Dildora Rustamova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dildora Rustamova
Tavalludi 6-avgust 1978-yil
Buxoro viloyati, Jondor tumani
Taʼlimi Toshkent davlat sanʼat instituti, Oʻzbekiston Milliy Universiteti
Kasbi jurnalist, teleboshlovchi, suxandon, dublaj aktrisasi
Faoliyat yillari 1997-yildan hozirgacha
Turmush oʻrtogʻi Bobur Kenjayev
Mukofotlari Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, „Oʻzbegim ayoli“

Dildora Rustamova (1978-yil 6-avgustda Buxoro viloyatida tugʻulgan) — oʻzbekistonlik taniqli jurnalist, suxandon, dublyaj aktrisasi va Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.

Bolalik davri va taʼlim[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dildora Rustamova 1978-yil 6-avgustda Buxoro viloyatining Jondor tumanida aktyor Nasriddin Rustamov va aktrisa Gulnora Rustamovalar oilasida dunyoga kelgan. Dildora oilada toʻngʻich farzand boʻlib, bir ukasi va bir singlisi bor.[1] Uning ukasi Otabek Rustamov hozirda Shod guruhida xonanda sifatida faoliyat olib boradi. Singlisi Dilorom Rustamova esa pediator va bolalar nevropatologi boʻlib ishlaydi.

Dildora Rustamova Toshkent shahridagi 59-maktabda oʻqigan. Maktabni tugatgach, Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutiniining teatrshunoshlik yoʻnalishida oʻqib, 2001-yilda bakalavr darajasini olgan. Suxandonning soʻzlariga koʻra oilasidagi sanʼatga moyillik uni shu sohada oʻqishga undagan. Keyinchalik 2004-yilda Oʻzbekiston Milliy Universitetida Xalqaro jurnalistika boʻyicha magistratura bosqichini tugallagan. U 2001-yilda UNESCOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi oʻtkazgan tanlovda grant sohibi boʻlib, Koreyaning KOICA oʻquv agentligida bir oy tahsil oladi. Shuningdek  2004-2006-yillarda Turkiyaning TRT davlat telekanalida malaka oshirib qaytadi.

Karyera[tahrir | manbasini tahrirlash]

Teleboshlovchi, suxandon[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bolaligidan suxandonlikka qiziqqan Dildora, Multiponarama dasturi boshlovchisi Dilfuza Yusupovaga havas qilar edi. U oʻzinigning teleboshlovchi sifatida faoliyatini 1997-yilda Oʻzbekiston televideniyasida boshlab, bir-necha dasturlarni olib borgan. Shular qatorida „Oʻzbekiston“ telekanalidagi „Axborot“, „Yangiliklar“; Sport telekanalidagi „Diktorlar guruhi“, „Oʻzbekiston 24“ telekanalidagi „Axborot 24“ dasturlari ham bor. Hozirda Dildora Rustamova Oʻzbekiston telekanalidagi „Assalom Oʻzbekiston“ ertalabgi koʻngilochar dasturini hamda „Sevimli“ telekanalidagi „Zamon“ informatsion dasturini (2019-yil noyabrdan) boshlovchi sifatida olib boradi.

Dildora Rustamova televideniyadan tashqari turli davlat va xalqaro ahamiyatga ega yirik tadbirlarda ham suxandonlik qiladi. Ilk marotaba 1998-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 6 yillik bayram tadbirini marhum ustozi Abdumoʻmin Oʻtbosarov bilan olib borgan va shundan soʻng „Mustaqillik“, „Navroʻz“ bayramlari, chet davlatlardagi Oʻzbekiston kunlari, xalqaro konfrensiyalarga bagʻishlangan tadbirlarni olib borish ham ishonib topshirilgan. Xususan, 2021-yil 14-dekabrda Turkiyaning poytaxti Anqarada boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston madaniyati kunlarida Dildora Rustamova turk tilida davrani olib borgan edi.

Aktrisa[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sanʼatkorlar oilasida voyaga yetgan Dildora Rustamova oʻzini kinoda ham sinab koʻrgan. U taniqli rejissor Mahkam Muhammedov tomonidan Abdulla Qodiriy asari asosida suratga olingan „Mehrobdan chayon“ serialida[2] bosh qahramon Raʼno rolini ijro etib, tomoshabinlar koʻnglidan joy oladi.

Dublyaj[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dildora Rustamova 2000-yildan dublaj sanʼatiga kirib keladi. Dublajda u Bahodir Abdullayev, Kamoliddin Usmonov, [3]Sanjar Sadullayev kabi soha mutaxassislaridan saboq oladi. Birinchi marotaba hind filmi „Baajigar“ni ovozlashtirish jarayonida Kajol roʻliga ovoz bergan[4] Dildora Rustamova hozirda koʻplab asarlarni dublajida qatnashib kelmoqda. Xususan, „Muhtasham yuz yil“, „Jasur va Goʻzal“, „Malikam endi qara“ kabi seriallar shular jumlasidandir.

Shaxsiy hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dildora Rustamova 2001-yilda Oʻzbek Milliy maqom sanʼati markazi Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandasi, „Shuhrat“ medali sohibi (2019-yil) Bobur Kenjayev bilan turmush qurgan. Ularning Shahrizoda va Mohimbonu ismli ikki nafar qizlari bor.

Yutuqlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1997-yilda Respublika suxandonlar tanlovida gʻalaba qozonadi va Oʻzbekiston telekanaliga ishga qabul qilinadi.

2011-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi unvoniga sazovor boʻlgan

2021-yilda „Oʻzbegim ayoli“ mukofotiga loyiq topilgan[5]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Facebookdagi rasmiy sahifasi

Instagramdagi rasmiy sahifasi

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Dildora Rustamova Biografiyasi“.
  2. „«Ko‘ngil ko‘chalari» seriali rejissyori Mahkam Muhammedov vafot etdi“.
  3. „Dildora Rustamova: "Hayotimdagi eng katta ayriliq - otamni yo'qotganim..." Мавлуда ТОШПЎЛАТОВА Манба: sugdiyona.uz“.
  4. „Unvon-u mukofotlarga qiziqmagan, Bollivud qirolini o‘zbekcha “gapirtirgan” dublyaj ustasi Sanjar Sa’dullayevni xotirlab“. 2022-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 27-iyul.
  5. „Shifokor, hokim, iqtisodchi – 14 nafar «O‘zbegim ayoli» taqdirlandi“.