Georg Vilgelm Fridrix Gegel

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Georg Vilgelm Fridrix Gegel (1770-1831 yy.) nemis mumtoz falsafasining yirik namoyandasi.

Asarlari:[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Ruh fenomenologiyasi“, „Mantiq ilmi“, „Huquq falsafasi“, „Falsafiy fanlar qomusi“ va boshqalar.

Falsafiy taʼlimoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Agar Kant haqiqiy bilim bilan mifologiyani, sanʼatdagi bilimlarni qarama-qarshi qo‘ygan boʻlsa, Gegel ular o‘rtasidagi farqni mutlaqlashtirishga qarshi chiqdi. Bu zidlik tarixiy taraqqiyotning turli bosqichlari bilan bog‘liqligini ko‘rsatdi. Uning fikricha, bilimlar butun insoniyat tarixi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu falsafada fan ilmiy yoki noilmiyga ajratilmaydi, ularning hammasi ilmiy nuqtayi nazardan o‘rganiladi. Agar Kantda haqiqat yoki xato fikrlar to‘g‘risida gap borsa, Gegelda haqiqatning nisbiyligi, o‘z davri uchun haqiqatligi g‘oyasi maydonga tashlanadi. Gegel haqiqatni tarixiy taraqqiyot va ijtimoiy hayot bilan bog‘laydi. Kant bilishni empirik va nazariy bilimlarga ajratsa, Gegel tarixning o‘zi faktlardan (tarixiylik) va mantiqiylikdan iborat ekanligini ko‘rsatadi. Shunday qilib, Kant insonni gnoseologik nuqtayi nazardan o‘rgangan boʻlsa, Gegel tafakkur taraqqiyotini ontologik (borliq) nuqtayi nazardan oʻrganadi. Butun madaniy-tarixiy jarayonni inson faoliyatining turli shakllarining namoyon boʻlishi asosida qaradi. Natijada inson moddiy va maʼnaviy madaniyatning yaratuvchisi sifatida namoyon boʻladi. Bu esa XIX-XX asrlarda gumanitar fanlarda turli sohalarning shakllanishiga olib keladi. XIX-XX asr insoniyatning umumiy (fuqarolik) tarixi asri boʻlib qoldi. Natijada turli sohalarning tarixi paydo boʻldi. Bularning hammasi madaniyat haqidagi fanlar deb ataldi. Endi Gegelning dialektik uslubini ko‘rib chiqamiz. Agar Shelling intellektual (aqliy) intuitsiyani falsafiy tushunishning oliy shakli deb bilgan boʻlsa, Gegel ratsional bilishga falsafiy fikrlashning asosi sifatida qaradi. Mutafakkir fikricha, uning asosiy vositasi mantiqiy tafakkur, asosiy shakli esa tushunchadir. Biroq bu aqliy bilish rivojlanishini, shakllanish jarayonini qayta fikrlash kerak, deydi Gegel sof tushunchaning mavjud bo‘lishini uning subyektiv mavjudligidan farqlaydi, uning narsalar bilan mosligi haqida gapiradi. Demak, tushuncha dastlab qarama-qarshiliklarga aylanganligi va farqli asosida o‘z-o‘zicha rivojlanar ekan, u dialektika asosida boradi. Bu rivojlanish asosida qarama-qarshiliklarning birligi va kurashi yotadi. Tafakkurning bu qonuni taraqqiyotning barcha sohalariga: tabiatga ham, jamiyatga ham tegishlidir.

Taraqqiyotga oid qarashlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Taraqqiyot, Gegel fikricha, maʼlum sxema asosida boradi: tezis (daʼvo), antitezis (inkor), sintez (inkomi inkor).Gegel o‘zining sistemasini „Ruh fenomenologiyasi“ (1806- yil) asarida beradi. Unda individual ong muammosi to‘g‘risida fikr yuritar ekan, obyekt bilan subyektning qarama-qarshiligini yengish asosidagi taraqqiyot ong taraqqiyotidan iborat ekanligini yozadi. Bu taraqqiyot pastdan yuqoriga bosqichma-bosqich boradi. Individual ong, butun taraqqiyot bosqichi, uning yo‘llari, ana shu asosda o‘z tarixini bosib o‘tadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻarb falsafasi tarixi. Toshkent 2018