Kontent qismiga oʻtish

Dinshunoslik

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Dinshunoslik — dinlar tarixi, ular bilan bogʻliq jarayonlar, dinning inson hayotining turli jabhalari bilan oʻzaro taʼsirlashuvini oʻrganuvchi fan. Dinshunoslik barcha ijtimoiy fanlar qatori ham oʻzining oʻrganish obyektiga ega. U dinning paydo boʻlishi, ijtimoiy mohiyati va jamiyatdagi rolini tadqiq qilish bilan birga diniy eʼtiqodlarning paydo boʻlishi va rivojlanishi, ularning jamiyat taraqqiyotidagi evolyutsiyasini ilmiy jihatdan oʻrganadi.
Dinlarni oʻrganish uzoq tarixga ega. Har bir inson yon-atrofidagilarning eʼtiqodi, qaysi dinga mansubligiga qiziqadi, ular haqida bilishni istaydi. Bu boradagi ilk maʼlumotlarni Qadimgi Gretsiya va Rim yozuvchilari asarlarida koʻrishimiz mumkin. Ulardan eng mashhuri „tarix otasi“ nomini olga nGerodot (mil. avv. V asr) oʻzi tadqiq qilgan xalqlarning dinlari haqida maʼlumotlar keltirgan. Bu qiziqish oʻrta asr Yevropasida ham mavjud boʻlgan. Lekin boshqa dinlar haqida fikr bildiruvchilar, xristianlarning eʼtiborini jalb qilmaslik va ularni boshqa dinlarga kirib ketmasliklarini taʼminlash maqsadida, u dinlarga nisbatan salbiy fikr bildirish, ularni yomonlash orqali ularga yondashishni maʼqul deb topganlar.
Islom olamida ham dinlarni oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar uzoq tarixga borib taqaladi. Milodiy VII-VIII asrlardayoq diniy tortishuv (munozara)larni oʻz ichiga olgan „maqola“lar (keyinchalik „maqolot“), VIII -IX asrlardan eʼtiboran esa boshqa dinlarga „raddiya“lar yozila boshlangan. Keyingi asrlardan esa „al-Firaq“ (Firqalar), „ar-Radd“ (Raddiya), „ad-Diyonot“ (Dinlar) va „al-Milal“ (Xalqlar) yoʻnalishidagi adabiyotlar vujudga kelgan.
„Ad-Diyonot“ (Dinlar) yoʻnalishida yozilgan ilk asar Hasan ibn Muso an-Navbaxtiyning (vaf. 910) „al-Aroʻ vad-diyonot“ (Eʼtiqodlarvadinlar) kitobi hisoblanadi. Keyinchalik Mas’udiy (957) oʻzining „ad-Diyonot“ (Dinlar), Masbihiy (1029) „Darkul bugʻyati fiy vasfid diyonoti val ibodoti“ (Dinlar va eʼtiqodlar vasfida maqsad meʼyori) kitoblarini yozganlar. Shuningdek Beruniyning (973-1048) „Tahqiqun ma lilhind min maqulatin, maqbulatin fil aqli av marzulatin“ (Aqlga maqbul yoki nomaʼqul boʻlgan Hindistonga oid izlanishlardan) nomli kitobi ham shular sirasiga kiradi.
„Al-Firaq“ (Firqalar) yoʻnalishida yozilgan kitoblarga Abu Mansur Abdulqodir al-Bagʻdodiyning (vaf. 1038) „al-Farqbaynal-firaq“ (Firqalar orasidagi farq) asari hamda Abul-Maoliy Muhammad ibn Ubaydullohning (vaf. 1092) „Baynal-adyon“ (Dinlarorasida) asarlarini kiritish mumkin.
„Al-Milal“ yoʻnalishida Qozi Abu Bakr Baqilloniyning (vaf. 1012) „al-Milal van-nihal“ (Dinlarvaxalqlar), Abu Muhammad Ali Ibn Hazmning (vaf. 1064) „Kitobul-fasl fil-milalval-ahvoi van-nihal“ (Dinlar, havo va xalqlar haqida ajraluvchi kitob), Abul-Fath Muhammad ibn Abdulkarim ash-Shahristoniyning (vaf. 1183) „al-Milal van-nihal“ asarlarini sanash mumkin.
„Ar-Radd“ (Raddiya) yoʻnalishida ham koʻplab asarlar dunyo yuzini koʻrgan. Ularga Imom Gʻazzoliyning (vaf. 1111) „ar-Raddul jamil“ (Goʻzalraddiya), Ibn Kalbiyning (vaf. 819-821) „Kitobul-asnam“ (Butlar kitobi) nomli asarlarini alohida qayd etish lozim.
Islom olamida qiyosiy dinshunoslik sohasida ham salmoqli ishlar qilingan. Ulardan Abu Rayhon Beruniyning „al-Osorul boqiya“ (Boqiyasarlar), Ibn Nadimning (vaf. 990) „al-Fihrist“ (Mundarija), Muhammad ibn al-Huzaylning (vaf. 840) „Kitobul-Majus vakitobus-sanaviya“ (Majusiylik va koʻp xudolilik kitobi), Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad as-Saraxsiyning (vaf. 899) „Risola fi vasfi mazohibis-sobiiyn“ (Sobiiylarning mazhablari vasfi haqida risola), Abu Zayd al-Balxiyning (vaf. 941) „Kitobu sharoʻiil adyon“ (Dinlar shariatlari kitobi) asarlarini sanab oʻtish mumkin.
Zamonaviy Dinshunoslik esa bir yarim asrga yaqin davrga borib taqaladi. Gʻarbda, zamonaviy maʼnodagi dinlar tadqiqotlari Maks Myuller (1823—1900) tomonidan boshlab berilgan. Olim 1856-yilda „Qiyosiy mifologiya“ va 1870-yilda nashrdan chiqqan „Dinlarning asosi va shakllanishiga oid dars baholari“ nomli asarlari bilan boshqa dinlarni tadqiq qilishga yoʻl ochgan va kattagina eʼtibor qozongan. U Angliyadagi mashhur Oksford universitetida dinlar tarixidan maʼruzalar oʻqigan. Oʻzining „Sharqning muqaddas kitoblari tarjima silsilasi“ asarida u ilk bora „religious studies“ (dinshunoslik) soʻzini qoʻllagan. Myuller va uning zamondoshlari dinlarni ilmiy tadqiq qilishda filologiyani muhim deb bilishgan va dinning asl mohiyatiga faqatgina til orqali qilingan izlanishlar bilangina yetishish mumkin, degan fikrni olgʻa surgan.
Biroz keyingi davrlarda Gollandiyada S. R. Tileva Shantepi de la Sosse bu borada izchil faoliyat olib borganlar. Shunday qilib davrlar oʻtishi bilan Parij, Bryusselva Rim kabi markazlarda dinshunoslik universitetlar taʼlim dasturlaridan joy olgan.
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab dinshunoslik sohasida olib borilgan izlanishlar shakllangan. Bu davrda turli mintaqalarda zikr qilingan sohada bir qancha mutaxassislar yetishib chiqqan. Ulardan R.Pettazoni, M.Eliade, Van der Lyu, R.Otto, G.Menshing, J.Vax, F.Xeiler, G.Dumezil, E. G. Parrinder, S. G. F. Brandon, Erik F.Sharp, Ninian Smart, M.Kitagava, R. S. Zeyxner, Ugo Biyenchi, V.Kantvell Smit, Ake V.Strom, XansJ.Shoyps va Mixayel Paylar nomini zikr qilishimiz mumkin[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 184-186.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.