Muhammadamin Faxriddinov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Faxriddinov Muhammadamindan yoʻnaltirildi)

Faxriddinov Muhammadamin (1894 Toshkent – 1941) – oʻzbek maʼrifatparvari, pedagog. Toshkentdagi madrasalardan biri va 2 bosqichli rus-tuzem maktabini tugatgan. 1913—17 yillarda Toshkentdagi rus-tuzem maktablaridan birida oʻqituvchi. Okt. toʻntarishi (1917)dan soʻng oʻzbek maktablarida oʻqituvchilik qilgan. F. yangi usul maktablari uchun oʻzbek tili darsligi („Turkcha qoida“), alifbe kitobi („Rahbari avval“), geogr.dan qoʻllanma („Jugʻrofiyai riyoziy“)lar yozgan. „Turkcha qoida“ (1913, Toshkent) oʻzbek tilida birinchi marta yozilgan maktab darsligi boʻlib, boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun moʻljallangan. Unda oʻzbek tili grammatikasi, imlo va tinish belgilari haqida dastlabki nazariy maʼlumotlar, mashqlar berilgan. „Rahbari avval“ (1917, Toshkent) usuli maddiya (harflarning nomiga unli tovushlar qoʻshib, choʻzib boʻgʻin hosil qilish)dagi birinchi rasmli oʻzbek alifbesidir. Darslikda orginal matnlar bilan bir qatorda K. D. Ushinskiy, L. N. Tolstoy va boshqa rus pedagoglarining bolalarga moʻljallangan asarlari ham berilgan.