Foydalanuvchi:Shohrukh blog

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Muqanna (taxminan 719, Marv yaqinidagi Koza qishlogʻi —783, Shahrisabz) — Movarounnahrda Arab xalifaligi hukmronligiga qarshi koʻtarilgan ozodlik harakatining boshligʻi (8-asrning 70—80-yillari). Asl ismi Hoshim ibn Hakim boʻlib, Narshaxiyning yozishicha, u koʻp oʻqigan, gʻo-yat ziyrak boʻlib, kimyogarlik, sehr va tilsim ilmlarini oʻrgangan. Arab, fors tillarini yaxshi bilgan. Bir koʻzi koʻr, boshi kal va basharasi xunuk boʻlganligidan boshi va yuziga koʻk parda tutib yurgan. Shuning uchun ham "Muqanna", yaʼni "Niqobdor" laqabi bilan mashhur boʻlgan. Yaʼqubiyning tasvirlashicha, M.ni Hoshim ul-aʼvar, yaʼni bir koʻzli Hoshim deb ham ataganlar. M. yoshlik chogʻida kudungarlik (matolarga ohor beruvchi) kasbi bilan shugʻullangan. Xuroson noiblaridan Abu Muslim davrida sarhanglik (kichik lashkarboshi) va Abduljab-bor Azdiy davrida (757—759) esa vazirlik darajasiga koʻtarilgan. 759 yilda Xuroson amiri Abduljabborning xalifaga qarshi isyonida qatnashgani uchun zindonga tashlangan. Bir necha yildan soʻng zindondan qochgan. 769 yilda M. Marvga qaytib kelgan, shu yildan boshlab umrining oxirigacha Movaro-unnaqrda Arab xalifaligiga qarshi koʻtarilgan xalq harakatiga boshchilik qilgan (qarang Muqanna qoʻzgʻoloni). U mazdakiylik taʼlimotini targʻib qilgan. Qoʻzgʻolon magʻlubiyatga uchragach, oʻzini olov yonib turgan tandir ichiga tashlab, halok boʻlgan. Hamid Olimjon M. jasoratiga bagʻishlangan "Muqanna" (1943) dramasini, Sadriddin Ayniy "Muqanna isyoni" (1944) tarixiy-adabiy ocherkini yozgan.