Foydalanuvchi:Oybekganiyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Nostandart leksika (ingliz tili)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maqola --Oybekganiyev (munozara) 11:03, 26-Dekabr 2015 (UTC)G’aniyev O.N. (Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi akademik litsey ingliz tili o’qituvchisi)

Ingliz tilining nostandart leksikasi

Annotatsiya: Maqolada ingliz tilining bugungi kunda ko’pgina buzilib talqin etilishiga sabab bo’layotgan amerikacha slengi misollari orqali nostandart leksikasi haqida so’z yuritiladi. Til va jamiyatning doimiy sur’atda rivojlanib borishi bir paytda ham standart leksikaga va shuning bilan birga nostandart leksikaga ham o’z ta’sirini o’tkazmoqda va yangi ko’rinish kasb etib bormoqda. Bu holat doimo yangilanib boradi va bizdan uni o’rganishni talab qiladi, ayniqsa ingliz tilida gapiruvchilar, zamonaviy adabiyot va ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun bu o’ta dolzarb muammodir.

Kalit so’zlar: Ingliz tili, kommunikatsiya, nostandart leksika, funksional usul, kollokvializm, amerikancha sleng, jargon, argo, vulgarizm, so’z yasash.

Har qanday til jamiyatga aloqador va jamiyatdan tashqarida o’zicha, alohida rivojlana olmaydi. Til, avvalambor, jamiyatning, odamlarning o’zaro muloqot vositasidir, shu sababli jamiyat – odamlar til leksikasining shakllanishiga bevosita aloqadir hisoblanishadi. Unutmaslik kerakki, til o’zida ichki shakllanish tizimi qonuniyatlari mavjudligi bilan ahamiyatga egadir. Vaziyatdan kelib chiqib, har qanday rivojlangan tildagi birgina fikr turlicha talqin qilinadi. Uslub, stilistik buyoq va vaziyat taqozosidan qat’iy nazar muloqotda tilning yadrosi sifatida ma’lum holatlar uchungina ishlatiladigan neytral so’zlar ham mavjud. Bu toifadagi so’zlarni biz lug’atlarda noadabiy yoki nostandart leksikaga oid so’zlar deb ataymiz. Nostandart leksikaga qarab chiqishdan oldin uning uslubi bilan bog’liq muammolarga nazar solib chiqadigan bo’lsak, bu yerda asosan ikki xil uslub ishlatish holati mavjudligi ma’lum bo’ladi: funksional va ifoda etish. Funksional uslub – ma’lum doiradagi odamlarga xos, ma'lum maqsadga qaratilgan muloqot uslubi sifatida talqin etiladi, ya'ni inson harakatining o'ziga xos qonuniy jihatlariga taalluqli holatlar uchun, masalan, tadbirkorlar uslubi, og'zaki uslub, ilmiy uslub va hokazo. Zamonaviy tillardagi funksional uslublar o’ta murakkab va xilma xildir. Ta’kidlab o’tish kerakki, uslub yozma va o’gzaki turlarga bo’linish bilan birga ishlatilishiga qarab jamoatchilik uchun qo’llanishda turli shakllarga bo’linib ketadi. Ammo haligacha tilshunoslar ko’plab ma’lumotlarga ega bo’lishlariga qaramasdan, uslublar turlari haqida yaxlit bir fikrga kelishgani yo’q. Uslublarni quyidagicha bo’limlarga bo’lishadi: ilmiy, ommaviy, publisistik, san’atga xos (teatr, rassomchilik, raqs va hokazo), og’zaki, korrespondentlar uslubi, gazeta uslubi, she’riyat, professional-texnikaga oid, rasmiy-idoraviy uslublar. Funksional uslub – bu ma’lum tilda muloqot qiladigan odamlarning o’z ona tilidan turli holatlar va ish joylaridan kelib chiqib, ma’lum maqsadni ko’zlab, so’z va so’z birikmalarini ishlatishi yig’indisidir. Ifoda uslubi shunday uslubki, unda muloqot davomida siz ma’lum bir holatga taalluqli o’z emotsional his-tuyg’ularingizni ifoda qilasiz. Har xil tilshunoslar muloqot uslublari uchun boshqa terminlardan ham foydalanadi. Rus tilshunosi R.G.Pyotrovskiy qarashicha uslublar yuqori darajadagi, dabdabali she’riyatga taalluqli va ilmiy til uslubi, ya’ni adabiy hikoya, adabiy so’zlashuv uslublari hamda past darajadagi boshqa asosiy bo’lmagan kichik uslublarga bo’linadi. Ingliz tilshunosi J.Kenon esa, ikkita darajani alohida ta’kidlab o’tadi – standart va nostandart funksiya bajaruvchi uslublar yoki rasmiy va norasmiy uslublarga bo’lishni taklif qiladi. Nemis tilshunosi Y.Hannerts ta’kidlashicha uslublarni yuqori va past yoki rasmiy, norasmiy turlarka bo’lish kerak. Rus tilshunosi V.N. Yartsevaning aytisicha, uslub kitobiy-yozma va og’zaki-so’zlashuv nutqi turlarga bo’linadi. Demak, til uslublarini qo’llanishiga qarab ber necha xil alohida turlarga bo’lib aytishimiz mumkin. Ushbu maqolada biz alohida uslub, ya’ni past darajada turuvchi so’z va iboralar – kollokvializm (“colloquial” – ingliz tilidan “so’zlashuv uslubiga xos so’z birikmalari va iboralar), sleng (“slang” – ingliz tilidan “jargon, oddiy, og’zaki leksikaga xos so’zlar”), umumiy sleng, maxsus sleng (jargon va argo - maxsus so’zlar) hamda vulgarizm (qo’pol so’zlar) haqida so’z yuritamiz. Ammo shuni alohida ta’kidlab o’tishimiz joizki, shu kungacha so’zlarni alohida uslublarga bo’lib ko’rsatadigan maxsus qo’llanmalar shakllantirilmagan. Masalan, kollokvializmlar standart va nostandart leksika orasida turadi. Ba’zi tilshunoslar kollokvializmni ko’proq nostandart leksika xos deya ta’rif beradi. Misol uchun ingliz tilshunosi E.Partridj o’zining “So’zlar dunyosi” kitobida kollokvializmni standart leksika nisbatan “quyi”da, lekin slenglardan yuqorida turishini aytib o’tadi. Yangi lug’at Webster (Webster Noah (Vebster Nuh) – (1758 – 1843 yy.), AQSh tilshunosi. Uning 70000 so’zlar va iboralardan iborat “American Dictionary of the English Language” (Ingliz tilining Amerika xos lug’ati) (1828 y.) lug’ati AQShda ingliz tilining qo’llanishi bo’yicha 2 tomdan iborat birinchi katta lug’at kitobdir) mualiflari esa, kollokvializmni og’zaki nutq va norasmiy yozma uslubga xos deb qaraydi va uni noadabiy yoki nostandart leksikaga bog’liq yoki bog’liq emasligiga qarab chiqishmaydi. Biz E.Partridj g’oyasini qo’llab-quvvatlab, kollokvializmlarni standart vokabulyar (“vocabulary” – inglizcha “lug’at, so’z tarkibi, so’z boyligi”) tarkibiga kiritish bilan birga, “quyi” kollokvializmlarni nostandart leksikaga xos jihatlariga bog’lab, uning qo’llanish muammolariga qarab chiqamiz. Nosatandart leksikaning asosiy qismi kundalik hayotda ko’p qo’llaniladigan og’zaki uslub so’z va iboralari, ya’ni slanglardan iborat. Shunga qaramasdan, rus tilshunosi V.A.Xomikov umumiy sleng so’z va iboralarini stilistik nutq tashuvchi, adabiy uslubga xos, his-tuyg’ularni ifodaluvchi so’zlar tarkibiga kiritadi. Aksincha nemis olimi A.D.Shveytser esa, umumiy slenglarni adabiyotdan yiroq oddiy ommaga xos so’zlar toifasiga qo’shadi. Jargon – faqat tor doiradagi odamlar tushunishi uchun, boshqa toifadagi odamlar tushunmasligi uchun qo’llaniladigan maxsus so’z va iboralardan iborat o’ziga xos tildir. Argo – ma’lum ijtimoiy doiradagi yoshi va ishi bir xil bo’lgan odamlar guruhiga xos (asosan jinoyatchilar to’dasi tili) so’z va iboralardan iborat alohida so’zlashuv uslubidir. Olimlar jargon va argo maxsus slengmi yoki nostandart leksikaning alohida bir qismimi, degan savol uchun hali-hanuz bir to’xtamga kelishgani yo’q. O’zining qo’pol va o’tkir ma’no sifatlari bilan vulgarizm nostandart leksikaga to’g’ridan to’g’ri taalluqlidir. Standart ingliz tilida vulgarizmga tabu (“taboo” – inglizcha “ta’qiq, cheklash”) sifatida qaraladi va tushuniladi. Nostandart leksika milliy tilning qismi va uning qoidalari doirasida turlanish orqali rivojlanadi. Ba’zida esa bu holatda tildagi so’zlarga chet tilidan ham ibora yoki so’zlar qoshilishi mumkin. Metafora va metonimiya orqali chet tilidan so’zlar sezilarli darajada boshqa tilga o’tishi mumkin. Nostandart leksika lug’atidagi so’zlar asosan adabiy tildagi so’zlarning tor yoki keng doiradagi turli ma’no olib yurirshi orqali har xil holatlar uchun, asl ma’nosidan to’liq chiqib ketmagan holda vaziyatda qo’llanishi rivojlana boradi. Ta’kidlab o’tish joizki, tildagi bunday holatlar tasodifiy emas. Ingliz tilining nostandart leksikasi rivojlanishi asosan olmon tillari kelib chiqishi tarixi bilan xarakterlanadi. Ko’pchilik nostandart leksikaga taalluqli so’zlar kelib chiqishidan boshlab o’z ma’nosiga xos adabiy til bilan mutanosib holda ishlatiladi. Quyida ingliz tilining amerikacha slengi orqali nostandart leksikaning bir qator misollarni ko’rib chiqishimiz mumkin. Affiksatsiya (“affixation” – inglizcha “so’z yasovchi qo’shimchalar”) – zamonaviy ingliz tilidagi yangi so’z yasovchi eng ko’p tarqalgan usullardan biridir va bunda o’zak va so’z yasovchi qo’shimcha yangi ma’no anglatuvchi so’z yasaydi. Affiksatsiya o’z ichiga prefikslar (“prefix” – inglizcha “so’z oldiga qo’shilib yangi so’z yasovchi qo’shimcha”), suffikslar (“suffix” – inglizcha “so’z oxiriga qo’shilib yangi so’z yasovchi qo’shimchalar”) va infikslarni (“infix” – inglizcha “so’z o’zagiga qoshilib yangi so’z yasovchi qo’shimchalar”) oladi. Nostandart leksika va sleng so’zlarini yasashda standart so’zlar yasash uchun qo’llanadigan so’z yasovchi affikslardan foydalaniladi. Eng ko’p tarqalgan madaniy ma’lumot beruvchi va harakatni bajaruvchini ifodalaydigan yangi nostandart so’z yasovchi qo’shimcha bu –er suffiksidir. Misol uchun, “greener” – yangi kishi yoki tajribasiz xodim (“green” – yashil, yangi unib chiqqan); “juicer” – alkogolik (“juice” – sharbat, ichimlik); “jumper” – o’g’ri, uyga derazadan oshib o’tuvchi (“jump” – sakramoq); “penciller” – jurnalist (“pencil” – qalam). Ingliz tili amerikacha slengida bunaqa so’zlarni yuzlab topish mumkin. Ingliz tili amerikacha slengi ot so’z turkumiga oid odamlarni ifodalovchi so’zlarni yasashda –ie suffiksi keng tarqalgan va u odamlarga nisbatan kichraytirish, erkalash yoki yomonlash ma’nolarini ifodalash bilan xarakterlanadi: “drunkie” – sharobxo’r, alkash (“drunk” – ichgan); “baddie” – yovuz, yomon amaki (“bad” – yomon); “goodie” – yaxshi odam (“good” – yaxshi). Inkor ma’no anglatuvchi prefiks no- amerika slengida nimanidir yetishmasligini, kamchihlikni ifodalash maqsadida ishlatiladi. Bu holatda qoidaga bo’y sungan holda so’z tire bilan ajratiladi: “no-hoper” – omadsiz, foydasiz odam (“hope” – umid qilmoq); “no-name” – arzimaydigan odam (“name” – ism); “no-show” – ko’rinmagan (kelmagan) odam (“show” – ko’rsatmoq). Navbatdagi so’z yasovchi birlik bu –aholic (mukkasidan ketgan) qo’shimchasidir. Bu birlik ilk bor “alcoholic” – sharobxo’r so’ziga qo’shilgan va keyinchalik nostandart leksika amerikacha slengida yangicha so’zlarni ifodalashda qo’llana boshlagan. Masalan: “workaholic” – mehnatkash, ishga mukkasidan ketgan (“work” – ishlamoq); “New Yorkaholic” – Nyu York shahriga sodiq, (“New York” – Nyu York shahri); “coffeholic” – kofe ichishga mukkasidan ketgan (“coffee” – kofe); “foodoholic” – yeb-to’ymas, ochofat (“food” – ovqat). Ingliz tilida yarim affiks degan tushuncha bor va ulardan ba’zida sleng so’zlarini yasashda ham ishlatiladi, masalan: proof, –man, –land, –like, –hood, –head va hokazo. Bu turdagi affikslar so’z yasovchi qo’shimcha bo’lish bilan birga o’zi alohida ma’noga ega so’z hamdir. Masalan: “freshman” – narkomanlikni boshlagan odam (“fresh” – barra, yangi); “jellyhead” – axmoq, jinni (“jelly” – jele, yelimshak); “hayhead” – marixuana chekuvchi odam (“hay” – hashak); “homeland” – qora hudud, kvartal (“home” – uy); “knifeman” – xirurg (“knife” – pichoq); Amerikacha ingliz tili slengida ikki mustaqil adabiy standartga taalluqli so’z o’zaklarining qo’shilishidan ham alohida bir ma’no toifasiga oid yangi so’zlar yasalgan, masalan: “nutball” – telba (“nut” – yong’oq, “ball” – koptok); “nutbox” – ruhiy xastalar kasalxonasi, jinnixona, (box – quti); “pigpen” – politsiya uchastkasi (“pig” – cho’chqa, “pen” – molxona). Abbrivatsiya (“abbreviation” – inglizcha “so’zlarning qisqartmasi”) sleng yasashda juda keng tarqalgan usullardan biridir: “mon” (“money” – pul), “biz” (“business” – ish, biznes), “fess” (“professor” – professor), “tec” (“detective” – detektiv). Rus tilshunoslari T.М. Belyayev va V.А. Xomyakovlar so’z qisqartirishning uch xil ko’rinishi, ya’ni ingliz tilida so’zning birinchi bo’gini yoki o’rtadagi bo’g’inini, yoki oxirgi bo’g’inni qoldirish orqali qisqartma sleng ishlatilishini kuzatish mumkinligini aytib o’tishadi. So’z yasashning yana bir unumli usullaridan biri bu – so’zni o’zini takrorlashdir va bu juda qadimdan tilda qo’llanilib kelgan hodisadir hamda so’z takrorlanib ishlatilganda o’z ma’nosini kuchaytirishi yoki boshqa ma’noga o’tishi mumkin: “bye-bye” – xayr (“bye” - xayr), “jaw-jaw” – suhbat, bekorchi gap (“jaw” – jag’). Takror so’zlar asosan slengda kuzatiladi va shular keyinchalik adabiy til standart qoidalariga qo’shilishi mumkin. Masalan: inglizcha “tip-top” – a’lo, birinchi darajali yoki “hocus-pocus” – focus-pokus, ko’z bo’yamachilik qilish, aldash. Tilda bu kabu so’zlar asrlab saqlanib qolishi mumkin. Yuqorida aytib o’tilganlardan kelib chiqib, quyidagicha xulosaga kelish mumkin, ya’ni ma’lum bir chet tilining faqatgina adabiy tili ma’nolarini o’rganish bilan u til va o’sha tilda gaplashuvchilar haqida to’liq tasavvurga ega bo’la olmaymiz, ularni to’liq tushuna olmaymiz. Nostandart leksikani bilish, ayniqsa ingliz tilining amerikacha slengini bilish, zamonaviy badiiy adabiyot, ommaviy axborot yangiliklari, shuningdek tarjimonlik va ingliz tilida gapiruvchi odamlar bilan suhbatlashish uchun juda ham zarurdir.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar: 1. Semenyuk N.N. “Из истории функционально-стилистических дифференциаций немецкого литературного языка.” М., 1972. 215 b. 2. “Русский язык в современном мире” / F.P.Filin tahrir. M., 1975. 301 b. 3. Vinogradov V.V. “Итоги обсуждения вопросов стилистик // Вопросы языкознания.” 1955. № 1. 4. Piotrovskiy R.G. “Сосуществующие фонетические системы и стилистические корреляции в молдавском языке // Проблемы структурной лингвистики.” 1962. № 1. 5. Kenyon J.S. “Cultural Levels and Functional Varietes of English // Readings in Applied English Linguistics.” N. Y., 1958. Р. 215-220. 6. Hannerz U. “Language. Variations and Social Relationships // Studia Linguistica.” 1970. Vol. 24, N 2. 7. Yartseva V.N. “Развитие национального литературного английского языка.” М., 1969. 310 b. 8. Partridge E. “The World of Words.” London, 1938. 9. Xomyakov V.А. “Нестандартная лексика в структуре английского языка национального периода: автореф. дис. … д-ра филол. наук. Л., 1980. 39 b. 10. Shveytser А.D. “Социальная дифференциация английского языка в США.” М., 1983. 216 b. 11. Belyayev Т.М., Xomyakov V.А. “Нестандартная лексика английского языка.” Л.: Изд-во ЛГУ, 1985. 136 b.