Foydalanuvchi:Sadirova Shahodat/qumloq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Alisher Navoiy hayoti va ijod yo‘liAlisher Navoiy o‘zbek adabiyoti va madaniyati tarixidagi ulug‘ siymolardan biridir. Zamondoshlari uni “Nizomiddin Mir Alisher” deb ulug‘laganlar. “Nizomiddin” - din nizomi deganidir. Ko‘pincha, mansab egalariga nisbatan aytilgan “mir” - amir demakdir.

Nizomiddin Mir Alisher Navoiy- shoir, mutafakkir, jahon adabiyotining yetuk siymolaridan biri, davlat arbobi, faylasuf.

Hayot yo‘li[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevral kuni Xuroson davlatining poytaxti — hozirgi Afg‘oniston hududidagi Hirot shahrining Bog‘i Davlatxona mavzesida tug‘ildi. Otasi G‘iyosiddin Muhammad - Temuriylar saroyida xizmat qilgan, o‘z davrining nufuzli kishilaridan biri, o‘g‘lining tarbiyasi va ta’limiga jiddiy e’tibor bergan. Onasi (ismi noma’lum) Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi ekani aytiladi. Navoiyning ota-onasi haqida ma’lumotlar kam, u o‘z asarlarida ham qarindoshlari haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tmagan. Navoiyning Darvesh-ali ismli ukasi bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor.XV asrning yetuk adabiyotshunos olimlaridan biri bo‘lgan Davlatshoh Samarqandiy "Tazkirot un-shuaro" ("Shoirlar tazkirasi")da Navoiyning otasi haqida “Navoiyning otasi Abdulqosim Boburning ishonchli kishisi Chig‘atoy ulusi ulug‘laridan edi” deya qisqacha ma’lumot berib o‘tgan. Shu bilan birgalikda u G‘iyosiddin Muhammadning harbiy bo‘lganini ham ta’kidlagan.

Bo‘lajak shoirning she’riyatdagi birinchi ustozlari tog‘asi Mir Sayyid Qobuliy va Muhammad Ali G‘aribiylar bo‘lgan. Navoiy ular haqida “Majolis-un nafois”da, xususan, Qobuliy haqida: “Yaxshi tab’i bor erdi, turkchada mayli ko‘proq erdi…” deya, G‘aribiy haqida esa: “Xush muxovara (xushsuhbat) va xushxulq va dardmand yigit erdi. Ko‘proq sozlarni yaxshi chalar erdi. Uni va usuli xo‘b erdi. Musiqiy ilmidin ham xabardor erdi…”deya qisqacha to‘xtalib o‘tgan.

Bolalik yillari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alisher tugʻilgan xonadon Temuriylar saroyiga azaldan yaqin va yurtda muayyan nufuzga ega edi. Boʻlgʻusi shoirning otasi Gʻiyosiddin Muhammad oʻgʻlining tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratdi. Alisherning sheʼriyatdagi ilk ustozlari Mir Sayyid Qobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylar (togʻalari)dir. Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Qobuliy haqida: “Yaxshi tabʼi bor erdi, turkchada mayli koʻproq erdi…” — desa, Gʻaribiy haqida: “Xush muxovara (xushsuhbat) va xushxulq va dardmand yigit erdi. Koʻproq sozlarni yaxshi chalar erdi. Uni va usuli xoʻb erdi. Musiqiy ilmidin ham xabardor erdi…” — deydi.

1447-yilda Shohruh vafot etgach, Temuriy shahzodalar oʻrtasida toj-u taxt dardi xuruj qilib, yurtda talotoʻp boshlandi. Gʻiyosiddin Muhammad xonadoni ham koʻplar qatori vatanni tark etdi. Yosh Alisher uchun taqdir sinovlari boshlandi. Shohruxning nabirasi Abulqosim Bobur 1452-yilda Hirot taxtiga oʻtirgach, Alisherning otasini Sabzavorga hokim etib tayinladi. Lekin oradan koʻp oʻtmay, Gʻiyosiddin Kichkina dunyodan koʻz yumdi. Bu paytda Alisher endigina 12 yoshga qadam qoʻygan edi. Abulqosim Bobur Alisher va uning maktabdosh doʻsti Husaynni oʻz tarbiyasiga oldi, 1456-yili esa oʻzi bilan Mashhadga olib ketdi. Keyinchalik Husayn Boyqaro sipohiylik yoʻlini tanladi, Alisher esa zamonaning “malik ul-kalom”i Mavlono Lutfiy tahsini va hayratiga sazovor boʻlgan isteʼdod egasi boʻlib yetishdi. “Faqirning nazmlari Xurosonda shuhrat tutib erdi”, — deb yozadi Navoiy 1455–1458-yillar haqida.

Taqdir Alisher Navoiyni zamonaning ulugʻ va sharafli kishilariga yaqin qildi, ustoz-murabbiylik etuvchi zotlar bilan oshno etdi. 1466–1468-yillari Alisherning umri, asosan, Samarqandda kechdi. Sulton Husayn Boyqaro Hirotni egallaganda, Alisher Navoiy 28 yoshli mukammal bilimlar sohibi, yurtga taniqli shoir va tajribali davlat arbobi darajasiga yetishgan edi.

Hirotga qaytish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alisher Navoiy 1469-yilda Sulton Husayn iltimosiga koʻra Samarqanddan Hirotga qaytadi va ramazon hayiti munosabati bilan doʻsti sharafiga bitilgan “Hiloliya” qasidasini unga taqdim etadi.

Husayn Boyqaro Alisherni muhrdor qilib tayinlaydi va shu paytdan shoirning el xizmatidagi faol jiddu jahdi boshlanadi. Koʻp oʻtmay, Navoiy muhrdorlikni oʻzining yaqin doʻsti va fikrdoshi, shoir Amir Shayxim Suxayliyga topshiradi. “Bu noziktaʼb va zukko Amir 20 yildan ortiq Boyqarogʻa mulozim boʻldi”. Lekin Boyqaro doʻstining eʼtiroziga ham qaramay, 1472-yilning fevralida uni vazir lavozimiga tayinlaydi va “Amiri Kabir” (“Ulugʻ Amir”) unvonini beradi. Bu lavozimda Navoiy el-ulus manfaati, shahar va mamlakat obodonchiligi, madaniyat ravnaqi, adolat tantanasi uchun foydalanadiki, bularning barchasi alal-oqibat Sulton Husayn davlatining barqarorligi va nufuzini taʼminlaydi.

Hirot bu davrda nihoyatda koʻrkamlashdi, xalq turmushi yaxshilandi, sheʼriyat, nafis sanʼatlar rivoj topdi. Talabalar uchun “Ixlosiya” madrasasi, darveshlar uchun “Xalosiya” xonaqohi, bemorlar uchun “Shifoiya” shifoxonasi, masjidi Jomeʼ yoniga Qorixona (“Dor ul-huffoz”) qurildi. Ulugʻ amirning kutubxonasida 70 dan ortiq xattot va musavvirlar qoʻlyozmalarni oqqa koʻchirish, ularni badiiy bezash bilan band edilar. Hirotda yana “Nizomiya”, Marvda “Xusraviya” va boshqa madrasalar bino etildi.

Navoiy madrasa, shifoxonalar qurdirib qoʻya qolmasdan, ularni kerakli darajada jihozlash, oʻz-oʻzini taʼminlash uchun vaqf yerlar ajratib berish, mudarrislar, tabiblar va boshqa xodimlar bilan taʼminlash, ularga oylik maosh, ozuqa, kiyim-bosh belgilashgacha, talabalar nafaqasi va kitoblarigacha — barcha-barchasini mukammal boshqarib, tashkil etib berar edi hamda oʻzi doimo xabar olib, nazorat qilib turishni ham unutmasdi. Binolar qurilishi tarhi bilan bevosita shugʻullanar, usta va shogirdlar mehnatidan boxabar boʻlib turardi. Shoir oʻz huzuriga tez-tez sheʼr, ilm va sanʼat ahlini chorlab, maʼrifiy suhbatlar uyushtirib turar, yosh isteʼdodlarni tarbiyat qilib, ularga sharoit yaratardi. Xondamir, Behzod, Vosifiy va oʻnlab ushbu tarbiyatga noil boʻlgan isteʼdod egalari shular jumlasidandir.

Shu davr ichida Alisher Navoiy oʻz qoʻli bilan birinchi devoni — “Badoyeʼ ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”)ni tuzdi. Bu devonga uning yoshlik va yigitlik paytlarida yozgan 800 dan ortiq sheʼrlari jamlangan boʻlib, shoir ijodiy kamolotining birinchi bosqichini aks ettiradi.

Alisher Navoiyga bagʻishlangan tarixiy va ilmiy asarlarda batafsil tavsif qilinishicha, 1469–1481-yillar Alisher Navoiyning ijtimoiy hayot va obodonchilik borasidagi eng faol xizmat koʻrsatgan yillari boʻlgan. Shoir 1481-yili “Vaqfiya” asarini yozib, unda oʻzining binokorlik va xayriya ishlariga yakun yasab, oʻz-oʻziga hisob bergan.

Navoiy dehqonchilik ishlarini yoʻlga qoʻyib, juda yaxshi natijalarga erishgan. Tarixchilarning yozishicha, Navoiyning bir kunlik daromadi 18 ming shohruxiy dinor miqdorida edi. Ulugʻ Amir bu daromadning koʻp qismini xayrli ishlarga sarf qilgan. Tarixchi Xondamir Navoiy qurgan 52 rabot, 20 hovuz, 16 koʻprik, bir qancha toʻgʻon, ariq, hammom, masjid-madrasalarni eslaydi. Navoiy turli soha olimlariga homiylik qilib, oʻnlab ilmiy risolalar bitilishiga bevosita sababchi boʻlgan.

“Xamsa” asari[tahrir | manbasini tahrirlash]

1483-yildan Alisher Navoiy oʻzining buyuk “Xamsa” asarini yozishga kirishdi va uni uch yilda tugalladi. Besh dostonni oʻz ichiga olgan bu ulkan badiiy qomus 50 ming misradan ortiq boʻlib, Navoiyning butun sheʼriy merosining deyarli yarmini tashkil qiladi. “Xamsa” — Alisher Navoiy ijodining qalbidir.

Fors tilidagi birinchi “Xamsa” buyuk shoir Nizomiy Ganjaviy (1141–1209) tomonidan yaratildi. Shoir hech bir oʻrinda oʻzining “Xamsa” yozganini qayd etmaydi. Uning vafotidan 100 yil oʻtib, Hindistonda tugʻilib-oʻsgan forsiyzabon turk oʻgʻloni Xusrav Dehlaviy Nizomiy “Xamsa”siga birinchi boʻlib tatabbu yozadi va “xamsachilik” anʼanasini boshlab beradi. Dehlaviyning “Xamsa”si Nizomiyga ajoyib sharh va undagi mazmunlarning yangicha talqini sifatida oʻzining ham, salafining ham shuhratini olamga yoydi. XIV–XV asrlardagi mintaqa maʼnaviyati “Xamsa” anʼanasi taʼsirida rivojlandi. Shoirlarning salohiyati va iqtidori hech boʻlmaganda “Xamsa”ning bir dostoniga munosib javob yoza olish bilan oʻlchanadigan boʻldi. Bu — jahon maʼnaviyati tarixida betakror hodisadir. Turkiy adabiyotda Qutb va Haydar Xorazmiylar boshlab bergan “xamsachilik” anʼanasi oʻz kamolini Alisher Navoiy ijodida topdi.

Islom aqidalariga koʻra, bir kecha-kunduzda oʻqiladigan besh vaqt namoz “al-Xamsatu” deyiladi, dinimizning besh ustuni (rukni): tavhid (imon), namoz, roʻza, zakot, haj ham oʻziga xos “Xamsa” (beshlik)ni tashkil etadi. Demak, Nizomiy dostonlarining “Xamsa” turkumi sifatida talqin etilishi, unga Amir Xusrav va Navoiy javoblari bejiz emas. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining muqaddima qismida bu masalaga maxsus toʻxtalib, “Xamsa”ning har bir dostoni yozilishini kunning maʼlum vaqtlarida oʻqiladigan sahar, peshin, asr, shom va xufton namozlari bilan qiyos etadi hamda “Xamsa”ni buyuk togʻ choʻqqisiga koʻtarilish mobaynida besh oʻrinda toʻxtab, nafasni rostlash uchun bino etilgan besh oromgohga oʻxshatadi.

“Xamsa”ni yaratishga 1483-yilda kirishgan Navoiy birinchi doston — “Hayrat ul-abror” (“Yaxshi kishilarning hayratlanishi”)ni oʻsha yilning oʻzida yozib bitirdi. 1484-yilda “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼai sayyor” (“Yetti sayyor”) hamda 1485-yilda “Saddi Iskandariy” (“Iskandar devori”) dostonini poyoniga yetkazdi. Shoir oʻz “Xamsa”sidagi dostonlarda oʻsha davr uchun muhim sanalgan muammolarni qoʻydi, mutafakkir sifatida ilgʻor qarashlarni ilgari surdi, oʻzbek (turkiy) tilining qudratini olamga namoyish etdi.

Navoiyning turkiycha “Xamsa” yaratgani XV asrda Xuroson eli uchun favqulodda shodumonlik va saodat sifatida qabul qilindi. Davrning ikki qutbi — maʼnaviyat piri Jomiy va buyuk sulton Husayn Boyqaroning hayrati va yuksak eʼtirofi ushbu haqiqatga dalildir.

Navoiy shu yillar orasida ikkinchi devoni — “Navodir un-nihoya” (“Behad nodirliklar”)ni tuzishga kirishdi. Mutafakkir adib tarixiy haqiqatga ham muayyan izchillikda oʻz munosabatini bildirib oʻtishni lozim topdi va “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar qaymogʻi”) asarini yozib tugatdi.

Navoiyning Astroboddagi yillari[tahrir | manbasini tahrirlash]

1487-yili qishda Navoiy Astrobod hokimi etib tayinlandi. Boshqa bek va amirlar uchun sharafli hisoblanishi joiz boʻlgan bu martaba Amir Alisherning nozik tabiati uchun qay bir darajada ozorli boʻldi. Ammo shoh hukmi vojib, Amiri Kabir oʻlkaning hassos bir hududini muhofaza va obod qilish niyatida joʻnab ketdi. Astrobodda Navoiyning qariyb ikki yillik hokimligi bu shahar ahli uchun saodatli, Boyqaro saltanati uchun xayrli boʻldi.

Bu orada birin-ketin Navoiyning eng yaqin ustoz va musohiblari hayotdan koʻz yumdilar. 1488-yili Sayyid Hasan Ardasher, 1492-yili Abdurahmon Jomiy, 1493-yili Pahlavon Muhammad vafot etdi. Shu yillar ichida Navoiy ustozlari xotirasiga “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Besh hayrat”) asarlarini yozib tugalladi. Ushbu asarlarda oʻsha davr voqeligiga doir qimmatli maʼlumotlar bilan birga, Navoiy yaratgan yangi badiiy olamning nazariy asoslariga oid bir qator dalil va mulohazalar ham bayon etilgan. Shu yillarda Navoiy davr shuarosi xususida “Majolis un-nafois” va islom maʼnaviyatining buyuk siymolari, xususan, turk, fors, hind mashoyixlari tarixiga oid “Nasoyim ul-muhabbat” (“Muhabbat shabadasi”) risolalarini yozadi. Bu asarlar nihoyatda muhim manba boʻlib, oʻsha davr maʼnaviyatining yetuk siymolaridan mingga yaqin kishi haqida qimmatli maʼlumotlarni oʻzida jamlagan. Bundan tashqari, nafaqat tasavvuf irfoni va adabiyoti, balki Islom davri maʼnaviyatining boshqa muhim jihatlari haqida ham koʻplab nazariy mulohazalar ushbu asarlar qatidan joy olgan boʻlib, ularni mufassal tadqiq etish milliy maʼnaviyatimizni xolis anglab yetishda bugungi avlodlar uchun benazir manba va asos sifatida xizmat qiladi.

1492-yilda aruz ilmiga bagʻishlangan “Mezon ul-avzon” (Vaznlar oʻlchovi”) risolasi yozildi va shoir oʻz lirik ijodini qayta taqsimlab, yangi devonlar majmui — “Xazoyin ul-maoniy” (“Maʼnolar xazinasi”)ni yaratish ishiga astoydil kirishdi. “Chor devon” nomi bilan shuhrat qozongan bu buyuk majmua 45 ming misraga yaqin turli janrlardagi kichik va oʻrta hajmli sheʼrlarni oʻzida jamlagan boʻlib, “Gʻaroyib us-sigʻar” (“Bolalik ajoyibotlari”), “Navodir ush-shabob” (“Yigitlik davri nodirliklari”), “Badoyeʼ ul-vasat” (“Oʻrta yosh kashfiyotlari”), “Favoyid ul-kibar” (“Keksalikdagi foydali mulohazalar”) deb ataladi. Bu toʻrt jildda 16 janrga oid 3000 dan ortiq sheʼr boʻlib, ularda 2600 gʻazal, 210 qitʼa, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo va boshqalar mavjud. “Xazoyin ul-maoniy” tarkibiga oldingi ikki alohida devondagi sheʼrlarning deyarli barchasi kirgan, keyinchalik 1400 ga yaqin yangi asarlar ham qoʻshilgan.

Turkiy tildagi asarlaridan tashqari Navoiy fors tilida ham 12 ming misradan ziyod sheʼr, muammo janri haqida “Mufradot” risolasini, “Sittayi zaruriya”, “Fusuli arbaa” turkum qissalarini yozdi, “Foniy” taxallusi bilan alohida devon tuzdi. Ushbu asarlar Xoqoniy, Amir Xusrav, Saʼdiy, Hofiz, Kamol Xoʻjandiy, Jomiy kabi fors adabiyotining mumtoz namoyandalari bilan ijodiy bahsda tugʻilgan boʻlib, ham badiiy ifoda, ham mazmuniy teranlikda salaflar bilan teng qudrat namoyish etadi.

Navoiy 1498-yilda “Lison ut-tayr”, 1499-yilda “Muhokamat ul-lugʻatayn”, 1500-yili “Mahbub ul-qulub” asarlarini yozdi. Bu uch asar buyuk shoir va mutafakkir ijodining avj nuqtalari edi. Adib “Muhokamat ul-lugʻatayn”da oʻzining butun ijodiy yoʻlini sarhisob qilib, turkiy sheʼriyatning qudratini taʼkidlagan. Unda, jumladan, quyidagi maʼlumot bor: “Chun “Lison ut-tayr” ilhomi bila tarannum tuzupmen, qush tili ishorati bila haqiqat asrorini majoz suratida koʻrguzupmen”. Alisher Navoiy goʻdaklik chogʻlaridan tasavvuf sheʼriyatining ustodi Farididdin Attor yaratgan “Mantiq ut-tayr” asariga mehr qoʻygani bizga maʼlum. Umrining oxirida ushbu asarga tatabbu — javob yozar ekan, oʻzining shungacha yozgan barcha asarlariga falsafiy yakun yasaydi. Attor asari Borliqning yagona mohiyati haqida, Haq asrori va inson uchun uni anglab yetish imkon darajasi haqida edi. “Lison ut-tayr” mazmuni “Mantiq ut-tayr”ga zid yoki undagi fikrlarning takrori ham emas, balki yangi tarixiy-maʼnaviy bosqichdagi sharhi, talqinidir.

Attorning qushlar tilidan yozilgan dostonida irfoniy ehtiros benihoya joʻshqindir. Navoiy esa vazmin voqeaband tasvirga urgʻu beradi, qushlar sarguzashtida va ichki hikoyalarda hayotiylikni kuchaytiradi. Bu bejiz emas. Oxirgi xulosada Navoiy salafiga qaraganda olgʻa ketadi, masala mohiyatini teranroq his qiladi va badiiy tasvirni ham shunga munosib yaratadi.

Nihoyat, Navoiy soʻnggi asari — “Mahbub ul-qulub” (“Koʻngillarning sevgani”) risolasida barcha savollarga yana oʻzi javob bergan. Bu asar tom maʼnoda ijtimoiy-falsafiy va axloqiy gʻoyalarga toʻla boʻlib, XV asrda mavjud boʻlgan barcha ijtimoiy toifalar mohiyati mufassal ochib berilgan, ijtimoiy va axloqiy hodisalarning oʻzaro bogʻliqligi, yaxlitligi ishonarli taʼkidlangan. Bu asar turli aforizm, maqol va matnlarga boy boʻlib, xalq orasida juda keng tarqalgan.

Alisher Navoiy oʻzi va salaflari: Nizomiy, Dehlaviy, Hofiz, Iroqiy va boshqalar yaratgan mustaqil badiiy tafakkur tarzini “majoz tariqi” deb nomlab, unda Haq asrori “majoz suvratinda” aks etishini taʼkidlagan. Borliqni oʻziga xos idrok etish tarzi Naqshbandiyaning “Dil ba yoru dast ba kor” qoidasiga muvofiq boʻlib, unda ibrat, ilm, irfon va amal bir nuqtada birlashar va yangi dunyoga koʻz ochardi. Tavhid taʼlimoti va eʼtiqodini idrok etishning eng yuqori bosqichi boʻlgan bu dunyoqarash tizimi “Xamsa” va “Lison ut-tayr” asarlarida, shoir lirikasida badiiy inʼikosini topgan.

Hayotining soʻnggi yillari[tahrir | manbasini tahrirlash]

1500-yillarga kelib, turmush sharoiti qiyinlashib, sogʻligi zaiflashib qolganiga qaramay, shoir ijoddan toʻxtamadi. 1501-yilning boshida Navoiy kasallikdan vafot etdi. Butun Hirot xalqi oʻzining buyuk shoiri bilan xayrlashishga chiqdi va 7 kun motam tutdi.

Navoiy oʻz ijodi bilan oʻzbek adabiyotining soʻnggi rivojini belgilabgina qolmay, Movarounnahr va Xurosonning butun maʼnaviy madaniyati taraqqiyotiga juda katta taʼsir koʻrsatdi. Uning asarlari, sheʼriyati qayta-qayta koʻchirilib, xalq orasida keng tarqalib, shoirlar uchun maktab vazifasini oʻtadi, madrasalarda keng oʻrganildi.

Alisher Navoiy ijodi, uning ilmiy tahlili boʻyicha soʻnggi yillarda qator taniqli tadqiqotchilar ish olib bordilar va bugungi kunda ham Navoiyning merosi koʻpgina olimlarimizni ilhomlantirib keladi. Hozir maktablar, xiyobonlar, koʻchalar buyuk shoirimiz nomi bilan yuritiladi. Uning nomida Oʻzbekiston Davlat mukofoti ham taʼsis etilgan.

Matnda xato topgan boʻlsangiz, blog@bilimonlayn.uz email manzili yoki Telegram profilimizga xabar bering.

Maqola Khan Academy Oʻzbek jamoasi tomonidan tayyorlandi. Ushbu maqolani doʻstlaringiz bilan ulashing va bizni onlayn kuzating:


„Xamsa“ tarkibiga „Hayrat ul-abror“, „Farhod va Shirin“, „Layli va Majnun“, „Sabʼai sayyor“, „Saddi Iskandariy“ kabi dostonlar kiradi.

"Hayratul-abror"da hamd, munojot, naʼt, hayrat boblaridan keyin shoirning Yaratganga, borliqqa, tabiatga, insonga boʻlgan falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, maʼrifiy, axloqiy va estetik munosabati aks ettirilgan. Podshoh bilan ulusning insonlik nuqtai nazaridan ayirmasiz, farqsizligini, podshohning hunar, axloq, adl, insof, mantiq, taqvo yoʻlida ulusdan oʻta olmaganini anglatish bilan oʻzining adolatli shoh haqidagi qarashlarini anglatadi.

Telegram | Instagram | Facebook | Youtube | Medium | Vebsayt