Faksimil aloqa
Faksimil aloqa, fototelegraf — yassi qoʻzgʻalmas tasvirlar (jadvallar, rasmlar va harfli raqamli matnlar) ni uzoq masofaga uzatish va qabul punktida paydo qilish; elektr aloqaning bir turi. Telefaf aloqa tarkibiga kiritiladi. Simlar orqali yuboriladigan elektr signallar va radiosignallar yordamida amalga oshiriladi. Fototelegrammalarni joylarga uzatishda, meteorologik stantsiyalar orasida gidrometeorologiya xaritalarini almashinishda va boshqa hollarda faksimil aloqa vositalaridan foydalaniladi.
Qoʻzgʻalmas tasvirni uzoq, masofaga uzatish gʻoyasini italyan fizigi J. Kazelli 1855-yilda amalga oshirdi. XX asr 20-yillarida fotoeffekt hodisasi, elektron lampalar, elektr tebranishlari kuchaytirgichlari paydo boʻlganidan soʻng faksimil aloqa rivojlana boshladi. Dastlab faksimil aloqa orqali faqat fototelegrammalar uzatilgan va fototelegraf aloqa deb atalgan. 50—60-yillardan boshlab xaritagrafiya materiallari va gazeta sahifalari ham uzatila boshladi. Telefoniya va telegrafiya boʻyicha xalqaro maslahatlashuv qoʻmitasi (MKKTT) ning tavsiyasiga koʻra, 1953-yilda umumiyroq nom bilan, yaʼni faksimil aloqa deb atala boshladi.
Faksimil aloqa faksimil apparat yordamida amalga oshiriladi. Bu apparat mexanik, yorugʻlik optika va elektron qurilmalar majmuidan iborat. U uzatuvchi, qabul qiluvchi va qabul qiluvchi-uzatuvchi turlarga boʻlinadi. Uning yordamida yassi qoʻzgʻalmas obyektlar (originallar) elektr aloqa liniyalari orqali uzatiladi va obyektning nusxasi (faksimil) tarzida qabul qilinadi.
Faksimil aloqada bajariladigan amallar: faksimil apparat uzatkichida uzatish obyekti (original) sirtini muayyan alomatlari (mas, optik zichligi) boʻyicha bir xil boʻlgan kichik-kichik yuzachalarga boʻlib chiqish; shu yuzachalar tasvirini elektr impulslariga aylantirish; shu impulslarni aloqa liniyasi boʻyicha uzatish; qabul qilgichda bu impulyelarni tasvirga aylantirish va qayd qilish. Uzatiladigan obyekt (rasm, matn va boshqalar) ning nusxasi (faksimil) shu tariqa hosil qilinadi. Tasvir nusxasi fotoqogʻoz, fotoplyonka, elektrografik, elektrokimyoviy, elektrotermik qogʻoz yoki oddiy yozuv qogʻoziga, ferromagnit material va boshqalarga qayd qilinadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |