Ideon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ideon — bu birinchi shved texnoparki boʻlib, 1983-yilda Lundda asos solingan.               

17-asrdan buyon oliy taʼlimning anʼanaviy markazi hisoblangan Ideon bilan Lund shahridagi oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatilgan. 2001-yilda texnoparkda 170 ga yaqin firma faoliyatini olib borgan, ularga 2000 nafar xodim jalb qilingan. Lundda 120 000 talabani qamrab olgan 15 ta universitet faoliyat yuritadi.

Ideonda kompaniyalar faoliyati uchun mukammal sharoitlar yaratilgan — bu yerda banklar, konferens-zallar, yotoqxonalar, uzluksiz  telekommunikatsiya xizmati va eng muhimi yosh istiqbolli kadrlar mavjud.

Hozirda laboratoriyalarning umumiy maydoni taxminan 100 ming m2 ni tashkil qiladi. Asosiy faoliyat yoʻnalishlari biotexnologiya, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va elektronikadir. Birgina Lund Texnologiya Institutining oʻzi texnoparkda (Eriksson va boshqalar koʻmagida) maxsus chiplar va ularni yaratish texnologiyalarini ishlab chiqadigan bir qator innovatsion kompaniyalarni tashkil etdi. Shuning uchun Ideon texnoparki Shvetsiya Kremniy vodiysi deb ham ataladi.

Ideon biznes markazi innovatsion firmalarga huquqiy maslahatlar, marketing yordami beradi, biznes-reja ishlab chiqish, moliyalashtirish manbalari va investorlarni izlashda koʻmakdoshdir.

Texnoparkda Lund universiteti tomonidan Shvetsiyaning IKANO va Teknopol investitsiya kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Ideon Greenhouse inkubatori mavjud.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]