Dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa — byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ijtimoiy sugʻurta boʻyicha toʻlanadigan nafaqalarning bir turi boʻlib, dafn etish marosimi uchun nafaqa xodim yoki uning qaramogʻida quyidagi oila aʼzolari vafot etganda beriladi:

  • turmush oʻrtogʻi;
  • 18 yoshga toʻlmagan qobiliyatsiz (yoshidan qatʼi nazar) bolalari, opa — singillari;
  • ota—onasi;
  • bobosi yoki buvisi.

OʻzR MKning 288—m.siga muvofiq, sugʻurta qilingan xodim yoki uning oila aʼzosi vafot etganda qonun xujjatlarida belgilab qoʻyiladigan miqdor va tartibda dafn etish marosimi uchun nafaqa toʻlanadi. Dafn etish marosimi uchun nafaka uning oila aʼzolariga yoki dafn oʻtkazishni oʻz zimmasiga olgan shaxslarga beriladi. Oilaning vafot etgan aʼzosini dafn etish marosimi uchun nafaqa ishlovchi xodimga beriladi. Ayolning homilasi tushgan hollarda dafn etish marosimi uchun nafaqa berilmaydi[1].

Dafn etish marosimi uchun nafaqa eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida beriladi. Ishlamaydigan pensioner vafot etgan taqdirda, dafn etish marosimi uchun nafaqa uning oilasiga yoki pensionerning dafn marosimini oʻtkazgan shaxsga ikki oylik pensiya miqdorida, lekin eng kam oylik ish xaqining ikki hissasidan kam boʻlmagan miqdorda, ijtimoiy taʼminot boʻlimi tomonidan toʻlanadi.

Ish haqiga tuman koeffitsienti belgilangan joylarda dafn etish marosimi uchun nafaqa miqdori ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan tarmoqlar uchun beriladigan tuman koeffisientini hisobga olgan holda aniqlanadi. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan xodim yoki uning oila aʼzosi vafot etgan taqdirda, agar unga soʻnggi ish haqi toʻlangan kundan bir oydan koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa, dafn etish marosimi uchun nafaqa beriladi. Oliy, oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlim muassasalarida, magistraturada, aspiranturada, klinik ordinaturada, doktoranturada tahsil olayotgan shaxslar, shuningdek ularning oila aʼzolari vafot etgan taqdirda, dafn etish marosimi uchun nafaqa umumiy asoslarda toʻlanadi. Maktablar, kurslarning (kadrlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash va tayyorlash buyicha), shuningdek malaka oshirish ins.lari oʻquvchilari va tinglovchilari yoki ularning oila aʼzolari vafot etganda, agar ular kurslarga, maktablarga, ins.larga korxona tomonidan yuborilgan boʻlsalar va ularning oʻqish davridagi ish xaqi toʻla yoki qisman saqlanib qolgan boʻlsa, dafn etish marosimi uchun nafaqa umumiy asoslarda beriladi. Nafaqalar fuqarolarning foizsiz shaxsiy hisobraqamiga nafaqa summasini oʻtkazish yoʻli bilan bank orqali toʻlanadi[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzR Mehnat kodeksi
  2. Oʻzbekiston Yuridik ensiklopediyasi