Achchi surilmasi
Achchi (atchi) surilmasi – Ohangaron daryosi yuqori oqimining chap sohilida 1972-yil bahorida vujudga kelgan ulkan surilma. Sahni 8 km² boʻlgan 800 mln. m hajmdagi togʻ jinsi surila boshladi. Achchi surilmasining dastlabki belgilari 70-yillar avvalida namoyon boʻlgan. Mikrorelyefda eng koʻp jiddiy oʻzgarishlar 1973-yildan boshlangan (yirik yoriqlar paydo boʻldi, turar joy binolari va inshootlar shikastlandi, avtomobil yoʻllari va Ohangaron daryosi koʻprigi deformatsiyalandi). Surilma Teshiktosh shaharchasini, „Yerostigaz“ stansiyasi va Angren shahar quyi qismini bosishi hamda Angren GRESga yeuv beruvchi kanalni toʻsib, koʻmir havzasini yeuv ostida qoldirish xavfini tugʻdirdi. Surilma tezligi dastlab sutkasiga 1-2 mm, keyinroq 17 mm ga yetdi. Dunyoda eng katta surilmalardan biri boʻlgan Achchi surilmasining paydo boʻlishiga u yerda 8 km2 maydonda 1947-yildan shaxta usulida uzluksiz koʻmir qazib olinishi, 1961-yildan koʻmirning bir qismini yer ostida gazga aylantirilishi natijasida boʻshliq paydo boʻlishi, 40-65 m qalinlikda 60 mln. m kon chiqindilari toʻkmasi (otval)ning uyumlanishi, yaʼni nazoratsiz antropogen omillar sabab boʻldi. Bularning barchasi togʻ jinslari qatlamida tabiiy muvozanatning buzilishiga olib keldi. Koʻmirning shaxta usulida qazib olinishi, 100-130 m chuqurlikda 5-15 m qalinlikdagi koʻmir qatlamining gazga aylantirilishi 1960-yildayoq 60 ga yerda surilma sodir boʻlishiga, yer usti qatlamining 45 m gacha surilishi va 4-15 m choʻkishiga sabab boʻlgan edi. Zagsan surilmasi ham yer osti suvlari rejimini oʻzgartirdi. Achchi surilmasi favqulodda murakkab va xavfli vaziyatni vujudga keltirdi. U ni bartaraf etish maqsadida respublika hukumatining maxsus qarori asosida tezkor ekspert-metodik kengash tashkil qilinib, unga tegishli tashkilotlar jalb qilindi. Koʻlami jihatidan ulkan falokat keltirib chiqarishi ayon boʻlgan surilmaning zudlik bilan toʻxtatib qolish chora-tadbirlari belgilandi. Tavsiyalarni muvofiqlashtirish va amaliy ishlarni bajarish Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasining „Oʻzbekgidrogeologiya“ birlashmasi zimmasiga yuklandi. Yuzdan ortiq burgʻilash ishlari olib borildi va surilma maydonining muhandislik-geologik va gidrogeologik holatlari oʻrganildi. Surilmani toʻxtatish uchun 120 mln.m hajmda togʻ jinsi keltirilib daryo buy i ga 3,2 km masofaga yotqizildi va damba (kontrfos) hosil qilindi. Teshiktoshning 13 ming aholisi boshqa yerga koʻchirildi, Ohangaron daryosi yangi oʻzan (6 kmli aylanma kanal)ga burib yuborildi. Achchi surilmasi tezligi kamaytirila borib, 17 yildan keyin toʻxtash fazasiga erishildi. Surilmaning barqarorlashtirishga erishilishi tabiiy ofatlarning oldini olishda jahon amaliyotida katta voqea boʻldi. Achchi surilmasini „Oʻzbekgidrogeologiya“ birlashmasi qoshidagi Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati tomonidan nazorat qilib borish davom etmokda[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |