Avtoritar shaxs
Avtoritar shaxs — obroʻli shaxslarga soʻzsiz itoatkorlik va hurmat bilan munosabatda boʻlish xususiyati bilan tavsiflanadigan shaxs turi. Kontseptual jihatdan avtoritar shaxs atamasi Erix Fromning asarlaridan kelib chiqqan boʻlib, odatda oʻz qoʻl ostidagilariga nisbatan qattiq va zulmkor shaxsni namoyon etadigan erkaklar va ayollarga nisbatan qoʻllanadi.
Baʼzi insonlar erta ijtimoiylashuv oqibatida stereotip fikrlash va proyeksiyaga oʻta moyil boʻlib qolishlari ehtimoldan holi emas. Bunga bostirilgan xohishlar sabab boʻla oladi. AQShda 1940-yillarda Teodor Adorno tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasida olimlar tomonidan avtoritar shaxs deb atalgan shaxs turi isteʼmolga kiritildi. Adorno soxta fikrlash darajasini oʻlchash uchun bir necha maxsus shkalalar ishlab chiqdi. Respondentlardan bir qator qoloq gʻoyalarga, masalan, antisemitizmga fikr bildirishlari soʻraldi. Bir shkalaga koʻra, soxta fikrlash darajasi yuqori boʻlgan odamda bu koʻrsatkich boshqa shkalada ham yuqori boʻldi. Yahudiylarga nisbatan salbiy fikrda boʻlgan odamlar odatda boshqa mayda millatlarga ham shunday munosabatda boʻlganlar. Tadqiqotchilar shuni aniqladilarki, avtoritar shaxslar odatda qatʼiy konformistlar, oʻzidan yuqorida turadiganlarga itoatkor boʻlib, pastdagilarni nazarga ilmaydilar. Bunday insonlar shuningdek oʻzining diniy va jinsiy hayotida ham oʻta qatʼiydirlar[1].
Adorno va uning hamkasabalarining fikricha, avtoritar shaxsga xos xususiyatlar uning tarbiyasidan, ota-onasining bolaga sevgisini ifoda eta olmasligi va oʻta talabchanligidan kelib chiqadi. Bunday inson ulgʻayib turli xavotirlardan aziyat chekadi va raqobatgina qatʼiy konservativ dunyoqarashni qabul qilib, bunday xavotirni yenga oladi. Bu kashfiyot respondentlarning baʼzi bir-biriga zid gʻoyalarga boʻlgan reaksiyasini oʻrganish natijasida yuzaga keldi. Masalan, quyidagi gʻoyalar taklif etilgan:
- Yahudiylar hanuzgacha Amerika jamiyati uchun yot unsurdir, chunki ular oʻz hayot izchilliklarini saqlab qolib, amerikacha hayot tarziga qarshi chiqmoqdalar.
- Yahudiylar oʻzlarining kelib chiqishini yashirib yuradilar va ismini oʻzgartirish, burnini toʻgʻrilash va xristian urf-odatlarga taqlid qilish kabi oʻta qatʼiy choralarga qoʻl uradilar.
Birinchi fikrga qoʻshilganlarning aksariyati ikkinchisiga ham qoʻshildilar. Xuddi shu tarzda, yahudiylar oʻta ziqna va katta biznesni nazorat qiladilar, degan fikrga qoʻshilganlar, yahudiylar biznesga ishonmaydilar va unga katta zarar yetkazadilar, degan fikrga ham rozilik bildirganlar.
Bu tadqiqot va uning natijasida chiqarilgan xulosalar koʻp tanqidiy fikrlarga sabab boʻldi. Baʼzilar oʻlchov shkalalarining haqiqatni aks ettirishiga shubha bilan qaradilar, boshqalar avtoritarlik shaxsiy xususiyat emas, balki jamiyatdagi kichik madaniyatlarning va risoladagi munosabatlarning koʻrsatkichi degan fikrni ilgari surdilar. Ehtimol, bu tadqiqotning qiymati maʼlum bir shaxs turini aniqlashda emas, umuman avtoritar fikrlashni tushunishga urinishdadir. Qanday boʻlsa ham, olingan natijalar va boshqa tadqiqotlar natijalari oʻrtasidagi oʻxshashlik aniq koʻzga tashlanadi. Masalan, Yujin Hartlining millatlar borasida olib borgan tadqiqoti shuni koʻrsatadiki, bir etnik guruhga salbiy munosabatda boʻlgan odam odatda boshqalariga shunday munosabatda boʻladi. Vallonlar, pirenstliklar va danireyliklarni hech kim yahudiy yoki qora tanlilardan koʻra koʻproq yoqtirmas edi. Keltirilgan birinchi uch millat aslida mavjud emas. Bu nomlarni Hartli odamlarni oʻzi bilmagan millatga qarshi qay darajada salbiy munosabatda boʻlishini aniqlash uchun toʻqib chiqargan edi[2][3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Adorno W. Theodor. The Authoritarian Personality. New York, 1969.
- ↑ Hartley E.. Problems in Prejudice. New York, 1946.
- ↑ Anthony Giddens. Sociology. Polity Press, 2006.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |