Geologik haritalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Geologik haritalar - Yer poʻsti yuqori qismining muayyan uchastkasi geologik tuzilishini tasvirlovchi haritalar. Geologik sʼyomka va geologik tadqiqotlardan yigʻilgan maʼlumotlar asosida tuziladi. G. x. qidiruv, razvedka ishlarida asosiy hujjat hisoblanadi. G. x.dan Yer poʻstining tuzilishi va togʻ jinslari bilan bogʻliq ruda konlari toʻgʻrisida tegishli maʼlumot olinadi. G. x. asli geologik, litologikfatsial, paleogeografik, muhandislik-geologik, gidrokimyoviy, foydali qazilmalar, bashoratli, tektonik, metallogenik, magmatik formatsiyalar va b. haritalarga boʻlinadi. Asli G. xlarda togʻ jinslarining yoshi, tarkibi, yotish sharoiti turli belgi va ranglarda ifodalanadi. Tektonik harita — maʼlum joy va vohaning tektonik tuzilishini; metallogenik harita — metallar va qazilma boyliklarning hosil bulishini hamda ularning tarqalishini; magmatik formatsiyalar haritasida — magmatik togʻ jinslarining formatsiyalari ifodalanadi. Bundan tashqari, maxsus haritalar (yer osti suvlari, geofizik haritalar va b.) ham tuziladi.

Gidrokimyoviy harita — suvlarning kimyoviy tarkibini, ulardagi tuzlarning miqdorini, grunt, artezian, mineral suvlarning xususiyatlari va joylanishini aks ettiradi. Gidrogeologik haritalarda yer osti suvlarining sifati (taʼmi, hidi, chuchukligi, shoʻrligi va b.), yer yuzasidan pastda joylashgan birinchi suvli qatlam (havza)ning suv berish xususiyati, yer osti suvlarining turi (grunt, artezian, qatlamlararo, yer usti va karst suvlari) aks ettiriladi. G. x. turt xil masshtabda tuziladi (qarang Geologik sʼyomka). Yirik masshtabli va mufassal haritalarda stratigrafik kolonka va geologik kesmalar ham beriladi.

Oʻzbekiston geologik haritasi, Oʻzbekistan magmatik formatsiyalari haritasi, Fargʻona va Ustyurtning tektonik tuzilishi va neftgazga istiqbolli haritasi, Oʻzbekistonning paleozoy fundamentining tarkibi va tektonik tuzilishi haritasi va b. tuzilgan.

Gʻaybulla Fathullayev.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil