Fukusima-1 AESdagi fojia

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Fukusima-1 AESidagi avariya
Asosiy
Sababi Zilzila va tsunami oqibatida uskunalarining ishdan chiqishi
Mamlakat Yaponiya
Joy Okuma, Fukusima
Sana 11-mart 2011-yil
Vaqt 14:46 JST (05:46 UTC)
Talofatlar
Jabrlanganlar Radiatsiyadan nurlanish natijasida 1 nafar
Xarita
Fukusima-1 AESdagi fojia

Fukusima-1 AESdagi fojia – Yaponiya tarixidagi eng kuchli yer qimirlashi va tsunami oqibatida yuzaga kelgan, xalqaro yadroviy hodisalar shkalasi (INES) boʻyicha maksimal 7-darajali radiatsiyaviy fojia[1]. Zilzila oqibatida kommutatorlar, zaxira generatorlari va akkumulyatorlar joylashgan yertoʻlalarni suv bosishi, stansiyaning toʻliq oʻchib qolishiga va avariyaviy sovutish tizimlarining ishdan chiqishiga olib kelgan. Natijada № 1-3 energiya bloklari reaktorlarida yadro yoqilgʻisining erishi, bugʻ-tsirkoniy reaksiyasi natijasida vodorod toʻplanishi va № 1, 3 va № 4 energiya bloklarida xavfli portlovchi moddalarning portlashi sodir boʻlgan. Atrof-muhitga asosan uchuvchi radioaktiv elementlar, masalan: yod va seziy izotoplari tarqaldi va ularning hajmi Chernobil AESda yuz bergan fojia vaqtidagi chiqindilarning 20% ni tashkil etgan.

Birorta ham oʻtkir nurlanish holati qayd etilmaganiga qaramasdan, uzoq muddatli nurlanish sabab favqulotda vaziyatlar xodimlari orasida onkologik kasallikka chalinish xavfi oshib boradi. Yaponiya hukumati bunday kasalliklarning bir nechta holatlarini tasdiqladgan va ulardan biri 2018-yilda bir kishining oʻlimiga olib kelgan. Zararlangan hududlardan jaʼmi 164 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Shifoxonalardan evakuatsiya qilish chogʻida 50 nafar ogʻir holdagi bemorlarga tibbiy yordam vaqtida koʻrsatilmagani sababli vafot etgan. Evakuatsiyadan keyingi yillarda jismoniy va ruhiy zoʻriqish, sifatsiz tibbiy yordam va davolash tufayli, asosan keksa evakuatsiya qilinganlar orasida 2304 bevaqt oʻlim sodir boʻlgan. 2013-yil dekabr oyida atom elektr stansiyasi rasman yopilgan. Stansiyada avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlari hali ham davom etmoqda. Tokio elektr energetika kompaniyasi (TEPCO)ning hisob-kitoblariga koʻra, ushbu obyektni barqaror va xavfsiz holatga keltirish uchun 40 yil kerak. Butun chora-tadbirlar kompleksi uchun prognoz qilingan xarajatlar, shu jumladan evakuatsiya qilinganlar uchun kompensatsiya, rasmiy hisob-kitoblarga koʻra, 22 trillion yenni tashkil qiladi.

AESning xususiyatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mark-I BWR reaktor bloki

Fukusima Daiichi atom elektr stansiyasi (Fukusima-1) Tokiodan 220 km shimolda, xuddi shu nomdagi prefekturada, Futaba va Okuma qishloqlari chegarasida joylashgan. Stansiya Yaponiyada qurilgan va Tokio Electric Power Company (TEPCO) tomonidan ishga tushirilgan birinchi atom elektr stansiyalaridan biri[2]. 2011-yilda TEPCO oʻz yoʻnalishidagi eng yirik kompaniyalardan biri va Yaponiyadagi barcha elektr energiyasining uchdan bir qismini ishlab chiqarardi[3].

Blok № 1 Blok № 2 Blok № 3 Blok № 4 Blok № 5 Blok № 6
Reaktor qurilmasining modeli BWR3 BWR4 BWR4 BWR4 BWR4 BWR5
Kontayment turi MARK I MARK I MARK I MARK I MARK I MARK II
Elektr quvvati 460 MVt 784 MVt 784 MVt 784 MVt 784 MVt 1100 MVt
Ishga tushirilishi 26.03.1971 18.07.1974 27.03.1976 12.10.1978 18.04.1978 24.10.1979
Reaktor qurilmasi yetkazib beruvchisi General Electric General Electric,
Toshiba
Toshiba Hitachi Toshiba General Electric,
Toshiba

Dastlabki kunlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

2011-yil 11-mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:46 da, epitsentri Fukusima Daiichi atom elektr stansiyasidan 180 km uzoqlikda boʻlgan, 9 magnitudali Buyuk Sharqiy Yaponiya zilzilasi sodir boʻlgan[4]. Bu vaqtda 1-3-sonli energiya bloklari nominal quvvatda ishlagan, 4-6-sonli energiya bloklari yoqilgʻi quyish va texnik xizmat koʻrsatish uchun toʻxtatilgan. Zilzila ishlayotgan reaktorlarning zudlik bilan avtomatik ravishda oʻchirilishiga olib kelgan. Zilzila natijasida yuqori voltli uskunalar va elektr uzatish liniyalari tayanchlarining vayron boʻlishi, stansiyada tashqi elektr taʼminotining yoʻqolishiga olib kelgan va shundan soʻng zaxira dizel elektr generatorlari avtomatik ravishda ishga tushirilgan[5]. Stansiyaning tsunami toʻlqini kelishidan oldin ishlashini tahlil qilish shuni koʻrsatganki, atom elektr stansiyasi seysmik silkinishlar taʼsiriga bardosh bera olgan[6].

Togʻ jinslarining siljishi natijasida dengiz tubi 7-10 metrga koʻtarilib, deformatsiyaga uchragan, bu esa bir necha tsunami toʻlqinlarini keltirib chiqargan[7]. 4 metr balandlikdagi birinchi toʻlqin asosiy zarbadan 40 minut oʻtib stansiyaga yetib kelgan va 15:35 da 14-15 metr balandlikdagi ikkinchi toʻlqin yetib kelgan, bu toʻlqin uchun moʻljallangan 5,5 metrlik himoya toʻgʻonining balandligidan va atom elektr stansiyasining sathidan oshib ketgan[8][8]. Tsunami toʻlqini tashqarida turgan katta rezervuarlar, jihozlar va mashinalarni yuvib tashlagan, qirgʻoqdan uzoqda joylashgan binolarga yetib borgan va koʻplab strukturaviy vayronalarni qoldirgan[9]. Suv toshqini sabab qurbonlar ham boʻlgan: toʻrtinchi energoblokning turbina binosida boʻlgan TEPCO kompaniyasining ikki xodimini koʻtarilgan suv olib ketgan va ular halok boʻlgan[10].

Stansiya bunday kattalikdagi ofatdan himoyalanmagan va buning natijasida reaktorlarning xavfsiz sovishini taʼminlovchi muhim uskunalar shikastlangan. Reaktorlar va zaxira dizel generatorlarini sovutish uchun zarur boʻlgan dengiz suvi bilan taʼminlab turuvchi qirgʻoq nasoslari ishlamay qolgan. Dizel generatorlari, oʻzgaruvchan tok va doimiy tok oʻtkazgichlari, batareyalar joylashgan turbina binolarining yertoʻlalarini suv bosib ketgan. Zavodning ishlatilgan yoqilgʻi omborining birinchi qavatida joylashgan, havo bilan sovutiladigan ikkita zaxira generatorlari suv ostida qolmagan, ammo suv ularning elektr taqsimlash uskunasiga zarar yetkazgan. Bunday vaziyatda elektr taʼminotini tezda tiklash imkoniyati mumkin emasdi. Xodimlar ixtiyorida zaxira elektr taʼminotining № 3, 5, 6 quvvat bloklarining oʻzgarmas tok batareyalari va № 6 blokning havo bilan sovutiladigan dizel generatorlari bor edi. Parlament komissiyasiga koʻra, TEPCO bunday kattalikdagi avariyaga mutlaqo tayyor boʻlmagan va stansiya taqdiri allaqachon belgilanib boʻlgan edi.

Boshqaruv panellaridagi va asboblar displeyi oʻchiq qolgan. Stansiya boshqaruvchisi Masao Yoshida boshchiligidagi boshqaruv markazi monitorlari ham stansiya holati haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatmay qolgan. AESda asosiy aloqa vositasi – mobil PHS telefoniyasi ishlamagan va aloqaning yagona usuli simli telefon aloqasi boʻlib qolgan. Energiya bloklari xodimlari favqulodda vaziyatlar koʻrsatmalarini chiroqlar nurida qayta oʻqishlari kerak boʻlgan, ammo ularda toʻliq oʻchirish haqida hech qanday koʻrsatma boʻlmagan. Bundan tashqari, hujjatlar barcha muhim asboblar displeyida koʻrsatkichlar mavjud boʻladi degan taxmin asosida tuzilgan. Xodimlar ushbu vaziyatda holatni tushungan holda harakat qilishga majbur boʻlgan.

Stansiya holatini barqarorlashtirish[tahrir | manbasini tahrirlash]

15-martdan keyin asosiy eʼtibor, ishlatilgan yadro yoqilgʻisini saqlash havzalariga qaratildi, chunki sovutmasdan ularning suv sathi sezilarli darajada pasayishi mumkin deb taxmin qilingan. Bu borada eng katta xavf 4-blokga tegishli edi, chunki uning hovuzida reaktordan yaqinda tushirilgan va shunga mos ravishda eng yuqori issiqlik chiqishi mavjud boʻlgan yonilgʻi agregatlari mavjud edi. Biroq, vertolyot orqali tekshirilganda, yoqilgʻini qayta yuklash paytida reaktorga ulangan qoʻshimcha suv taʼminoti yaratganligi sababli 4-blokning hovuzi toʻla boʻlib chiqdi. Asosiy eʼtibor 3-blokga berildi, chunki uning holati konstruktiv vayronalar tufayli savol ostida qolgandi. Vertolyotlar va Tokio oʻt oʻchirish departamenti, politsiya va Yaponiya oʻzini-oʻzi mudofaa kuchlarining turli oʻt oʻchirish mashinalari yordamida hovuzlarga suv yetkazib berishning bir necha usullari sinab koʻrilgan.

Voqea sodir boʻlgunga qadar AESga elektr quvvati 66, 275 va 500 kV kuchlanishli yetti liniya orqali yetkazilgan. Stansiyada 6,9 kV, 480 V va 100 V ga tushirildi va turli jihozlardan foydalanish uchun ishlatilgan.

4-aprel kuni № 1, 2 va 3-energetika bloklarining yer osti inshootlaridan yuqori radioaktiv suvni chiqarib tashlashni taʼminlash uchun TEPCO dengizga stansiyaning radioaktiv chiqindilarni saqlash omboridagi taxminan 10 ming tonna past darajadagi radioaktiv suvni oqizishini eʼlon qild. Ushbu chora suv hajmini boʻshatish uchun zarur boʻlgan va Yaponiya hukumati operatsiyaga ruxsat bergan. TEPCO maʼlumotlariga koʻra, suv oqimi zavod yaqinida yashovchi odam uchun doza yukiga atigi 0,6 mSv qoʻshishi mumkin boʻlgan.

2011-yil 17-aprelda TEPCO AESdagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini eʼlon qildi. Dasturni amalga oshirish natijasida radiatsiya dozasi tezligining barqaror pasayishiga erishish va radioaktiv moddalarning tashlanishini nazorat qilish kutilgan. Shu maqsadda 2011-yil 27-iyundan boshlab reaktorlarni sovutish, yopiq sxemada amalga oshirila boshlandi: reaktorlardan oqib chiqayotgan suv energiya bloklarining turbinali binolariga kirib, u yerdan nasoslar yordamida tozalandi va filtrlardan reaktorlarga qaytarilgan. Bundan tashqari, № 1-3 bloklarning qobiqlari inert gaz – azot bilan toʻldirilgan.

Tsunami, portlashlar va konstruktiv buzilishlardan soʻng hovuzlarning standart sovutish tizimlari ishlamay qolgan. Har bir quvvat bloki uchun qolgan stansiya quvurlariga ulangan qoʻshimcha sovutish suvi sxemalarini oʻrnatish kerak edi.

2011-yil 16-dekabrda avariya bosqichi rasman yakunlandi, vayron qilingan reaktorlar „sovuq ekvivalent“ holatiga oʻtkazilgan, bunda saqlovchilar ichidagi muhit harorati 100° C dan pastroq haroratga barqarorlashdi. Xalqaro yadroviy hodisalar shkalasi (INES) maʼlumotlariga koʻra, avariya maksimal 7 darajali – „Katta avariya“ deb belgilangan, bunday daraja faqat bir marta Chernobil AESidagi avariya paytida tayinlangan.

Evakuatsiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koriyama shahridagi maktabning sport zalida evakuatsiya qilinganlar

Vayronkor zilzila va tsunami radiatsiya kuzatuvining koʻpgina statsionar postlarini ishdan chiqargan va yoʻllarning yomon holatga kelgani sabab transport vositalaridan foydalangan holda radiatsiyaviy tekshiruv ishlarini olib borish sezilarli darajada qiyinlashgan. Shu sabablarga koʻra, avariya sodir boʻlgan dastlabki kunlarda evakuatsiya qilinadigan hududlar, aholi uchun radiologik oqibatlarni baholashdan koʻra, zavodning oʻzining texnik holatidan kelib chiqqan holda tanlab olingan. 1 va 2 bloklar qobiqlarini ventilyatsiya qilish zarurati tufayli 11-mart kuni evakuatsiya zonasi 3 km etib belgilangan. Biroq, bu operatsiyaning uzoq davom etishi qoʻshimcha xavotirlarni keltirib chiqargan va 12 mart soat 05:00 dan keyin evakuatsiya zonasi atom elektr stantsiyasidan 10 km radiusgacha uzaytirilgan. 1, 3 va 4-bloklardagi portlashlar vaziyatning yanada yomonlashishi va yopiq zonaning yana kengayishiga olib kelgan. 15 martda evakuatsiya zonasi oʻlchami stansiyadan 20 km radiusgacha yetib borgan va 30 kilometrlik zona aholisiga uyda qolish buyurilgan.

Vayron boʻlgan yoʻllar va tirbandliklarga qaramasdan, evakuatsiya juda tez amalga oshirilgan. Koʻplab aholi tartib haqida bilib olgach, bir necha soat ichida uylarini tark etishgan. Boshqa tomondan, yopiq zonaning tez kengayib borayotgan chegaralari tufayli koʻpchilik oʻz yashash joylarini bir necha bor oʻzgartirishga majbur boʻlgan. Shunday qilib, atom elektr stantsiyasiga eng yaqin shaharlarning 20% ​​aholisi olti martadan koʻproq koʻchib oʻtishga majbur boʻlgan. 20 kilometrlik zonadan toʻliq evakuatsiya qilish uch kun davom etgan.

Voqea sodir boʻlgan paytda 2220 ga yaqin bemor AESdan 20 kilometr radiusda joylashgan sogʻliqni saqlash muassasalarida davolanayotgan boʻlgan. Jiddiy yadroviy avariya ehtimoli yoʻq deb hisoblanganligi sababli, faqat bitta kasalxonada radiatsiyaviy favqulodda choralar rejasi mavjud boʻlgan. Shunday qilib, 14 mart kuni Futaba psixiatriya klinikasini evakuatsiya qilish paytida odamlarni taxminan 230 kilometr masofaga tashish kerak boʻlgan. Yoʻlda uch kishi halok boʻlgan, ertasi kuni yana 11 kishi tibbiy yordam koʻrsatilmagani sabab vafot etgan. Evakuatsiyani notoʻgʻri boshqarish tufayli toʻrt nafar bemor klinikaning oʻzida vafot etgan, biri esa bedarak yoʻqolgan. 2011-yil aprel oyida shifoxonalarni evakuatsiya qilish bilan bogʻliq jami 51 ta oʻlim holatlari qayd etilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Fukushima Nuclear Accident Update Log“ (en). www.iaea.org (2011-yil 12-aprel). Qaraldi: 2023-yil 6-sentyabr.
  2. Diet Report Ch. 1 2012, s. 4.
  3. RJIF Report 2014, s. 111.
  4. IAEA Report Vol. 1 2015, s. 86.
  5. IAEA Report Vol. 1 2015, s. 87.
  6. Доклад МАГАТЭ 2015, s. 4.
  7. IAEA Report Vol. 1 2015, s. 88.
  8. 8,0 8,1 IAEA Report Vol. 1 2015, s. 89.
  9. Diet Report Ch. 2 2012, s. 12.
  10. RJIF Report 2014, s. 52.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Live Cameras“ (en). TEPCO. — Трансляция с двух камер наблюдения, расположенных на площадке АЭС. Qaraldi: 2021-yil 18-fevral.

  • „Fukushima Daiichi“ (en). TEPCO. — Страница о ходе работ на АЭС Фукусима-дайити на официальном сайте TEPCO. Qaraldi: 2021-yil 18-fevral.

  • „Inside Fukushima Daiichi“ (en). TEPCO. — Виртуальный тур по площадке АЭС, посвящённый работам по ликвидации последствий аварии. Qaraldi: 2021-yil 18-fevral.

  • „Fukushima Revitalization Station“ (en). Сайт префектуры Фукусима. — Страница о восстановлении префектуры Фукусима. Qaraldi: 2021-yil 18-fevral.

  • „Distribution Map of Radiation Dose“ (en). — Интерактивная карта радиационного мониторинга (включает архивные данные). 2021-yil 27-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 18-fevral.