Aqliy dalil

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Aqliy dalil-Aqida va usulul fiqh ilmida biror shar’iy masalada mujtahidning aqlini ishga solib, bilimi va tafakkuri darajasida ijtihod qilishiga aqliy dalil deyiladi. Aqliy dalillarga qiyos, masolihul mursala, istihson, istishob kabi shariat manbalarini kiritish mumkin.Aqliy dalil naqliy dalil bilan chambarchas bog‘liqdir.Naqliy dalilga suyanilmagan ijtihod qabul qilinmaydi. Chunki, aqlning o‘zi bilan shar’iy hukm chiqarib bo‘lmaydi. Shuningdek, shar’iy dalildan hukm chiqarish aql yuritish, tafakkur va chuqur o‘rganishga muhtoj. Ya’ni, aqlsiz naqliy dalillarni tushunib bo‘lmaydi va ulardan biro nhukm chiqarib ham bo‘lmaydi. Aqliy dalillar asosan kalom, mantiq, falsafa, jadal, munozara, tabiiy fanlar kabi ilmlarda keng qo‘llanilgan. Ahli sunna val-jamoadagi moʻtadil aqidaviy mazhablar bo‘lgan moturidiy va ash’ariylik, faqatgina aqlga tayanuvchilar bilan faqat naql va uning zohiriga e’tibor beruvchila ro‘rtasidagi moʻtadil ta’limot bo‘lib, ularda naql aqldan ustun qo‘yilgan hamda aql - bu naqlni tushunishdagi bir vosita, deb qaralgan. E’tiqodiy masalalarni bayon etishda aql va naqldan birgalikda foydalanganlar. Kalom ilmidagi eng yirik firqalardan biri moʻtaziliylar esa aqlni naqldan ustun qo‘yganlar. Aqliy dalil bilan naqliy dalilning birgalikda istifoda etilishiga misol: Qur’oni karimda: “Ko‘zlar Uni idrok etmas. Ko‘zlarni U idrok etar. U Latif (daqiq narsalarni biluvchi) va Xabir (xabardor)dir” (An’om,103), deyilgan. Moʻtaziliylar ushbu oyatni dalil qilib, insonlar Allohni hech qachon ko‘rmaydi, deydilar. “Ahli sunna” (moturidiya va ash’ariya) e’tiqodiga ko‘ra, bu oyat Allohni ko‘rib bo‘lmaslik uchun dalil bo‘la olmaydi. Zero, bu yerda Allohni ko‘rish emas, barcha jihatdan Uni idrok va ihota etish mumkin emas, deyilmoqsa. Zotan, ko‘rish - bu, ko‘riluvchi to‘g‘risida har tomonlama ma’lumot hosil qilish degani emas. Allohning jamolini ko‘rish joizligiga doir oyat va hadislar ko‘p. Faqat Allohni ko‘rish bu dunyoda emas, oxiratdajannat ahliga nasib etgay. Allohni oxiratda ko‘rish joizligi haqida yana “Yunus” surasining 26-oyati, “Qiyomat” surasining 22,23-oyatlarida zikr etilgan. Hadisda: “Yaqinda Rabbingizni o‘n to‘rt kunlik oyni ko'rgandek ko‘rasizlar. O'shanda sizlarda mutlaqo shak-shubha qolmagay”, deyilgan. Buyuk mujtahid olim va hanbaliy mazhabining asoschisi Imom Ahmad ibn Hanbal ham tushlarida Alloh taoloni bir necha bor ko‘rganlari manbalarda keltirilgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 58.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.