Chorsu (mehmonxona)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"CHORSU" — mehmonxona. Toshkent shahrining Chorsu maydoni, Navoiy, Beruniy va Samarkand darvoza koʻchalarining kesishgan joyida, Ukkosha bulogʻi ustiga qurilgan, salobatli koʻrinishga ega. 1982 yilda qurilgan (bosh meʼmor — V.Spivak, bosh muhandis — A.Asanov, meʼmorlar — L.Nesedov, N.Zolotina). Bino 23 qavatli boʻlib, dastlabki 2 qavati — restoran, banket zali, maʼmuriyboshqaruv xonalari joylashgan binoblok qoʻshilib yaxlit meʼmoriy ansamblni tashkil etadi. Binoning pastki qismida baland qilib tirgakli devorlar yordamida supasimon kompozitsiya (stilabat) tashkil qilinib, uning yaqinida joylashgan Koʻkaldosh madrasasining eng pastki qismiga tenglashtirilgan. Bino meʼmorligida oftobdan saqlovchi jihozlar orqali badiiy yechimga erishilgan. Mehmonxona 1, 2, 3 oʻrinli xonalardan iborat turar joylarni tashkil etadi. Bino ichki bezaklarida turli bezakrelyeflar (boʻrtma rasmlar) ishlangan. Binoning koʻp qavatli qismi yigʻma temirbeton konstruksiya boʻlib, zilzilaga chidamlidir. 2004 — 05 yillarda qayta taʼmirlandi.