Avliyo Georgiy Muzaffar butxonasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Avliyo Georgiy Muzaffar butxonasi
ruscha: Храм-Часовня Святого Георгия Победоносца
Joylashuv Pravoslavlar qabristoni, Andijon
Binokor I.R. Sakovich
Turi butxona
Material pishgan gʻisht
Meʼmoriy uslubi eklektika, neorus uslubi
Qurila boshlagan 1898, qayta qurilishi 1910
Qurilish tamomlangan 1899
Ochilish sanasi 1899
Yopilish sanasi 1931
Xarita
Koordinatalari 40°45′25.6″N 72°22′50.0″E / 40.757111°N 72.380556°E / 40.757111; 72.380556 G OKoordinatalari: 40°45′25.6″N 72°22′50.0″E / 40.757111°N 72.380556°E / 40.757111; 72.380556 G O

Avliyo Georgiy Muzaffar butxonasi — hozirda faoliyat koʻrsatmayotgan, Andijon shahrida joylashgan, Markaziy Osiyo mitropolit okrugi, Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasiga qarashli rus pravoslav butxonasi. Butxona 1898—1899-yillarda meʼmor I.R. Sakovich chizmasi asosida qurilgan[1][2], 1899-yil 6-mayda muqaddas qadamjo deb eʼlon qilinadi[3]. 1931-yilda butxona davlat tomonidan yopib qoʻyilgan. Butxona 100 kishining ibodatiga moʻljallangan boʻlib[2], butxonaning asosiy bayrami 6-may hisoblanadi[3].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1898-yil 30-may kuni Andijonda boʻlib oʻtgan qoʻzgʻolonda askarlari va bir ruhoniy halok boʻldi. Halok boʻlgan ruslarning barchasi rus pravoslav qabristoniga dafn etiladi.

Aynan oʻsha paytda butxona qurish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandi. Butxona toʻrtburchak shaklda eklektika meʼmoriy uslubida qurilgan va tomiga xoch oʻrnatilgan. Shuningdek, butxona ichida mehrob va ikonastas ham barpo etilgan[1].

Dastlab butxona, avliyo Nikolay Karomat koʻrsatuvchi va avliyo Sergiy Radonejskiy ibodatxonalari Turkiston yeparxiyasi maʼmuriyatining tasarrufi ostida boʻlgan[3]. Keyinchalik bu inshootlar Qoʻqon harbiy okrugi tassarufiga oʻtkazildi va butxonaning maqomi Qoʻqon harbiy boshqaruvi tasarrufidagi mahalliy harbiy butxonaga oʻzgartirildi. Butxona gʻazna hisobidan pishgan gʻishtdan barpo etilgan. Bino devorlari suvoqlanib, turli ranglar bilan boʻyalgan. Butxona ichida qoʻzgʻolonda halok boʻlgan askarlar va ruhoniyning ismi tushirilgan lavha mavjud. Andijon zilzilasidan soʻng, butxonaga jiddiy zarar yetib, tiklab boʻlmas holatga keladi[4]. Natijada vayron boʻlgan butxona oʻrnidan 1910-yil atrofida neorus meʼmoriy uslubida yangi butxona qurilgan[5]. Shunisi maʼlum boʻladiki, butxonada kuniga uch marta diniy ibodat qilingan. Diniy ibodatni oʻtkazish uchun maxsus diakonlar tayinlangan. Bosma nashrlarga asosan 1899-yildan to 1931-yilgacha butxonada uch nafar diakonlar xizmat qilgan[2]. Bular Dionisiy, Ioann (Ivan) va Sergiy. Barchasi davlat tomindan uy-joy bilan taʼminlangan hamda asosiy vazifasidan tashqari, avliyo Sergiy Radonejskiy ibodatxonasi rohibalarini zarur narsalar bilan taʼminlash vazifasi bilan ham shugʻullanishgan[1].

Galereya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 Иванов Ал. А.. История Кокандского военного округа, Коканд, 1911. 
  2. 2,0 2,1 2,2 Иванов Ан. А.. Поездки по городам и селам Русского Туркестана. Осмотрены и сфотографированы села и города, всего около 100 фото и 154 текстов., Санкт-Петербург, 1910. 
  3. 3,0 3,1 3,2 Рузаев Б. А.. История приходов Узбекистана, Ташкент, 2014. 
  4. „Андижан. Часовня Георгия Победоносца (старая)“. 2020-yil 21-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-iyun.
  5. „Андижан. Часовня Георгия Победоносца (новая)“. 2020-yil 9-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-iyun.