Gullar festivali

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gullar Festivali

Gullar festivali — Namangan shahrida har yili oʻtkaziladigan gulchilikka asoslangan festival.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Namangan shahrida ilk bor gul koʻrgazmasi 1961-yilning 24-27-avgust kunlari tashkil etilib, u bayram sifatida anʼanaga aylandi. Keyingi uch yil ichida bogʻ, gulchilik, gullar festivali misli koʻrilmagan darajaga koʻtarildi. Hatto, turnaqator gullar karvoni tashkil etildi. XIX asrda ushbu xiyobon(Bobur bogʻi) oʻrnida „Gulzor“ nomli mahallasi mavjud boʻlgan. Bu yerda aholi gullar yetishtirish, gulli ichimliklar, nektarlar, gullardan turli xil shirinliklar va ziravorlar hamda guldan asal ishlab chiqarish bilan shugʻullangan. Baʼzi gul turlarining barglaridan va ildizlaridan shifobaxsh damlamalar tayyorlangan. Gul ishlab chiqaruvchilar mahallasining shuhrati Qoʻqon xoni Xudoyorxonga yetib bordi va u bu yerda madrasa qurishga qaror qildi. Aholini shaharning boshqa qismlariga koʻchirib, binolar qurilishi boshlanadi. Har yili oʻtkaziladigan tantanalarda ham gul ishlab chiqaruvchilarning ishtirokchilari, ham goʻzallikning muxlislari tobora koʻpaya bora boshladi. Bayram tantanalari may oyining oxirida, gullar eng chiroyli koʻrinishda boʻlganda va gul ishlab chiqaruvchilar oʻz sanʼatlarining barcha zavqlarini namoyish etishlari mumkin boʻlgan paytda oʻtkazish anʼanaga aylandi. 2018-yildan boshlab „Gullar bayrami“ „Gullar festivali“ deb oʻzgartirildi va Xalqaro maqomga ega boʻldi. Chunki unda nafaqat Oʻzbekiston, balki qoʻshni mamlakatlarning gul ishlab chiqaruvchilari ham ishtirok eta boshladi.[1]

Tashkil etilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Namangan shahrining qutlugʻ ayyomida turli xil gullar koʻrgazmasi, unga monand madaniy tadbirlar tashkil etiladi. Usta gulkorlar, korxona, tashkilot va muassasalarning havaskor bogʻbonlari gullar koʻrgazmasida 100 dan ortiq kompozitsiyali koʻrinishlar barpo qiladi. Bundan tashqari anjumanda xorijiy davlatlar, shuningdek viloyatlardan kelgan gulsevarlar ham oʻz mahsulotlarini namoyish etadi. Bayram dasturidan qator koʻngilochar tadbirlar ham oʻrin oladi. Jumladan, festival doirasida Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida hunarmandchilik buyumlari, kitoblar, fotosuratlar, milliy liboslar namoyishi boʻlib oʻtadi. Bundan tashqari ona yurt, tabiat manzaralarini aks ettirgan suratlar koʻrgazmasi tashkil etiladi. Festival yakunida bayramda faol ishtirok etgan va hakamlar hay’atining eng koʻp ovozini toʻplagan gulchilar hamda tashkilotlar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi. Xalqaro gullar festivali Namangan shahrining markaziy koʻchalarini kezadigan va turfa gullar bilan bezatiladigan 200 dan ortiq avtomobildan iborat avtokarvon bilan boshlanadi. Shundan soʻng Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻida tadbirning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtadi.[2]

60-Xalqaro gullar festivali[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tungi ko'rinishi

60 yillik gul bayramiga Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Niderlandiya va qoʻshni davlatlar, Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmanistondan xorijiy mehmonlar taklif etilgan. Tadbirda 150 nafar gulchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar, shuningdek, 300 dan ortiq havaskor gulchilar ishtirok etib, festival tarixida ilk bor 10 million tup gul koʻchatlari ekilgan.

61-Xalqaro gullar festivali[tahrir | manbasini tahrirlash]

Festival tadbiridan
Festival tadbiridan

2022-yil tashkil etilgan Gullar festivali 15 kun davomida oʻtkazilgan. Shu vaqtgacha ushbu festival yetti kun mobaynida davom etgan. Mazkur xalqaro festivalda viloyatlaridan kelgan 250 nafar usta gulchilar hamda 22 ta xorijiy davlatdan tashrif buyurgan mohir gulchi mutaxassislar, landshaft dizaynerlari gulchilik borasidagi mahoratini namoyish etgan. Xalqaro gullar festivaliga tayyorgarlik koʻrish doirasida Namangan shahridagi 16 gektarlik Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bogʻda 8 gektar maydonga gul ekilgan. Yigirma kun davomida jami 1500 nafar hasharchilar 30 turdagi 16 million gullarni ekib chiqishgan. Festivalda 300 turdagi gullar namoyish etilgan. Bayram tantanalari yakunida korxona-tashkilotlar va gulchilar 12 ta nominatsiya boʻyicha taqdirlangan.

Eʼtirof[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-avgustda „Respublika hududlarida gulchilik va koʻchatchilikni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida“gi farmoni eʼlon qilindi. Farmon bilan Oʻzbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda har yili aprel-may oylarida Xalqaro gullar bayramini oʻtkazish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.[3]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. https://namangan.uz/uz/yangiliklar-2/2556-namangan-shahrida-bo-lib-o-tadigan-60-xalqaro-gullar-festivali
  2. https://uzreport.news/society/namangan-shahrida-o-tkazilayotgan-gullar-paradi-boshlandi
  3. https://uzbekistan.travel/uz/o/may-oyi-oxirida-namanganda-ananaviy-gular-festivali-bolib-otadi/