Kontent qismiga oʻtish

Geopolitika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Geopolitika — ushbu soʻz uzoq tarixda ishlatilmagan boʻlsada, u amalda doim mavjud boʻlib kelgan. Davlat tizimi hosil boʻlishi geopolitikani tugʻilishi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Qadim-qadim zamonlardanoq insonlar uchun makon masalasi vaqt masalasidan koʻra muhimroq boʻlgan. Chunki kishilar vaqtni boshqara olmasligini juda erta tushunib yetishgan. Makon esa ularning kundalik hayoti uchun zarur boʻlgan. Tarixchilar qadimgi odamlarning sayohatlari haqida koʻp izlanishlar olib borishgan. Shu kunga qadar maʼlum boʻlishicha, qadimgi odamlar oʻzlari bilmagan holatda geografik ekspeditsiyalar uyushtirishgan, dunyoda aholini tarqalishiga sabab boʻlishgan. Insondagi begona hududga boʻlgan qiziqish uni dunyo boʻylab tarqalishiga olib kelgan, oʻz navbatida har bir odam borgan hududining iqlimi, geografiyasi va landshaftini yashab ketish uchun oʻrgana borgan. Aynan geografik xilma-xillik dunyoda turlicha jamiyatlar, davlatlar va dunyoqarashlarni keltirib chiqargan. Dastlabki geopolitik nazariyalardan biri qadimgi Yunoniston va Rimda vujudga kelgan. Uni zamonaviy olimlar „Iqlimlar Nazariyasi“, deb ataydilar. Bu nazariyada insonlar va davlatlarning shakllanishi, ularning hatti- hararakatlari geografiya hamda iqlim bilan uzviy bogʻliq, deya taʼkidlanadi. Unga koʻra shimoliy kengliklarda yashovchi kishilar sovuq iqlim va qiyin yashash sharoitlariga moslashgan jismonan baquvvat lekin aqlan zaifroq, janubiy issiq kengliklarda yashovchi kishilar esa aqlli, uddaburon, makkor, lekin issiq taʼsirida jisomnan zaifroq deb hisoblangan. Iqlimlar nazariyasining eng asosiy xulosasi shundan iboratki: na janubda va na shimolda yashamaydigan, balki ikki kenglikni orasidagi kishilar ham aqlan, ham jismonan baquvvatligi bilan ikki kenglik kishilarga nisbatan kuchliroqdir. Albatta bu nazariya zamonaviy davrda oʻzini oqlamadi. Lekin ushbu fikrlar orqali kishilarning geografiyaga qanchalik eʼtibor berishini va eng asosiysi, maʼlum kuchaygan imperiya yoki davlatlarning kuchliligini geografiya bilan bogʻlashga moyillik doim boʻlganligini koʻrsatib beradi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Axmed Rahmanov. Global geopolitika rukni. 7-Oktabr 2013-yil. https://geopolitika.uz/hududlar/global-geopolitika/57-geopolitika-aslida-nima (Wayback Machine saytida 2022-07-25 sanasida arxivlangan)\