Andoza:Xushsifat maqola
Mahmud Salohiddinovich Salohiddinov (1933-yil 23-noyabr, Namangan shahri, O‘zbekiston SSR, SSSR – 2018-yil 27-aprel, Toshkent, O‘zbekiston) – sovet va oʻzbek matematik olimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor (1969-yil), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi akademigi (1974-yil). Oʻzbekistonda differensial tenglamalar sohasidagi ilmiy maktab tashkilotchisi va rahbari. „Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti“ laureati (1974). 1974-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylangan. Mahmud Salohiddinov 1958–1959-yillarda Oʻrta Osiyo davlat universitetining matematik analiz kafedrasida oʻqituvchi, 1980–1986, 1993–1996-yillarda differensial tenglamalar kafedrasi mudiri,1959–1967-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutida ilmiy xodim, boʻlim mudiri, ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari va 1959–1985-yillarda direktor lavozimida faoliyat yuritgan. 1984–1985-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, keyinchalik 1988–1994-yillarda akademiya prezidenti, 1985–1988-yillarda Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri va 1994–1997-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi fizika-matematika fanlari boʻlimi raisi lavozimida ishlagan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga asosan „Oʻzbekiston fan arbobi“ faxriy unvoni, „O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i“, „Oʻzbekiston xalq maorifi aʼlochisi“, „Buyuk xizmatlari uchun“, „Fidokorona xizmatlari uchun“, „Mehnat shuhrati“ va „Hurmat Belgisi“ ordenlari bilan taqdirlangan. (Davomi...)