Barbarossa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Barbarossa, Borborus — Usmonli turk imperiyasi harbiy-dengiz floti arboblari — aka-uka Bobo Uruj (1473 - 1518) va Xayruddin (1483 -1546)ga yevropaliklar tomonidan berilgan nom. B. soʻzi nemischa boʻlib, "qizilsoqol" degan ma’noni anglatadi. Germaniya qiroli Fridrix I qizgʻish soqolli boʻlganidan shunday deb atalgan edi. Shunga koʻra, yevropaliklar qizgʻish soqolli Bobo Uruj va Xayruddinni ham B. deb ataganlar (ayrim tilshunoslar B. soʻzi Bobo Uruj ismining notoʻgʻri talaffuzi deb taxmin qilishadi). Bobo Uruj va Xayruddin Egey dengizidagi Mitilena o.da islomga kirgan kambagʻal grek-kulol oilasida dunyoga kelgan. Bobo Uruj taxminan 20 yoshlarida ukasi Xayruddin bilan birgalikda turk harbiy kemalaridan biriga xizmatga kiradi. Tez orada ikkalasi oʻta jasur va iste’dodli ekanliklarini namoyon qilib, katta shuhrat qozonadilar va Jazoir hamda Tunis qirollari tomonidan Shim. Afrika mamlakatlarini ispanlar asoratidan xalos etish uchun yordamga chaqiriladilar. Bobo Uruj va Xayruddin quruqlik va dengizda ispanlar ustidan ketma-ket gʻalaba qozonib, Shim. Afrikada islomiy podshoxlar hukmronligini tiklashga muvaffaq boʻladilar. Bobo Uruj janglardan birida halok boʻlgach, Turkiya sultoni uning ukasi Xayruddinni Jazoirga voliy etib tayinlaydi. Xayruddin 19 yil davomida Jazoirda voliylik qilib, Oʻrta dengizda Yevropa davlatlari harbiy-dengiz floti hukmronligiga qarshi muvaffaqiyatli urushlar olib boradi. 1525-yil "Muqaddas Rim imperiyasi" imperatori Karl V (1500 — 58)dan magʻlub boʻlib, asir olingan Fransiya qiroli Fransisk I (1494 — 1547)ning sulton Sulaymon I Qonuniyga qilgan murojaatiga koʻra, Xayruddin oʻz floti bilan Nitssa (Fransiyada) shahriga borib, uni zabt etadi. Soʻng , Karl V flotini butunlay tor-mor qilib, Fransisk I ni asirlikdan qutqaradida, Fransiya taxtiga qayta oʻtqazadi. 1534-yil sulton Sulaymon I Qonuniy Xayruddinni Istanbulga chorlab, Usmonli turk imperiyasi harbiy-dengiz floti admirali (qoʻmondoni) etib tayinlaydi. U 10 yil shu lavozimda qolib, Oʻrta dengizda Yevropa davlatlari floti ustidan ketma-ket zafar qozonadi, Grek arxipelagidagi orollarning aksariyatini, Italiyaning ayrim sohilboʻyi yerlarini zabt etadi, Usmonli turk imperiyasi harbiy-dengiz flotining Oʻrta dengizdagi ustunligini qayta tiklaydi. Xayruddin umrining oxiriga qadar ana shunday shonli va zafarli hayot kechirib, 1546-yil vafot etadi. U Turkiyadagi Beshiktosh shahrida maxsus maqbaraga dafn etilgan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil