Kontent qismiga oʻtish

Foydalanuvchi:Ahmadova Umidaxon Shavkat qizi/qumloq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

AXBOROT GLOBALLASHUVIDA PERIFRAZALARNING O‘RNI[tahrir | manbasini tahrirlash]

    

    Maqolada XXI asrning eng dolzarb, eng ommabop va qimmatbaho mahsulotiga aylangan axborotni tinglovchilarga yetkazishda publitsistik uslub perifrazalari bilan birgalikda qo‘llanilishi va uning o‘rni  misollar asosida tahlil qilingan.

Kalit so‘zlar:   perifraza, tasviriy ifoda, publitsistika, axborot, til, tilshunoslik.

  

     Publitsistika reportaj, pamflet, felyeton kabi bir qancha janrlarga ega. Bular bir-biridan ma’lum farqlarga ega bo‘lsa-da, bir umumiy belgiga ega, u ham bo‘lsa nutqning jamiyatga qaratilganligidir. Mana shu nutqning  axborot globallashuvida til va tasvirning o‘rnini yanada kuchaytirish va ma’lumotning qimmatini oshirish maqsadida perifraza (tasviriy ifoda)larning publitsistik uslubda qo‘llanilishi orqali namoyon bo‘lishi publitsistik uslub perifrazalarining bugungi kundagi amaliy ahamiyati yuqori ekanligidan dalolat beradi. Ayni paytda tilning funksional uslublari haqida so‘z ketar ekan, til vositasini ijtimoiy faoliyat sohasida an’analar va qoidalar asosida ishlatish joiz. Shu ma’noda ommaviy muloqot uslubi betakror ildizlariga ega. Axborot matnini tayyorlashning o‘ziga xos uslublari mavjudki, ular o‘z navbatida, turli shakl va janrlarga ajraladi. Shuningdek, bugungi kunga kelib, muxbirlarimiz ma’lum bir mavzuga doir faktlarni publitsistik uslubda ifoda etish  jarayonida badiiy usubning komponenti bo‘lgan tasviriy ifodalarga murojaat qilib, uning dolzarb zamondagi imkoniyatini, texnik va texnologik unsurlarini ishga solish bilan bir qatorda, uning ichki xususiyatlarini ham ochib bermoqdalar. Umuman, publitsistik uslubda perifrazalarning qo‘llanilishi haqida gap ketganda, shuni alohida qayd etib o‘tish kerakki, bugungi o‘zbek jurnalistikasi jahon axborot makoni arxitektonikasiga tarkibiy bo‘lim sifatida kirar ekan, axborotning tezkorligi, shiddatkorligi va ta’sirchanligini ta’minlash, zamonaviy shakllardan foydalanishni keng joriy etish masalasi hamisha davr talabi sifatida qaralmoqda. Axborot matniga ortiqcha bezak berish, so‘zlarni keragidan ortiqcha ishlatish tavsiya etilmaydi. Chunonchi, dunyo axborot maydonida paydo bo‘layotgan zamonaviy tushunchlarning  barchasi qisqalikka va tezkorlikka yo‘naltirilmoqda. Perifrazalardan o‘z o‘rnida foydalana bilish mahorati tarqatilayotgan axborotning muvaffaqiyatini belgilaydi.

    XXI asrda axborot – eng dolzarb, eng ommabop va qimmatbaho mahsulotga aylanib ulgurgan bir vaqtda, bugunga kelib axborotni tarqatish va uni qabul qilib olishning usul va vositalari shu qadar ko‘paydiki, bu o‘z-o‘zidan to‘g‘ri va ishonchli manbalarga bo‘lgan ehtiyojni orttirib, eshituvchi tomoshabin  uchun ma’naviy ozuqa bera oluvchi kuchga ega bo‘lgan vositalarni to‘g‘ri yo‘naltira olish, axborot bankini har tomonlama zamonaviy talablarga to‘la mos kela oladigan qilib shakllantirish publitsistik uslubda ish yurituvchilar oldida turgan eng muhim vazifa bo‘lib qolaveradi. Zero, har bir davr, har bir makonda bo‘lgani kabi tarqatilayotgan axborotlar uchun javobgarlik, axborotga egalik qilish madaniyati shakllangan kishilargina axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal taraqqiy etib borayotgan bugungi davrning chinakam qahramonlari bo‘lib hisoblanadilar.

    Publitsistik uslubning har ikkala shaklida ham birdek qo‘llanilayotgan publitsistik perifrazalar kuchli ta’sir berish orqali ishonchli manbani tinglovchi va o‘quvchiga yetkazishga xizmat qilmoqda. Publitsistik uslubning yozma va оg‘zaki ko‘rinishlari o‘ziga хоs хususiyatlarga ega bo‘lsa-da, ularda publitsistik uslub perifrazalarining qo‘llanilishi til va tilshunosligimizning ulkan yutuqlaridandir. Chunоnchi, bu uslubning ikkala turida publitsistikaga хоs siyosiy aktivlik, hоzirjavоblik, o‘tkir va ta’sirchan nоtiqlik, mantiqiylik, tashviqоt va targ‘ibоt kabi хususiyatlar mavjud bo‘ladi. Publitsistikaga хоs umumiy bеlgilarga muallif munоsabatining оshkоra va aniq ifоdalanishida perifrazalarning ko‘makka kelishi nutqni yanada ko‘rkamlashishiga ulkan hissa qo‘shmoqda. Muallifning vоqеlikka  munоsabati  faktlarning  tanlashida, ularni  o‘z  dunyoqarashi va  estеtik  tamоyili  asоsida  mantiqiy tahlil  qilishida  va  nihоyat,  tilning  emоtsiоnal-eksprеssiv  vоsitalaridan  fоydalanishida  o‘z ifоdasini   tоpadi.  

    Til taraqqiyotida muhim omil sanaladigan publitsistika o‘z navbatida tilning imkoniyatlaridan ham keng foydalanadi. Ommabop uslub imkoniyatlarining kengligini lingvistik va ekstralingvistik (paralingvistik) – tildan tashqaridagi omillarning mustahkam aloqadorligida kuzatamiz. Publitsistik janrda yozilgan asarlarning mohiyatan hozirjavobligi, ularning axborot hamda targ‘ibot-tashviqot xarakterda bo‘lishi va ommani dunyo yoki mamlakatimiz miqyosida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan zudlik bilan xabardor qilishi natijasida yuzaga keladigan novatorlik unda tabiiy ravishda yangi ijtimoiy-siyosiy terminologiyaning qo‘llanilishi va tilimizda me’yorlashishiga sabab bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, ommabop uslub tilning yangi so‘z va iboralar hisobiga boyib borishiga ko‘maklashadi. Bu uslubda shakllangan matnlar obrazliligi, ta’sirchanligi, tasviriy vositalarning mahsuldor qo‘llanilishi bilan badiiy uslubga yaqinlashsa, dialektizmlar, istorizmlar, argo va jargonlar uni boshqa vazifaviy uslublardan chegaralash imkonini beradi. Publitsistik uslubda tasviriy ifoda (perifraza)larning qo‘llanish doirasi kengayib, boyib bormoqda. Fikrimizga oydinlik kiritish maqsadida quyidagi misollarni keltiramiz:

Zamonaviy tibbiyotning dushmani – internet

    Internet ommaviy xavotirlar sababchisi bo‘lib, bugun shifokorlar , internet – zamonaviy tibbiyotning dushmani degan fikrni qayta-qayta ta’kidlashib, ularning fikricha, ko‘pchilik bemorlar kasallik haqida internet tamog‘i ma’lumotlari asosida o‘zlariga tashxis qo‘yib, mustaqil ravishda davolanishga urinishmoqda [Davr informatsion dasturining E’zozaxon Abdullayeva nutqidan].

Yuksak texnologiyalar zamoni, tafakkur asri, yalpi axborotlashuv davri, globallashuv davri – XXI asr

    Davlat va siyosat arboblari, faylasuflar va jamiyatshunos olimlar, sharhlovchi va jurnalistlar bu davrni turlicha ta’riflab har xil nomlar bilan atab, kimdir uni yuksak texnologiyalar zamoni desa, kimdir tafakkur asri, yana birov yalpi axborotlashuv davri sifatida izohlamoqda. ...Ammo ko‘pchilikning ongida bu davr globallashuv davri tariqasida taassurot uyg‘otmoqda [1, 110].

Baxt qo‘rg‘oni – oila

   Baxt qo‘rg‘oni butligiga barcha mas’ul, oilalarning mustahkamligi jamiyat farovonligini ta’minlovchi muhim omillardandir (“Mahalla”, 2017-yil, 10-yanvar).

   Yuqorida tahlilga tortilgan misollardan ma’lum bo‘ladiki, publitsistik uslubda qo‘llanilayotgan va foydalanilayotgan perifrazalarning tezkorlik va aniqlikka yo‘naltirilayotganligi uning bugungi davr uchun davr ehtiyoji bo‘lib turganligi siyosiy sharhlovchilar nutqida o‘z ifodasini topmoqda. O‘zbek tilining kompyuter va internet, aniq fanlar, tibbiyot, iqtisodiyot kabi maxsus termin va tushunchalarni talab qiladigan sohalarda ham keng qo‘llana boshlagani uning imkoniyatlari nechog‘liq  katta ekanini ko‘rsatib turibdi. Tilimizdagi bunday serqirralik uning yanada sayqallashib, boyib borishidan dalolat beradi.

Adabiyot:

1. Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. Toshkent: “Ma’naviyat”, 2009. –173 b.