Foydalanuvchi:Bahodor0303/MALAYZIYA YANGI DAVRDA (XV-XVIII ASRLARDA)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

MALAYZIYA YANGI DAVRDA (XV-XVIII ASRLARDA)[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVI asr boshlarigacha Malayziya tarixida savdoning rivojlanishi va katta madaniy yutuqlar bilan bog‘liq yuksalish davri bo‘ldi. Islom hukmron din edi. XVIasr boshlaridan Malayziyaga Yevropa davlatlarining mustamlakachilik ekspansiyasi boshlandi. Indoneziya arxipelagidagi orollar bilan Hindiston o‘rtasida savdo yo‘llarining kesishgan joyidagi muhim port hisoblangan Malakka 1511 yili portugallar tomonidan bosib olindi. Malakka 40 mingdan ziyod aholiga ega bo‘lgan shahar-davlat edi. Daromadining asosiy qismi Hindiston, Xitoy, Siam, Birma va boshqa davlatlar bilan olib boriladigan savdodan tushardi. Barcha yerlarning oliy mulkdori sulton bo‘lib, u dehqonlardan yer solig‘i olardi. Qullar mehnatidan asosan uy- xo‘jalik ishlarida foydalanilardi. Shahar portugallar tomonidan zabt etilgandan so‘ng harbiy qal’aga aylantirildi va mustamlakachilarning Janubi-Sharqiy Osiyodagi asosiy tayanch punkti bo‘lib qoldi. Shahar boshqaruvi komendant qo‘liga o‘tdi va u 1571 yili Portugaliya qiroli tomonidan tayinlanadigan gubernator darajasini oldi. Malakkaning atrofida joylashgan mayda knyazliklar o‘z mustaqilliklarini saqlab qoldi va portugallarga dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan ba’zilari muvaffaqiyatsiz bo‘lsada, ularga qarshi urush olib borishga ham harakat qilishdi. Malakka zabt etilgandan so‘ng uning sultoni janubga qochdi va u yerda yangi Joxor sultonligini tashkil qildi. Yarim oroldagi davlatlarning ko‘pchiligi unga tobelikni tan oldilar. Joxor sultonligi Malakkani, u bilan birga yo‘qotilgan savdo yo‘llarini qaytarish maqsadida portugallarga qarshi uzoq vaqt urush olib bordi. Malakka zabt etilgandan so‘ng yarim orolning shimolida joylashgan Ache sultonligi kuchayadi va Malakka bo‘g‘ozida hukmronlik uchun portugallar hamda Joxor sultonligi bilan raqobatlasha boshlaydi. XVI asr oxirlarida Malakka hududiga intilayotgan inglizlar va gollandlar bu yerda portugallar va ispanlar bilan raqobatlasha boshladi. 1606 yil gollandlar Joxor bilan ittifoq tuzib, Malakkani qamal qilishdi va bu yerdagi Portugaliya flotini mag‘lubiyatga uchratdi. 1637 yili Gollandiya bilan Joxor o‘rtasida yangi ittifoq tuzilib, uning natijasida Malakka zabt etildi. Endi u gollandlarning qaytadan mustahkamlangan, doimiy harbiy gornizonga ega bo‘lgan qal’asiga aylantirildi. Gollandlarning Malakka gubernatori lavozimi joriy qilindi.XVIII asr boshlaridan qaytadan kuchaygan Joxor sultonligi gollandlarga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirdi. Ular o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuv 1783 yilibo‘lib, bundagi mag‘lubiyatdan so‘ng Joxor sultonligi Gollandiyaning Ost-Indiya kompaniyasiga tobelikni tan oldi.[1]

  1. 1. Shuhrat Ergashev ,, Jahon tarixi " Toshkent. 2013-yil.