Ajal (O'lim)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ajal (arab. vaqt oralig‘i, belgilangan muddat) - Qur’oni karimda ajal o‘lim-qazo, qiyomat, belgilangan muddat, muayyan vaqt, ajrashgan ayol iddasining tugashi ma’nolarida 21 suraning 31 joyida keladi. 1) Ajal o‘lim vaqtini bildirish ma’nosida: “Ajallari kelgan vaqtida biror soat kechga ham, ilgariga ham sura olmaydilar” (A’rof, 34), ya’ni har bir tirik mavjudot umrining belgilangan muddati - ajali bor. Ajal muqarrar vaqtda keladi, uni na biror soat kechga va na biror soat oldinga surib bo‘lmaydi. 2) Belgilangan muddat ma’nosida. Masalan, Qasos surasining 29-oyatida Muso (a.s.) belgilangan muddatni o‘tashlari Ajal bilan ifodalangan: “Bas, qachonki, Muso (kelishilgan) muddatni o‘tab, oilasi bilan (Misr tomon) yo‘lga tushgach, Tur (tog'i) tarafidan bir olovni ko‘rib qoldi”. 3) Muayyan vaqt ma’nosida: “Biz (sizlarni) muayyan muddatgacha bachadonlarda qoldirib, so‘ngra chaqaloq holingizda (dunyoga) chiqarurmiz” (Haj,5), “Ey, imon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo‘yingiz” (Baqara, 282). 4) Ayol iddasining tugashi: “Bas, qachonki, (taloq qilingan ayollar idda) muddatiga yetsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolingiz yoki yaxshilik bilan (mahrlarini berib) ajrashingiz!” (Taloq, 2). 5) Qiyomat kuni ma’nosida: “Belgilangan ajal (qiyomat bo‘lish vaqti) ham Uning huzuridadir” (An’om, 2)[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 21-22.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.