In Va Yan

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

In va Yan - qadimgi Xitoy falsafasi talqiniga ko‘ra, borliqning ibtidosini ifodalovchi tushuncha bo‘lib, uning mazmuni bo‘yicha dunyoning ilk bosqichi ikki qarama-qarshi kuchning ajralishidan iborat. Mazkur qarama-qarshi kuch esa yorug‘lik va qorong‘ulik tarzida ko‘rsatilgan.
“I Szin” (“O'zgarishlar kitobi”)da kelishicha, “In va yan” tushunchasi orqali nur va qorong‘ulik, qattiq va yumshoq jismlari fodalangan. Xitoy falsafasi rivojlanishi jarayonida ushbu tushuncha olamdagi qarama-qarshi nomlarning o‘zaro ta’siri ramzi bo‘lib xizmat qilgan: yorug‘lik va zulmat, kun va tun, quyosh va oy, osmon va zamin, issiq va sovuq, musbat va manfiy, juft va toq. Neo-konfusiylikning qayta ishlangan e’tiqodiy qarashlari, ayniqsa, “li” ta’limoti (mutlaqhaqiqat)da “in va yan”ning mavhum ma’nosi yanada oydinlashdi. Borliqni harakatlantiruvchi asosiy qudrat sifatida qaraladigan va tabiatdagi doimiy o‘zgarishlar bosh sababchisi o‘laroq ko‘riladigan “In va yan”ning musbat va manfiy kuchlari o‘zaro ta’siri haqidagi konsepsiya Xitoy falsafasining ko‘plab dialektik qarashlari asosiy mazmunini tashkil etadi. “In va yan”ning dualistik kuchi to‘g‘risidagi ta’limot - xitoy falsafasidagi dialektik tuzilmaning ajralmas elementi sanalgan. Miloddan avvalgi V-III asrlarda mazkur ta’limot mazmunini ifodalagan “in yan szya” nomli qadimgi Xitoy falsafa maktabi faoliyat ko‘rsatgan. Shuningdek, “in va yan” ta’limoti Xitoyda tibbiyot, kimyo, musiqa va boshqa sohalarni rivojlantirish uchun nazariy asos bo‘lib xizmat qilgan.
Bir necha ming yillar avval Xitoyda kashf etilgan ushbu tamoyil dastlab dunyodagi hodisalarga materialistik tus berishga asoslangan edi. Biroq u qayta ishlanib rivojlangani sari metafizik (g‘aybiy) xarakter kasb eta boshladi. Ayni paytda, yapon falsafasida uning materialistik mohiyati ustun ekanligi to'g'risidagi qarash saqlanib qolgan, shu jihatdan, xitoy va yapon xalqining “in va yan” g‘oyasiga nisbatan tushunchalar tubdan farq qiladi. Yaponiyada yangi diniy harakat sifatida yuzaga kelgan “oomoto-kyo”da esa ushbu tamoyil Idzu (yo - olov ilohi) va Midzu (in - suv ilohi) ma’budlari o‘laroq talqin qilingan.
Qadimgi Xitoy falsafasiga ko‘ra, yaxlit azaliy materiya “tayszi” yagona va bo‘linmas - in va yan nomli ikki qarama-qarshi substansiyani keltirib chiqargan. Diniy e’tiqod jihatidan, “in” (qora) dastlab tog‘ning soya qismini, keyinroq ayol, shimol, qorungulik, o‘lim, yer, oy, juft sonlar va salbiy tushunchalarni ifodalagan. Yan esa tog‘ning yorug‘ (janub) tomoni, erkak, hayot, osmon, quyosh, toq sonlar va ijobiy tushunchalarni anglatgan.
Bu tushuncha fundamental asos sifatida daosizmda qabul qilinib, “dao” tabiatini tushuntiruvchi ikki jihatga aylandi. Birinchisi, barcha narsalar muntazam o‘zgarib turadi. Ikkinchisi, qarama-qarshiliklar aslida bir-birini to‘ldiradi (qora bo‘lmas oqni ajratish mushkul bo‘lgani kabi). Shu nuqtai nazardan, insoniyat mavjudligining mohiyati mazkur qarama-qarshiliklar o‘rtasida muvozanat va uyg‘unlikni ta’minlashdir. Buni tushunish uchun quyidagini anglash lozimki, dunyoda “xotima” degan kategoriya nisbiy xarakterga ega bo‘lib, yakunlangan bo‘lib ko‘ringan narsa aslida o‘z shaklini o‘zgartirgan holda davom etayotgan bo‘ladi.
In va yan konsepsiyasidagi o‘zaro ta’sir va kurash dastlab besh elementdan kelib chiqqan: “u-sin” - suv, olov, yog‘och, metall va tuproq. Ulardan esa moddiy dunyoning qolgan elementlari, jumladan inson - “van u” (o‘n ming narsa) yuzaga kelgan. Qolaversa, mazkur besh element muntazam harakat va o‘zaro uyg‘unlikka ega: suv - daraxt, yog‘och - olov, kul - zamin, tuproq - metall, metall - suv yoki bo‘lmasa, ular o‘zaro aksi ta’sir ko‘rsatadi: suv olovni o‘chiradi, olov metalni eritadi, metall (bolta va boshqa asbob-uskuna shaklida) daraxtni kesadi, daraxt zaminni yorib chiqadi, tuproq esa suv yo‘lini to‘sadi.
Shu o‘rinda aytish mumkinki, “in va yan’” falsafasi nafaqat qadimgi xitoy xalqi dunyoqarashini shakllantirdi, balki an’anaviy xitoy tibbiyoti uchun nazariy asos yaratdi. Xitoy tibbiyoti tomonidan inson va tabiatni mujassamlashtiruvchi borliq hodisalari yaxlit haqiqatning turli qirralarini ifodalaydigan in va yanning ikki boshlang‘ich nuqtasi sifatida talqin qilinadi. Xitoy tibbiyotida “in va yan” tushunchasi qo‘llanilishiga oddiy misol, bu - yangi tug‘gan ayolga nisbatan cheklovlar tizimini qo‘llanishi hisoblanadi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 223.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.