Foydalanuvchi:DilnozaMuhiddinova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abdulla Oripov 1941-yilning 21-martida, yaʼni Yilboshi bayrami kuni Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidagi Nekoʻz qishlogʻida tugʻildi. Qishloq Qoʻngʻirtov etagiga oʻrnashgan boʻlib, oqar suv taqchil boʻlsa-da, seryomgʻir kelgan yillarda koʻkat-u maysalarga koʻmilib qoladigan kengish joy edi. Bu haqda shoirning oʻzi shunday yozadi:

"Ayniqsa, bahor paytlarida bu yerlarga yogʻin koʻp tushar, Qoʻngʻirtov etaklari ming xil oʻt-oʻlan, chuchmoma-yu qizgʻaldoqlar bilan, quyontoʻpigʻ-u ismaloq bilan, karrag-u hazorisfand bilan, qoʻzigullar bilan qoplanar, atrof-tevarak jannatiy bir manzara kasb etardi. Sel suvlari toʻplanib qolgan kichik-kichik koʻllarni “qoq” deyishardi. Uning toza suvini odamlar tashib ichishar, bola-baqra chuchmomay-u ismaloq, zamburugʻ terib, Qoʻngʻirtov etaklarida kunlarini kech qilar edi"

Ana shunday goʻzal maskanda tugʻilib oʻsgan Abdulla Oripovning otasi Orifboy Ubaydulla oʻgʻli ishbilarmon dehqonlardan boʻlib, jamoa xoʻjaligi raisi edi. Onasi Turdixol momo koʻpchilik oʻzbek ayollari singari sarishta, mehnatkash, mehribon, gʻoyat taʼsirchan va ezgulikka tashna ayol boʻlgan. Oilada toʻrt oʻgʻil, toʻrt qiz boʻlib, Abdulla oʻgʻillarning kenjasi edi.