Kontent qismiga oʻtish

Gelonii

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Abduqodir Gʻiloniydan yoʻnaltirildi)

Gelonii yoki Jiloniy (toʻliq ismi: Muhiddin Abduqodir ibn Abiy Solih Jangiydoʻst; 1077-yil, Gelon viloyati, Eron — 1166-yil) — fors ilohiyotchisi, mutasavvif.

18 yoshida Bagʻdodga keladi va juda koʻp olimlardan saboq oladi. Uning Hanbaliya mazhabiga oid vaʼzlari shuhrat qozonadi. Keyinchalik Gelonii Qurʼon tafsirchisi va muftiy sifatida faoliyat koʻrsatadi. U hadis va fiqh ilmlaridan dars beradi. Gelonii hanbaliya mazhabida qatʼiy turgan, Muhammad (sav) sunnatlariga soʻzsiz rioya etgan. Vaʼzlarida musulmonlar uchun zarur boʻlgan oʻnta axloqiy qoidani bayon etgan. Gelonii oʻzining tariqat uslubini vujudga keltirmagan, biror tariqatga boshchilik qilmagan boʻlsa ham uni qodiriya sufiylik tariqatining asoschisi deb hisoblaydilar. Ammo, haqiqatda esa, bu tariqat uning avlodlari yoki muridlari tomonidan faqat 13-asrning oʻrtalarida, baʼzi mutaxassislarning fikricha, hatto 15-asrda vujudga kelgan. Xalq ommasi uni moʻjiza koʻrsatishga qodir boʻlgan aziz-avliyo va bechoralarning homiysi deb, ulugʻlar edi. Unga Gʻavsul Aʼzam („ulugʻ himoyachi“) va piri dastgir („madadkor pir“) laqablarini berishgan. Gelonii maqbarasi Bagʻdodda boʻlib, islomdagi mashhur muqaddas joylardan biri hisoblanadi.

Geloniining „Al-gʻunya li talib tariq l-haqq“ („Haq yoʻlidan boruvchi toliblar yoʻlini toʻgʻrilash“) asari saqlanib qolgan. Bu asarda hanbaliya mazhabi nuqtai nazaridan islomdagi 73 firqaga boʻlingan musulmon jamoasining ijtimoiy, axloqiy burch va vazifalari bayon qilingan[1] .

  1. „Gelonii“ Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (G-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.