Din falsafasi
Din falsafasi- tafakkur shakllaridan bo‘lgan
tushunchalar matn va maqsad mohiyatidan kelib chiqib,
turlicha mazmun kasb etishi, keng va tor ma’nolarda
qo‘llanilishi mumkin. “Din falsafasi” tushunchasi haqida
ham shunday deyish mumkin. Xususan, keng ma’noda u din
haqidagi falsafiy qarashlarni anglatadi. Bunday talqinda
din falsafasi falsafa kabi qadimiy ildizlarga ega bo‘lib,
asrlar davomida din, uning mohiyati, inson va jamiyat
hayotidagi o‘rni haqida shakllangan xilma-xil falsafiy
qarashlar, yondashuvlar va ta’limotlarni qamrab oladi.
Tor ma’noda esa, din falsafasi falsafiy usullar va
tushunchalar apparatini ishga solgan holda dinni o‘ziga xos ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida o‘rganuvchi mustaqil
fanni anglatadi.
Din din falsafasining bilish predmeti hisoblanishi,
ya’ni “din o‘zi nima?” degan savolga javob izlashi bir
qarashdayoq aniqdek tuyulsa-da, ammo ushbu hodisaning
talqini hamma vaqt ham bir xil emasligini qayd etish
lozim. Zero, din, bir tomondan, umuman, o‘zining mohiyati
nuqtai nazaridan, ya’ni mavhum, metafizik ma’noda,
ikkinchi tomondan, o‘zining konkret namoyon bo‘lish shakli,xususiy holatida tadqiq etilishi mumkin. Ushbu ikki
yondashuv ma’lum ma’noda bir-birini to‘ldiradi. Zero,
birinchi holatda dinning mohiyati haqida yaxlit tasavvur
hosil qilinsa, dinga xos bo‘lgan xususiyatlar hamisha
konkret shakl, ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishini inobatga
olsak, ikkinchi holatda umuman dinga xos xususiyatlarni
chuqurroq anglash mumkin bo‘ladi.
Din falsafasi o‘z predmetini o‘rganishda tayanadigan
metodologiya konkret falsafiy tizim, ta’limotning o‘ziga
xosligi bilan belgilanadi. Shunday ekan, dinning falsafiy
talqinini mantiqiy asoslash bilan birga bilishning adekvatligini ta’minlash ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Bilishning haqiqiy (adekvat)ligini ta’minlashda
olingan natijalarning mantiqiy va nazariy jihatdan
ziddiyatli bo‘lmasligi gnoseologiyaning muhim
qoidalaridan biri hisoblanadi. Ammo umuman to‘g‘ri bo‘lgan
mazkur qoida konkret falsafiy tizim, ta’limot doirasida
yaratilgan va unga zid bo‘lmagan, uning asosiy talablaridan tashqariga chiqmaydigan din haqidagi qarashlarni adekvat deb hisoblashga zamin yaratadi.Zero, bunday holatda biz din haqidagi bilimlardan ko‘ra ushbu konkret falsafiy tizim,ta’limot va uning dinga bo‘lgan munosabati haqida ko‘proq bilimga ega bo‘lamiz. Chunki tadqiqotchining shakllanib bo‘lgan qarashlari va yondashuvlari ta’sirida dinning o‘zi emas, balki unga bo‘lgan munosabat yoritiladi. Demak,din falsafasida mantiqiy ziddiyat yo‘q bo‘lgan xulosa,qarashlarni haqiqat, deb qabul qilish yetarli emas.Haqiqat deb qabul qilingan bilimlarda dinning mohiyati aks etishi lozim. Shundagina din falsafasidan din haqidagi ahamiyatli natijalarni kutish mumkin. Bunda obyektivlik tamoyiliga rioya qilish nihoyatda muhim.
Obyektivlik tamoyili din falsafasini o‘z predmetiga
real mavjud hodisa sifatida qarashni, tan olishni
talab etadi. Biroq obyektivlikni xolislik bilan
chalkashtirish kerak emas. Xolislik tadqiqotchining
o‘rganayotgan predmetidan muayyan darajada begonalashuviga
va shu tufayli uning yetarlicha anglanmay qolishiga zamin
yaratishini inobatga olsak, din falsafasi nuqtai nazaridan
obyektivlik va xolislik bir xil mazmunga ega emasligi
oydinlashadi.
Bilish predmetini tushunishda subyektivlik tamoyili
ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu tamoyil bilish predmetiga
u yoki bu shaklda daxldorlikni talab etadi va unga nisbatan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxolis munosabatning oldini olishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, o‘rganilayotgan predmetning realligi
obyektivlikni, uni tushunish zarurati subyektivlikni
talab etadi. Ammo ushbu ikki tamoyildan faqat biri ustuvor
ahamiyat kasb etmasligi lozim. Xususan, tarix va zamonaviy voqelik obyektivlik tamoyilining mutlaqlashtirilishi
dinga salbiy munosabatni, uning ashaddiy tanqidini
keltirib chiqarishini ko‘rsatadi. Subyektivlik
tamoyilining ustuvorligi esa dinning muayyan shakliga
alohida e’tibor tufayli umuman din fenomeniga xos
xususiyatlarning nazardan qochirilishiga va bilish
natijalarining bir yoqlama bo‘lib qolishiga olib keladi.
Demak, ikkala tamoyilning ham o‘z holicha qo‘llanilishi
dinni adekvat anglash jarayoniga ziddir. Bundan din
falsafasi haqiqatan ham din fenomenini bilishga harakat
qilar ekan, u tom ma’noda dindan tashqarida bo‘lishi
mumkin emasligi haqidagi xulosa kelib chiqadi. Chunki din
falsafasining maqsadi dinni obyektiv ham, subyektiv ham
talqin etish emas, balki uni adekvat nazariy tadqiq etish,
taxdil qilish va tasvirlashdan iborat. Bu oxir-oqibatda
falsafiy-diniy tadqiqotlar natijalarining umuman va
barcha uchun tushunarli hamda ahamiyatli bo‘lishiga zamin
yaratadi. Yagona falsafiy tilning bo‘lishi ehtimoldan
nihoyatda uzoq bo‘lsa-da, bilish natijalarining boshqalar
uchun ham tushunarli bo‘lishini ta’minlash nihoyatda
muhimligini ta’kidlash zarur.
Din falsafasining asosiy muammolari. Din
falsafasining dinshunoslik fanlari tizimidagi o‘rni,
dinni falsafiy tadqiq etishning usullari masalasini hal
etish u o‘rganadigan muammolar ichida alohida ahamiyatga
ega. Zero, ushbu masalaning muvaffaqiyatli yechimi uning
maqomi va o‘ziga xos xususiyatlarini aniq belgilab olishga
yordam beradi.
Bugungi kunda dinning mohiyatiga turlicha yondashuvlar
va ularga asoslangan turfa ta’riflar mavjud. Bu tadqiqot
metodologiyasi xilma-xilligining tabiiy hosilasidir.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, dinning ijtimoiy hodisa
sifatidagi o‘ziga xosligini ko‘rsatuvchi falsafiy ta’rifni
ishlab chiqish va uni shakllantirishga yondashuv tamoyillari mazmunini aniqlash ham din falsafasining dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, dinning ontologik va gnoseologik asoslari va
manbalarini tadqiq etish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarda umume’tirof etilgan metodologik bazani shakllantirish
ham din falsafasi oldida turgan muhim muammolar
sirasiga kiradi.
Dinning mohiyatini anglash unga xos xususiyalarning
tizimli taxdil qilinishi bilan uzviy bog‘liq. Shu ma’noda
diniy dunyoqarash, ontologiya, gnoseologiya, tafakkur va
tilning o‘ziga xos xususiyatlari tadqiq etish, bu borada
mavjud bo‘lgan qarashlar va yondashuvlarda yakdillika
erishish ham din falsafasining muhim muammolaridan
hisoblanadi.
Din falsafasi uchun ulkan ahamiyatga ega muammolar
qatorida xudo haqidagi teistik ta’limotlarning mazmuni,
ularning yuzaga kelish sabablarini tadqiq etish, diniy
falsafaning mazmuni va o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash,mazkur yo‘nalishdagi qarashlarni qiyosiy o‘rganish bilan bog‘liq masalalar mavjudligini ham qayd etish zarur.
Din falsafasining falsafiy va dinshunoslik fanlari
tizimida tutgan o‘rni. Ilm-fan rivojlanishining ilk
bosqichlarida dinshunoslik alohida va mustaqil fan
sifatida rivoj topgan. Ammo uzoq taraqqiyoti davomida
dinshunoslik sertarmoq sohaga - din fenomenining
xilma-xil qirralarini tadqiq etadigan fanlarni o‘zida
birlashtirgan tizimga aylandi. Bugungi kunda mustaqil
maqomga ega bo‘lgan dinlar tarixi, din sotsiologiyasi, din
psixologiyasi kabi fanlarning mavjudligi bunga dalil
bo‘la oladi. Bu dinshunoslikning yaxlit tizim sifatidagi
rivoji konkret fanlar taraqqiyoti bilan uzviy bogliq
holda kechayotganini, ular o‘rtasida integratsiyalashuv
mavjudligini ko‘rsatadi.
Dinshunoslik doirasida fanlarga xos differensiallashuv ham davom etmoqda. Bu dinshunoslik tarkibida dinning konkret namoyon bo‘lish shakllarini tadqiqot predmetiga aylantirgan va ko‘plab mustaqil fanlarni o‘zida birlashtirgan yo‘nalish (tarmoq)larning
yuzaga kelishiga zamin yaratmoqda. Masalan, bugungi
kunda Qur’onshunoslik, hadisshunoslik, fiqh kabi
bir qator fanlarni o‘ziga qamrab olgan islomshunoslik
dinshunoslikning alohida tarmog‘iga aylanib ulgurgani
fikrimizning isboti bo‘la oladi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, din falsafasining
mustaqil fan sifatida shakllanishi bir tomondan,
falsafiy bilimlar, ikkinchi tomondan, dinshunoslik
fani tarmoqlashuvi va mazkur jarayonda yuzaga kelgan
integratsiyaning hosilasi hisoblanadi.
Falsafa va dinshunoslik munosabatlari doirasida
dinni falsafiy anglashning o‘ziga shakli diniy falsafa
(falsafiy teologiya) shakllanganini ham ta’kidlash zarur.
Diniy falsafa diniy dunyoqarash tamoyillaridan
kelib chiqadigan tasavvurlar, g‘oyalar, Yaratuvchi va olam
(ontologiya va metafizika), inson (antropologiya), jamiyat
(sotsiologiya, istoriosofiya), bilish jarayoni (gnoseologiya va epistemologiya), qadriyatlar (aksiologiya) haqidagi qarashlar tizimini o‘z ichiga oladi. Sodda qilib aytganada,u din kompetensiyasiga kiradigan ontologik, antropologik,gnoseologik muammolarni falsafiy tushunchalar va usullardan foydalangan holda tadqiq etadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, diniy falsafa, bir tomondan, falsafiy bilimlarning, ikkinchi tomondan, ilohiyotning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Diniy falsafa din falsafasi kabi dinning mohiyatiga
e’tibor qaratadi.U falsafiy tafakkur natijalariga
tayangani uchun o‘zida e’tiqod va ratsionallik, dogmatika
va hurfikrlilikning birligini namoyon etadi, dinning
mohiyatida yashiringan donishmandlikning ma’nosini
anglash uchun imkoniyat yaratadi.
Din falsafasi rivoji dinlar tarixi, din sotsiologiyasi
va din psixologiyasi kabi fanlar taraqqiyoti bilan ham
uzviy bog‘liq.Xususan, dinlarning o‘tmishini uning
konkret shakllarida tiklashga, diniy e’tiqodning turli
ko‘rinishlari haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va
izoxdashga xizmat qilar ekan dinlar tarixi fani konkret
dinlar va umuman dinning ijtimoiy hodisa sifatidagi
rivojining u yoki bu davriga xos xususiyatlarni chuqurroq
anglashga yordam beradi.
Din falsafasi din va ijtimoiy voqelik o‘rtasidagi
aloqadorlikni ham nazariy, ham empirik darajadao‘rganuvchi
din sotsiologiyasi fani bilan ham uzviy bogliq. Xususan, din sotsiologiyasi tomonidan din va jamiyat hayotining
turli sohalari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir va aks ta’sirga
xos xususiyatlar, dining paydo bo‘lishi va mavjudligining
ijtimoiy asoslari bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish
jarayonida to‘planadigan empirik materiallar va unga
tayangan nazariy umumlashmalar din va diniy hayot rivojiga
xos qonuniyatlarni tushunishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Din falsafasi o‘z rivojida diniy ongning o‘ziga xos
xususiyatlari, strukturasi va funksiyalarini belgilab
beruvchi psixologik va ijtimoiy-psixologik omillarni
o‘rganuvchi din psixologiyasi fani yutuqlariga ham tayanadi.Jumladan, dindorlar ongi va hissiyotlarining konkret ijtimoiy muhit va sharoit bilan bog‘liqligi, diniy
marosimlarning inson ruhiyatiga ta’siri hamda diniy
jamoalarning ijtimoiy-psixologik strukturasi, muloqot,
ishontirish va ta’sir o‘tkazish mexanizmlarini o‘rganish
bilan bogliq holada to‘plangan materiallar shaxs va jamiyat ma’naviy hayotida dinning o‘rni va rolini tushunishga xizmat qiladi[1].
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 160.
Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.