Fransua Rable

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

RABLE (Rabelais) Fransua (1494, Turen, Shinon shahri yaqinida — 1553.9.4, Parij) — fransuz yozuvchisi. Jahon adabiyotida komik janrning buyuk namoyandasi.

Yoshligida monax boʻlib, 1527 yil monastirni tark etgan va huquq, topografiya, arxeologiya, tibbiyotni oʻrgangan, shu sohalar boʻyicha bir qancha ilmiy asarlar yaratgan; 1537 yil tibbiyot d-ri boʻlgan. R. 5 qismdan iborat dunyoga mashhur asari — "Gargantyua va Pantagryuel" romanining 4 qismini 1533—53 yillarda yozib nashr ettirgan, asarning 5-qismi esa R.dan qolgan materiallar asosida nomaʼlum muallif tomonidan 1564 yilda yaratilgan. R.ning bu romani Uygʻonish davri fransuz madaniyatining , oʻsha davr diniy va siyosiy hayotining , falsafiy, pedagogik va ilmiy tafakkurining , ijtimoiy hayot va maʼnaviy intilishlarining chinakam badiiy ensiklopediyasi hisoblanadi. Asarda yozuvchi xayoliy mamlakat va personajlarni, oʻta mubolagʻali voqealarni tasvirlashda hazil, mazax, istehzo va h.k.dan foydalangan. Oʻrta asr asketizmiga, munofiqlikka qarshi qarashlarini, oʻz davrining gumanistik ideallarini xalq ogʻzaki ijodi ruhidagi va boʻrttirma obrazlar (Gargantyua, Pantagryuel kabi devqomat odamlar va haqiqat izlovchi Panurg) orqali ifodalagan. Ushbu roman Lafonten, Molyer, R. Rollan ijodiga taʼsir koʻrsatgan. Romanning qisqartirilgan tarjimasi oʻzbek tilida nashr qilingan.

Manbalar[tahrir]

  • Gargantyua va Pantagryuel, T., 1970.