Funduk
Funduk, funduk, (Corylus maxima Mill.) — qayindoshlar (qayingullilar oilasi)ga mansub buta yoki daraxt. Oʻrmon yongʻogʻining yirik mevali bir turi. Janubiy Yevropa va Osiyoda tarqalgan. Oʻrta va Janubiy Yevropa, Turkiya, AQSH, Kavkaz, Qrim va boshqa joylarda oʻstiriladi. Boʻyi 3–10 m, bir uyli, guli ayrim jinsli, changchisi (otalik guli) kuchalasimon toʻpgulga, urgʻochisi (onalik guli) yakkayakka yoki 2—3 tadan yigʻilgan. Sentokt.da pishadi; mevasi (yongʻogʻi) yirik, choʻzinchoq, poʻsti yupqa. Magʻzi tarkibida 52—71% yogʻ, 12—18% oqsil va 3—10% uglevod bor; F. magʻzi qovurilgan yoki xom holida yeyiladi, qandolatchilik sanoatida ishlatiladi, yogʻ olinadi. F. urugʻidan, parxish, bachki ildizlaridan koʻpaytiriladi. Koʻchatlari 8x6 yoki 8x10 m sxemada ekiladi. Shakl berishda tupida 8—10 asosiy novda qoddiriladi. Koʻchati oʻtkazilgach, 4—6yili hosilga kiradi. Hosildorligi 10—30 s/ga.[1]
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |