligi bilan ajralib turadi. Koʻpgina fosfororganik I. yorugʻlik, namlik va muhitning biologik omillari taʼsirida tez parchalanadi, shuning uchun ham bu preparatlar oʻsimliklar uchun xavfsizdir. Odam va is-siqqonli hayvonlarga taʼsiri jihatidan ham I. bir-biridan keskin farq qiladi. I.ning zaharlilik darajasi oʻrtacha oʻlim dozasini (yaʼni sinovdagi hayvonlarning 50% nobud boʻlishi-ni) koʻrsatadigan OʻD50 belgisi bilan ifodalanadi. Qabul qilingan tasnif boʻyicha preparatlarning zaharlilik darajasi (sinovdagi hayvonlarga ichdan taʼsir etganda) quyidagicha guruhlanadi: oʻta zaharli (OʻD50—50 mg/kg gacha), zahari kuchli (OʻD50—50–200 mg/ kg), oʻrtacha zaharli (OʻD50—200–1000 mg/kg), zahari kuchsiz (OʻD50—1000 mg/ kg dan yuqori).
Dehqonchilikda I.dan ekinlarni zararkunandalarni himoya qilishda keng foydalaniladi. Insektitsid preparatlarning taʼsir etuvchi moddasi tarzida foydalaniladigan kimyoviy moddalarning soni (jahon miqyosida) 300 dan ortiq, ularning preparat shakllari 5 mingga yaqin. K,, x. zararkunandalari — hasharotlarga qarshi kurash muammolarining jadal oʻrganilishi hamda samarasi yuqori va issiqqonli hayvonlar uchun xavfi kamroq yangi preparat va birikmalarning kashf etilishi tufayli I.ning turxili doimo yangilanib bormoqda. Hoz. sharo-itlarda mishyak va ftorli noorganik I. qoʻllanilmaydi. Rivojlangan mamlakatlarda, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham ilgari ishlatib kelingan DDT va bir qancha xlororganik (polidofen, anabazin va nikotin sulfat kabi zahari kuchli) I.ni endilikda qishloq xoʻjaligida qoʻllash taqiqlangan. Ular oʻrniga zahari kuchsiz va oʻrtacha zaharli I. tav-siya etilgan, jumladan, fosfororganik birikmalarni qoʻllash tobora kengaymoqda. Keyingi yillarda qishloq xoʻjaligida sarf meʼyori oz (1 ga maydonga 25—200 g) va zahari nisbatan kuchsiz boʻlgan sintetik piretroidlarlan koʻproqfoydalanilmoqda. Oʻzbekistonda 90-y.larning 2-yarmidan boshlab Gʻarbiy Yevro-padagi kimyo konsernlarida ("Sibo Geyga", "Bayer" va b.) ishlab chiqarilgan I. koʻproqqoʻllaniladi. Oʻzbekistonda ularning vakolatxonalari ochilgan.
I.larning suv havzalariga tushishini, asalari va b. foydali hasharotlarning zaharlanishi, hayvon va oʻsimlik mahsulotlarida toʻplanishi va b. zararli taʼsirining oldini olish uchun ularni saqlash, qoʻllash, tashish qoidalariga qatʼiy amal qilish kerak (yana q. Pestitsidlar).
Sulton Alimuhamedov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |