Choʻli iroq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Cho`li iroqdan yoʻnaltirildi)

"CHOʻLI IROQ" — Iroq maqomi bosh kuy mavzui asosida yaratilgan yirik shakldagi mumtoz cholgʻu asar. U gʻamgin, qaygʻuli ruhiy holatni ifoda etgani bilan teran falsafiy maʼno va mazmunga ega. "CH.I." saraxbor usulining tezlashtirilgan variantiga bogʻlangan. Kuy tuzilishida cholgʻu qismlarga xos bozgoʻylar uchrasada, asosan, maqom shoʻʼbalaridek murakkab kuy tuzilmalaridan tarkib topgan. "CH.I."ning shakli daromad, 2 ta miyonxat, avjida Muxayyari Chorgoh namudi ishlatilishidan iborat. Asar yakkanavozlikda koʻproq nay, gʻijjak, tanbur, sato, dutor, qoʻshnay singari cholgʻularda, shuningdek, turli xil ansambllarda ijro etiladi. Oʻzbekiston bastakorlari va kompozitorlari oʻz asarlarida "CH.I." kuy va ohanglaridan unumli foydalanishgan. Shu jumladan, I.Ikromov uning ashula yoʻlini Navoiy gʻazaliga bogʻlab tuzgan, D.Soatqulov oʻzbek xalq cholgʻulari orkestri uchun moslashtirib qayta ishlagan.