Kontent qismiga oʻtish

Efiop tili

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Geezdan yoʻnaltirildi)

Efiop tili, geez, gez, giiz — som-hom tillari oilasining som tarmogʻidagi efiopsom tillaridan biri; toshlar, qoyalar, sopol buyumlarda saqlangan yodgorliklar va nasroniy adabiyot bitilgan oʻlik til. Miloddan avvalgi V asrda Janubiy Arabistondan koʻchib kelgan aholining tili sifatida paydo boʻlgan va IV—VII asrlarda Aksum davlatining, keyin Efiopiyada mavjud boʻlgan boshqa davlatlarning tili hisoblangan. Milodiy 1—2 ming yilliklar chegarasida soʻzlashuv tili sifatida isteʼmoldan chiqib (uning oʻrnini amxara tili egallagan), cherkovning ibodat tili tarzida 20-asr boshlarigacha saqlanib kelgan. Boshqa efiopsom tillariga qaraganda kushit tillari taʼsiriga kamroq uchragan, koʻplab arxaik belgilarni saqlab qolgan.

Efiop tili janubiy arabiy konsonant alifbo asosida shakllangan boʻgʻinli yozuvdan foydalanadi (qarang Efiop yozuvi). Aksum bitiklari (tosh va sopollarda va boshqalar) deb ataladigan ilk yodgorliklari IV asrga mansub. V asrdan boshlab Efiop tiliga yunon, qibtiy (kopt), suryoniy, qadimiy yahudiy, arab tillaridan kitobiy oʻzlashmalar, kushit tillaridan esa soʻzlashuvga xos oʻzlashmalar kirib kelgan. Efiop tili boshqa efiopsom tillariga muayyan taʼsir oʻtkazgan; undan hozirgi ilmiy terminlarni yaratish manbai sifatida foydalaniladi[1].

  1. "Efiop tili" OʻzME. E-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil