Abu al-Atahiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abu al-Atahiya (748–828), toʻliq ismi Abu Ishoq Ismoil ibn al-Qosim ibn Suvayd Al-Anziy, «Yangilanish davri» arab adabiyotining shoirlaridan biri hisoblanadi. Abu al-Atahiya arab she’riyatidagi falsafiy-asketik yo‘nalish asoschisi. U falsafiy lirikada eng taniqli arab faylasuf shoiri al-Ma’arriy ijodiga turtki bo‘lgan.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu al-Atahiya Kufa yaqinida sartarosh oilasida tug‘ilgan va bolaligida kulolchilik buyumlarini sotish bilan shug‘ullangan. Abu al-Atahiyaning erta namoyon bo‘lgan shoirlik iste’dodini barcha tan olgan va u hayotining aksariyat qismini Bag‘dodda xalifalar al-Mahdi, Horun ar-Rashid va al-Ma’munning saroy shoiri sifatida o‘tkazgan. Abu al-Atahiya she’riyatining diniy taqvoga to‘la va nafsni tiyishga chaqiruvchi umumiy yo‘nalishi Bag‘dodning abbosiylar xalifalik hokimiyatining obro‘sini mustahkamlashga intilayotgan saroyda qo‘llab-quvvatlandi. Shu bois, shoir shialarga xayrixoh bo‘lishiga qaramay, abbosiylar xalifalarining e’tiborini qozongan. Abu al-Atahiya 828-yilda Bog‘dodda vafot etgan.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu al-Atahiya ijodiy yo‘lining boshida o‘z muhabbat iztiroblarini kuylashga butunlay o‘zini baxshida qilgan lirik shoir sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq asta-sekin uning hijroni o‘rnini tushkunlik egallaydi va ishqiy lirikaning o‘rniga tafakkur keladi. Abu al-Atahiya lirik she’riyatining alohida janri – zuhdiyatning otasi hisoblanadi. Arabcha «zuhdiyat» termini («zuhd» – «tiyilish», «tarkidunyochilik» so‘zidan) ushbu janrning mazmunini qisman ifodalaydi, chunki hayot lazzatlaridan voz kechish mavzusi mazkur janr asarlarining asosiy g‘oyasi emas. 

Arablar zuhdiyatga avvalo mungli, marsiyaga oid va ayni vaqtda taqvo xususiyatiga ega bo‘lgan, dunyodagi butun hayotning o‘tkinchiligiga doir tushkun fikrlar, ba’zan esa ijtimoiy adolatsizliklarni tanqid qilishni kiritadilar. Ehtimol bu janr, bir tomondan, nasroniylikning, boshqa tomondan, hind va yunon diniy-falsafiy ta’limotlarining ta’sirida shakllangandir. Ayni vaqtda falsafiy-asketik yo‘nalish qadimgi arab she’riyatida ham an’anaga ega bo‘lib, islomgacha bo‘lgan shoirlar Imru ul-Qays, Tarafa, Zuhayr va Labid kabilarning ijodida ham dunyoning bevafoligi haqidagi qayg‘uli fikrlarni uchratish mumkin. Ammo maxsus janr – falsafiy-elegik lirikaning yaratilishi Abu al-Atahiya nomi bilan bog‘liq. Abu al-Atahiyaning xalifalik poytaxtida hukmron bo‘lgan fahshni fosh  etuvchi diniy she’riyatida saroy axloqi, bilvosita bo‘lsa-da, yetarlicha qattiq tanqid qilgan.

Abu al-Atahiya devonining kattagina qismini madhiyalar tashkil qiladi. Ammo ushbu an’anaviy janrda ham shoirning mahorati seziladi. Uning tavsiflari cho‘zilib ketmagan, maqtovlari esa didsiz tilyog‘lamalikka o‘tmagan. Uning hajviyalari ehtiyotkor bo‘lib, avvalgi shoirlardan farqli o‘laroq, ularda ortiqcha qo‘pollik yo‘q.

Abu al-Atahiyaning Otbaga bag‘ishlangan ishqiy g‘azallari ayniqsa go‘zal. Ularda shoir Umar ibn Abu Rabi’a yo‘nalishini davom ettiradi. Biroq Umar ibn Abu Rabi’a, Bashshar ibn Burd va Abu Nuvas g‘azallaridan farqli ravishda, uning muhabbat haqidagi she’rlari iboli va har qanday bachkinalikdan xolidir. Ko‘pincha uning g‘azallari madhiyalarining kirish qismi bo‘lgan, xolos. Shoir ijodida uning ba’zan badiiy shaklga kirgan diniy da’vatlar yoki hayot mazmuni va kelajak oxir zamon haqidagi falsafiy o‘y-xayollarni eslatuvchi zuhdiyati asosiy o‘rin egallagan.

«Yangilanish davrining» boshqa shoirlari singari Abu al-Atahiya she’riy shakl novatori bo‘lgan. U har qanday balandparvozlik, dabdaba va sun’iylikni rad etib, she’riy taqlidchilik va turli she’riy fokuslarga qarshi chiqqan. U sxolastlar va grammatiklarning g‘azabini qo‘zg‘atishini bilsa ham, «har qanday vazndan ustun ekanligini» aytib, an’anaviy vaznlarni buzgan.

Foydalanilgan adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mumtoz arab adabiyoti. Ziyovuddinova Muxlisa.Toshkent, 2011 — 80 bet.

Абу аль-Атахия // Большая советская энциклопедия : [в 30 т.] / гл. ред. А. М. Прохоров. — 3-е изд. — М. : Советская энциклопедия, 1969—1978.