Fath ibn Shuhraf Keshiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fath ibn Shuhraf Keshiy muhaddis, oʻz davrida „zohid“, „obid“ kabi nomlari bilan shuhrat qozongan olim, muarrix Shamsiddin Zahabiyning taʼbiri bilan aytganda, islom olamidagi ilk soʻfiy shayxlaridan biri boʻlgan[1]. Allomaning toʻliq ismi Fath ibn Shuhraf ibn Dovud ibn Mazohim Abu Nasr Keshiy Xurosoniy boʻlib, baʼzi manbalarda Shuxraf emas, Suxraf nomi bilan ham zikr etiladi[2]. Olimning tugʻilgan vaqti VIII asr oxirlari IX asrning birinchi yarmiga toʻgʻri keladi. Fath ibn Shuhraf Keshiy Abdulhamid Keshiy, Imom Buxoriy, Imom Ahmadlar kabi mashhur muhaddislar yashagan davrda yashab ulardan hadis rivoyat qilgan. Koʻpgina arab manbalarida Fath ibn Shuhrafning tugʻilib oʻsgan joyi Kesh shahri ekanligi qayd etiladi. Tarixchi Xatib Bagʻdodiyning „Tarixi Bagʻdod“ asarida Fath ibn Shuhraf Keshiyning Samarqand yaqinidagi Kiss yaʼni Kesh shahridan ekanligini aytib oʻtgan[3]. Ibn Mulaqqinning „Tabaqotu-l-avliyo“ asarida ham Fath ibn Shuhrafning hayoti haqida quyidagilar keltiriladi: „Fath ibn Shuhraf ibn Dovud Keshiy Movarounnahrdagi Naxshab (Nasaf)ga yaqin boʻlgan Kesh shahrida tugʻilgan. Olim nihoyatda taqvodor, ibodati chiroyli va zohid boʻlib, oʻttiz yil davomida non isteʼmol qilmagan edi“[4]. Fath ibn Shuhraf Bagʻdod, Kufa, Damashq shaharlarida ilm talabida boʻladi va Bagʻdod shahrida uzoq qolib, u yerda Rajo ibn Murjiy Marvaziy, Abu Shurayhbil ibn Iso ibn Xolid ibn Axiy ibn Yamon Humsiy, Jaʼfar ibn Abulvohid Hoshimiy, Muhammad ibn Xalaf Asqalaniy, Jorud ibn Sinon Termiziy, Muhammad ibn Abdulmalik ibn Zanjavayh, Abdulloh ibn Xubayq, Ahmad ibn Hanbalning amakisi, Hanbal ibn Ishoq, faqih va imom Abu Nasr Tabariy kabi bir qancha olimlardan hadis eshitib taʼlim olgan hamda ulardan hadislar rivoyat qilgan[5]. Fath ibn Shuxraf Keshiydan esa Ahmad ibn Ali ibn Alo Juzjoniy, Shuayb ibn Muhammad ibn Rojiyon, Abu Muhammad Jaririy, Muhammad ibn Ahmad Hakimiy, Abu Amr ibn Sammok, Ahmad ibn Salmon Najod, Abu Iso Lahmiy, Abu Bakr Misriy[6], Abu Ishoq Shaʼbiy[7], ulugʻ soʻfiy hamda zohid Abu Turob Naxshabiy[8] va boshqa olimlar hadis rivoyat qilganlar. Alloma hayoti davomida ulugʻ olimlarning yuksak eʼtiroflariga sazovor boʻlgan. Jumladan, Ahmad ibn Hanbal uni: „Xurosondan Fath ibn Shuhrafdek biror kishi chiqmadi“[9], — deya eʼtirof etgan. Mufassir ibn Kasir ham Fath ibn Shuhrafni shunday taʼriflaydi: „Fath ibn Shuhraf soʻfiy shayxlardan biri boʻlib, karomat va hol sohibi edi. Hikmatli va manfaatli gaplarni koʻp aytardi“[10]. Fath ibn Shuhraf Keshiyning yozgan asarlari haqida hozircha aniq maʼlumot yoʻq boʻlib, uning rivoyat qilgan hadislari, hikmatli gaplari hamda nazmiy bitiklari moʻʼtabar manbalarda qayd etilgan. Fath ibn Shuhraf Keshiy aytadi: "Bir kun kechasi men tushimda Ali ibn Abu Tolib (r.a.)ni koʻrdim va u kishiga: „Ey moʻʼminlarlarning amiri menga nasihat qiling“, dedim. Hazrat Ali (r.a) shunday dedilar: „Qanday ham yaxshi! Boylar Alloh taolo roziligi uchun kambagʻallarning majlislarida tavozeʼ bilan oʻtirsalar. Qanday yaxshi! Kambagʻallar Alloh roziligi uchun boylarning majlislarida gʻurur va iftixor bilan oʻtirsalar“, — dedilar[11]. Alloma oʻzida kuchli taqvo va kamtarinlik fazilatlarini mujassam etib, kishilarni oʻzining hikmat va nasihatlari bilan toʻgʻri yoʻlga boshlagan. Fath ibn Shuhraf Keshiy 273/887 yilning shavvol (mart) oyida Bagʻdodda vafot etgan. Olimning shogirdi Abu Muhammad Jariyriy: „Fath ibn Shuhrafning jasadini yuvayotgan chogʻimizda uning oʻng taraf terisining ostki qismida, la ilaha illallohu, xilqatun lillahi va lillahi va ilayhi[12] yozuvlarining paydo boʻlganini koʻrdik“[13], — deya guvohlik beradi. Xatib Bagʻdodiy va boshqa muarrixlarning maʼlumotiga koʻra Fath ibn Shuhraf Bagʻdod shahrining janubi gʻarbidagi muhaddis Ahmad ibn Hanbalning maqbarasi yonida dafn etilgan. Olimning janozasi oʻttiz uch marta oʻqilgan va har bir oʻqilgan janoza namozida kamida yigirma besh ming, oʻttiz ming kishi qatnashgan[14]. Mazkur maʼlumotlardan, Fath ibn Shuhraf Keshiyning oʻz davri butun musulmon olamida yuksak obroʻ-eʼtibor va shuhrat sohibi boʻlganligi maʼlum boʻladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Qarang: Shamsiddin Zahabiy. Tarixu-l-islam. — Bayrut: Doru-l-kitab al-arabiy, 1987. — J. 20. — B. 412.
  2. Қаранг: Абул Фараж Жавзий. Сойду-л-хотир. – Қоҳира: Дору-л-кутуб, 1926. – Ж. 1. –Б. 141; Абу Бакр Аҳмад ибн Ҳусайн Байҳақий. Шуъбу-л-имон. – Байрут: Дору-л-кутуб ал-илмия, 1990. – Ж. 6. – Б. 298.
  3. Хатиб Бағдодий. Тарихи Бағдод. – Ж. 1. –Б. 323.
  4. Ибн Мулаққин. Табақоту-л-авлиё. – Қоҳира, 1973. – Ж. 1. – Б. 145.
  5. Қаранг: Хатиб Бағдодий. – Ж.2. –Б. 380; Ибн Касир. Ал-Бидоя ва-н-ниҳоя. – Байрут: 1988. Мактабату-л-маъориф. – Ж. 5. – Б. 155; Шамсиддин Заҳабий. Тариху-л-ислам. – Байрут: Дору-л-китаби-л-арабий, 1987. – Ж. 20. – Б. 412;
  6. Хатиб Бағдодий. Тарихи Бағдод. – Ж. 2. – Б. 394.
  7. Хатиб Бағдодий. Тарихи Бағдод. – Ж. 3. – Б. 82.
  8. Шамсиддин Заҳабий. Тариху-л-ислам. – Ж. 18. – Б. 350.
  9. Қаранг: Хатиб Бағдодий. Тарихи Бағдод. – Ж. 21. –Б. 387; Абул Фазл Сайид Нурий. Мавсуату ақвалу-л-имом Аҳмад ибн Ҳанбал, Абулфараж Жавзий. Ал-мунтазам фий тарихи-л-мулук ва-л-умам. – Байрут: Дору-л-содр. 1939. – Ж. 12. – Б. 124
  10. Ибн Касир. Ал-Бидоя ва-н-ниҳоя. – Ж. 5. – Б.155.
  11. Қаранг: Абу Ҳомид Ғаззолий. Иҳёу улуми-д-дин. – Байрут: Дору-л-маърифа, 1991. – Ж. 3 – Б. 342, Ибн Манзур. Махтасари тарихи Димашқ. – Байрут: Дуру-л-фикр. – Ж. 6. – Б. 6; Ибн Мулаққин. Табақоту-л-авлиё. – Ж. 1. – Б. 46
  12. Ла илаҳа иллаллоҳу – Аллоҳдан бошқа илоҳ йўқ. Хилқатун лиллаҳи – Аллоҳнинг бандаси.Лиллаҳи ва илайҳи – бизларни Аллоҳнинг ўзи яратган ва бизлар албатта унинг ҳузурига қайтамиз.
  13. Ибн Асокир. Тарихи Димашқ. Абу Саид Амрий таҳқиқи. – Байрут: Дору-л-фикр. – Ж. 48. – Б. 236.
  14. Қаранг: Абулфараж Жавзий. Ал-Мунтазам фий тарихи-л-мулук ва-л-умам. – Ж. 5-12. – Б. 90-124; Хатиб Бағдодий. Тарихи Бағдод; – Ж. 2. –Б. 384; Ибн Асокир. Тарихи Димашқ. – Ж. 48. – Б. 238.