Domna Visvizi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Domna Visvizi
Taxallus(lar)i Bouboulina
Tavalludi 1783
Vafoti 1850 (67 yosh)
Fuqaroligi Gretsiya
Unvoni Kapitan

Domna Visvizi (yunoncha: Δόμνα Βισβίζη; 1783—1850) — Gretsiya mustaqillik urushida qatnashgan yunon dengiz kapitani. Urush boshlanganda, Visvizi eri Chatzi Antonis Visvizisga qoʻshilib, Kalomoira kemasida yunon ishi uchun kurashgan. 1822-yil iyul oyida eri jangda halok boʻlgach, Visvizi kema qoʻmondonligini oʻz zimmasiga oladi va urushdagi faoliyatini davom ettiradi. Visvizi Euboea orolini yunonlar tomonidan bosib olinishiga ulkan hissa qoʻshgan. Mablagʻlar kam boʻlgani sababli va Gretsiya rahbariyati tomonidan qoʻshimcha moliyalashtirish rad etilgandan soʻng, Visvizi 1824-yilda kemasi Kalomoirani yunon flotiga topshiradi. Urushdan keyin, u qashshoq boʻlib qoladi va 1850-yilda vafot etgunigacha hech qanday hukumat yordamisiz qashshoqlikda hayot kechiradi.

Shaxsiy hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Domna Visvizi 1783-yilda Chios orolida tugʻilgan[1]. Uning oilasi boy yer egalari edi[2]. 1808-yilda, 25 yoshida[2][3], u eri Chatzi Antonis Visvizisga Sharqiy Frakiyadagi Aynos dengiz shahrida turmushga chiqadi[1][4]. Visvizis badavlat boʻlib, kema egasi va Usmonli imperiyasining Gretsiya ustidan hukmronligini agʻdarish uchun harakat qilgan „Filiki Eteria“ maxfiy tashkilotining ilk aʼzolaridan biri boʻlgan[4]. Visvizining oʻzi ham keyinchalik Filiki Eteria tashkilotiga qoʻshilgan[3][4].

Domna Visvizi va Chatzi Antonis Visvizis birgalikda besh farzand koʻradilar[1][3], ularning uchtasi oʻgʻil va ikkitasi qiz boʻlgan[3]. Oilaning kenja farzandi 1822-yilda Chatzi Antonis Visvizis vafotidan keyin dunyoga kelgan[2].

Gretsiya mustaqillik urushi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1821-yilda Yunonistonning mustaqillik urushi boshlanganda, Usmonli qoʻshinlari Sharqiy Frakiyadagi yunon aholi punktlariga hujum qiladi va ularni vayron qiladi. Chunki ular imperator poytaxti Konstantinopolga yaqin edi. Visvizi va Visvizis tezda chora koʻrishga qaror qilishadi[4]. 1821-yil 23-martda[2] ular farzandlari bilan oʻzlarining eng sevimli kemasi Kalomoira ga qimmatbaho buyumlarni yuklaydilar va Egey dengiziga yoʻl oladilar[4]. Kemada oʻzlari bilan diniy piktogrammalarni, Visvizi ajdodlarining suyaklarini va Aynos tuproq namunasini olib yurishgan[2]. Eri tomonidan Sympolemistria (kapitan) etib tayinlangan Visvizi yoʻlga chiqayotib, „Biz pul sarflaganimizdan afsuslanmaymiz, chunki u oltin ozodlik saroyini qurish uchun ishlatiladi“ degan[4].

Aytishlaricha, Kalomoira juftlik qoʻmondonligi ostida bir necha gʻalabali janglarda muvaffaqiyatli qatnashgan[4]. Boshqa janglar qatorida ular Emmanuel Pappasning Chalkidiki shahridagi yurishida ham ishtirok etadilar va Athos, Lesbos va Samos qirgʻoqlarida jang qiladilar[2][5]. 1822-yil 21-iyulda[4] Visvizis Euboea yaqinidagi dengiz jangida halok boʻladi[1]. Uni Mali koʻrfazida oʻttizta kemadan iborat flotni olib borayotganda Domna Visvizining koʻzi oldida otib oʻldirishgan[4]. Domna Visvizi oʻlgan eri Chatzi Antonisni kema trubasiga tushirishlarini soʻraydi va operatsiyani umuman toʻxtatmasdan oʻzi kemani toʻliq nazorat qilgan holda davom ettiradi.

Kalomoira kemasi oʻz davrining eng yirik kemalaridan biri boʻlib, vitse-admiral G. Skandalis  boshchiligidagi 1-eskadronga tegishli edi. Bu eskadron tarkibida u Evia va Markaziy Yunonistondagi jang operatsiyalarda qatnashgan.

Erining vafotidan keyin Visvizi Kalomoira va uning ekipajiga qoʻmondonlikni oʻz zimmasiga oladi va urushdagi faoliyatini davom ettiradi[1][6]. Xabarlarga koʻra, Domna Visvizi mohir va jasoratli dengiz qoʻmondoni boʻlgan, shu sababli ham, uning kemasi Usmonli floti orasida qoʻrquv uygʻotgan. Kalomoira nafaqat janglarda qatnashgan, balki baʼzida oziq-ovqat va oʻq-dorilarni[4] tashish bilan ham shugʻullangan, masalan, Skiathosdagi askarlarni[2] va materikdagi Odissey Androutsos kuchlarini oʻzaro bogʻlab turgan[7][8]. Keyinchalik Androutsos uning kuchlari Visvizi yordamisiz halok boʻlishi mumligi haqida yozib qoldirgan[9]. Uning urushga qoʻshgan hissasi orasida, Usmonli qoʻshinlarini Euboeaʼda toʻxtatish, ularning markaziy Gretsiyaga bostirib kirishlariga toʻsqinlik qilish va ularning lagerlarini bombardimon qilish, yunonlarning orolga muvaffaqiyatli qoʻnishiga yordam berish kabi ahamiyatli vazifalar boʻlgan[2].

Visvizi 1823-yilning oxirigacha Kalomoira kapitani sifatidagi faoliyatini davom ettiradi[1], qariyb uch yil davomda jang qiladi[10].

Kemani jihozlash va texnik xizmat koʻrsatish, shuningdek, dengizchilarning ovqatlanishi uchun Domna Visvizi barcha pullarini sarflaydi. Zaxiralar tugagach, shuningdek, uzluksiz jang operatsiyalar natijasida kemaga yetkazilgan zarar shunchalik koʻp ediki, kemani oʻzida saqlab qolishganing iloji boʻlmay qoladi. Visvizi Gretsiya hukumatiga moliyaviy yordam soʻrab murojaat qiladi, ammo unga zarur yordam berilmaydi[1]. Shu sababli, u kemani Gidra mahalliy maʼmuriyatiga berishni taklif qiladi yoki Xiradakining soʻzlariga koʻra, ular buni talab qilgan boʻlishlari ham mumkin. Natijada, Domna Visvizi 1824-yilda Kalomoirani yunon flotiga topshiradi[1]. Janglar paytida katta zarar koʻrgan[11] Kalomoira oʻt oʻchiruvchi kemaga aylantiriladi[11]. Keyinchalik 1824-yilda Kalomoira Usmonli kemasi Hazne Gemnisi kemasini choʻktiradi[4].

Urushdan keyingi hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uning oʻgʻli Themistoklning oʻyib ishlangan portreti, taxminan 1827-yil

1824-yildan keyin Visvizi va uning oilasi qashshoqlikda hayot kechirishadi[1]. Shunga qaramay, 1827-yilda Germoupoliga kelib joylashgan Domna Visvizi, Chios ozodlik kurashiga hissa qoʻshish maqsadida 46 ispan talerini jangchilarga hadya qilgan. Oila avval Nafplioda, keyin esa Ermoupolida yashaydilar[4]. Nafplio shahrida Visvizi bir rohib bilan qahvaxona ochish maqsadida hamkorlik qilmoqchi boʻladi, lekin rohib Ermoupolidagi firibgarlar orqali uning pulini oʻgʻirlaydi[2]. Farzandlarini boqish uchun Domna Visvizi Yunoniston hukumatiga moliyaviy yordam soʻrab murojaat qiladi[1][4], lekin unga oylik atigi oʻttiz drahma boʻlgan eng kichik miqdordagi nafaqa belgilanadi[12]. Visvizi farzandlaridan biri 1826-yilda ocharchilikda vafot etgan[2].

Visvizining toʻngʻich oʻgʻli Femistok Dimitrios Fransiya filelleniya qoʻmitasi tomonidan Parijga oʻqishga yuborilgan[1][2]. Femistokl keyinchalik 1845—1876-yillarda Naxos gubernatori boʻlib xizmat qiladi[2].

1845-yilda[11] Domna Visvizi Afinadagi Pireyga koʻchib oʻtadi va u yerda dengiz boʻyidagi kichik kulbada yashay boshlaydi[4]. U 1850-yilda[1][2] 67 yoshida qashshoqlikda vafot etadi[4].

Merosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Domna Visvizining byusti

Domna Visvizining urushdagi saʼy-harakatlari xalq sheʼriyatini ilhomlantirgan[2]. Oʻlimidan keyin Visvizi „Frakiya Bubulina“ laqabini olgan[3][4]. Maʼlum bir mashhurlikka erishganiga qaramay, Visvizi kabi ayollarning Yunonistonning mustaqillik urushidagi ishtiroki 19 va 20-asrlarda tarixchilar tomonidan uzoq vaqt davomida yuqori baholanmagan va deyarli eʼtiborga olinmagan[2]. Triestlik Manto Mavrogenous, spartalik Konstandia Zaharia, manilik Savaina va afinalik Asimo Lidouriki kabi shaxslar singari Domna Visvizi ham urushning unchalik mashhur boʻlmagan qahramonlaridan biri hisoblanadi[13].

Domna Visvizining Aleksandrupolida haykali bor[4], u 2005-yilda qurilgan[3]. Shuningdek, Afinadagi Gretsiya mustaqillik urushi qahramonlarini sharaflash uchun qurilgan Pedion tou Areos bogʻida Domna Visvizining byusti ham bor. Byust 2005-yilda ochilgan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 Kitromilides, Paschalis M.. The Greek Revolution: A Critical Dictionary (en). Harvard: Harvard University Press, 2021 — 428 bet. ISBN 978-0-674-25931-7. 
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 2,12 2,13 2,14 2,15 Bozoni. „Δόμνα Βισβίζη: Μια άγνωστη και υποτιμημένη ηρωίδα της Επανάστασης | LiFO“ (el). Lifo (2021-yil 1-dekabr). Qaraldi: 2022-yil 7-avgust.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 Simos. „Three heroines who dedicated their lives to the 1821 Greek Revolution“ (en-AU). Greek Herald (2021-yil 18-mart). Qaraldi: 2022-yil 7-avgust.
  4. 4,00 4,01 4,02 4,03 4,04 4,05 4,06 4,07 4,08 4,09 4,10 4,11 4,12 4,13 4,14 4,15 4,16 Doukoglou. „Changemakers: Domna Visvizi – Chief Captain and Noblewoman of Thrace“ (en-US). Boston Lykeion Ellinidon (2021-yil 8-iyul). Qaraldi: 2022-yil 7-avgust.
  5. Nikopolous, Stavros (2022). Οι Μυστικές Εταιρείες που προετοίμασαν τον Αγώνα του 1821 (Thesis). University of Peloponnese. p. 91
  6. Papathanasē-Mousiopoulou, Kalliopē. Ellēnika proxeneia stē Thrakē (el), 1976 — 228 bet. OCLC 5609902542. 
  7. Nikopolous, Stavros (2022). Οι Μυστικές Εταιρείες που προετοίμασαν τον Αγώνα του 1821 (Thesis). University of Peloponnese. p. 91
  8. Economou. „Women of the north played their part in 1821 and in the years before“ (en). NEOS KOSMOS (2021-yil 14-aprel). Qaraldi: 2022-yil 7-avgust.
  9. (Thesis). {{cite thesis}}: Missing or empty |title= (yordam) p. 91
  10. „Δόμνα Βιζβίζη: Η ηρωική Θρακιώτισσα καπετάνισσα της Επαναστάσεως“ (el). Πεμπτουσία (2021-yil 30-mart). Qaraldi: 2022-yil 7-avgust.
  11. 11,0 11,1 11,2 „Δόμνα Βισβίζη“ (el). Σαν Σήμερα. Qaraldi: 2022-yil 7-avgust.
  12. „Δόμνα Βισβίζη: «Η Μπουμπουλίνα της Θράκης» που ξόδεψε όλη την περιουσία της για την ελληνική επανάσταση“ (el). BOVARY (2021-yil 23-mart). Qaraldi: 2022-yil 7-avgust.
  13. Poulos, Margaret. Arms and the Woman: Just Warriors and Greek Feminist Identity (en). New York: Columbia University Press, 2009 — 47 bet. ISBN 978-0-231-13554-2.