Fornaks

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fornaks (lotincha: Fornax ; boshqa ismi — Fornaka (lotincha: Fornaca[1])) — Rim mifologiyasida oʻchoq va don quritish uchun moʻljallangan pech maʼbudasi[2].

Mifologiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Afsonalarga koʻra, qadimgi rimliklar yerdan birinchi hosilni yigʻib olganlaridan keyin uni maʼbuda Sereraga tuhfa sifatida taqdim etishgan. Keyinchalik ular olov bilan ishlashni oʻrganganlar va bugʻdoy donalarini xovonchalarda maydalashdan oldin qovurib olishni (yoki quritishni) boshlaganlar. Biroq, donlar tez-tez kuyib ketar, kul baʼzida kulbalarning yonib ketishiga sabab boʻlardi. Mana shu vaqtda oʻchoq va pech timsoli boʻlmish maʼbuda Fornaka (yoki Fornaks) odamlarga yordamga kelgan. Odamlar Fornakadan donlarni kuydirib yubormaslikni oʻtinib soʻrashgan va oʻsha vaqtdan keyin donlarni qovurish uchun pechlardan foydalana boshlashgan[1].

Bayramlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fornaka maʼbudasiga bagʻishlab oʻtkaziladigan bayramga Fornakaliya (Fornacalia) deb nom berilgan. Bayram fevral oyida nishonlangan[3]. Bayram vaqtida non pishirib, yangi hosil uchun maʼbudaga minnatdorchilik bildirishgan.

Versiyalardan biriga koʻra, Fornakaliya 17-fevral sanasida boʻlib oʻtgan va katta kuriya (curio maximus) tomonidan eʼlon qilingan[4]. Boshqa mualliflarning fikriga koʻra, bayram fevral oyida nishonlangan, ammo sana oʻzgarib turgan, qatʼiy belgilangan bitta kun boʻlmagan.Kuriyalarning har biri oʻzining qurbonlik qilish sanasini belgilab olgan, katta kuriya (curio maximus) bayramni eʼlon qilgan va Forumga joylashtiriladigan kichik taxtachaga eʼlon yozib qoʻygan. Shunday qilib, kuriyalar marosimni turli kunlarda oʻtkazganlar[5][6]. Ammo, bir nechta alohida kuriyalar bayramlarda birga qatnashgan holatlar ham juda koʻp boʻlgan; baʼzi tadqiqotchilarning fikriga koʻra, bunga ularning oʻz vaqtida umumiy pechdan foydalanganlari sabab boʻlgan[3].

Bayram 17-fevral kuni yakunlangan — ushbu sanani tentaklar bayrami (Stultorum feriae) deb ham atashgan. Bayramning bunday nomlanishiga aynan mana shu kuni maʼbuda uchun qurbonlik qilish avvallari qurbonlik qilishda qatnashishga ulgurmaganlar chekiga yuklangani sabab boʻlgan. Aksariyat hollarda, bular savodsiz dehqonlar boʻlishgan, ular oʻqishni bilishmagan, shuning uchun ham kuriyalarning bayramni qaysi kun nishonlashlarini tushuna olishmagan yoki qaysi kuriyaga tegishli ekanliklarini umuman bilishmagan. Bunday odamlar tentak (stulti) deb eʼlon qilingan va 17-fevralda Kvirinaliya marosimini bajarishga majbur boʻlishgan, ushbu marosim Numa Pompiliy tomonidan Kvirin ilohi sharafiga joriy etilgan[7][8].

Keyinchalik, tegirmonlarning paydo boʻlishi va ularning maishiy hayotga kirib kelishi bilan donni quritish uchun pechlardan foydalanish kamaydi, Fornakaliya bayrami esa asta-sekin oʻz ahamiyatini yoʻqotdi[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 Овидий. Fasti, II: 513—532.
  2. 2,0 2,1 Fornaks, fornakalii // VikiChtenie.
  3. 3,0 3,1 Fornaks // Mifologicheskaya ensiklopediya.
  4. Ovidiy. Fasti, II: 525 ff.
  5. Марк Теренций Варрон. LL, VI:13
  6. Ovidiy. Fasti, II: 531.
  7. Festus Grammaticus. 304, 418 L.
  8. Jacques Heurgon. Rome et la Méditerranée occidentale jusqu’aux guerres puniques. — Paris: PUFF, koll. „Nouvelle Clio : l’histoire et ses problèmes“. — № 7, 1993 (1-e izd. 1969). — pp. 215—216.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Kondrashov A. Qadimgi Yunoniston va Rim afsonalari va afsonalari: Entsiklopediya. — M.: RIPOL klassik, 2005. — 768 p.
  • Dunyo xalqlarining afsonalari / Ed. Tokareva S. A. — M.: Sovet Entsiklopediyasi, 1992. — T. 2. — 719 b.