Buxoronoma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
("Buxoronoma"dan yoʻnaltirildi)

Buxoronoma — Buxoro viloyati hokimligining ijtimoiysiyosiy gaz. Buxoro shahrida oʻzbek tilida haftada 2-marta chiqadi. Dastlab „Uchqun“ nomi bilan Samarqandda nashr etilib (1920-yil iyun—sentabr), Buxoroda yashirin tarqatilgan, BXSR tashkil etilgach (1920-yil sentabr), Buxoro shahrida „Buxoro axbori“ nomi bilan nashr etila boshlangan. Keyinchalik „Ozod Buxoro“ (1923—30), „Buxoro proletari“ (193038), „Buxoro haqiqati“ (1938— 99) nomlari bilan chikdi. 1999-yil dekabrdan hozirgi nomda. Gaz.ga turli davrlarda Fayzulla Xoʻjayev, Fitrat, Choʻlpon, Sayd Axroriy, Ostonqul Abduqayum oʻgʻli, Kosim Sorokin, Fotih Sulaymon, Abdusalom Niyoziy, Abbos Aliyev, Ahmadjon Yoqubov, Rustam Abdurahmonov, Ashur Bozorov, Turgʻun Yokubov, Otaxon Toshxoʻjayev, Yoʻldosh Muqimov, Abdurahim Nurmuhamedov, Toshpoʻlat Hamid va boshqa muharrirlik qilgan. Gaz. sahifalarida Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Sadriddin Ayniy, Ibrohim Moʻminov, Abdulhamid Majidov, Atoulla Xoʻjayev, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Muinjon Aminov, Neʼmat Aminov, Omon Muxtorov kabi taniqdi davlat arboblari va ziyolilar dolzarb mavzulardagi maqolalari bilan qatnashishgan. Gaz.ning dastlabki sonlaridan boshlab millim mustaqillik gʻoyasi undagi maqolalarning bosh mavzui boʻlgan. 20-yillarda gaz.da BXSR hududidan shoʻro qoʻshinlarini olib chiqib ketish, demokratiyani rivojlantirish, davlat idoralarini ruslashtirishga chek qoʻyish, yoshlarni taraqqiy etgan xorijiy mamlakatlardagi oliy oʻquv yurtlarida oʻqitish kabi dolzarb masalalar yoritilgan. Shu bois gaz. tahririyati jamoasi va mualliflari shoʻro tuzumidan koʻp jafo koʻrishgan. Gaz.ning sobiq muharrirlari va yetakchi mualliflaridan Fayzulla Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat, Sayd Ahroriy, Abdulhamid Choʻlpon, Mahmud Badayliy, Ziyo Usmoniy, Ostonaqul Abduqayum 30-yillardagi qatagʻonda hibsga olinib, qatl etilgan. Abbos Aliyev, Abdusalom Niyozov, Abdulhamid Majidov, Aʼlo Kamolov, Ashur Bozorov uzoq muddatga qamalgan.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan keyingi davrda „B.“ shaklan va mazmunan tubdan oʻzgarib, Buxoro viloyati hayotini har vaqtdagidan yaxshiroq yoritishga harakat qilmoqda. Gaz. istiqlol mafkurasini shakllantirish, yosh avlodni iymoneʼtiqodli, Vatanga sadoqatli qilib tarbiyalash, bozor munosabatlarini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligida islohotlarni amalga oshirish. tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, Buxoro shahrini obodonlashtirish va undagi asoriatiqalarni asrabavaylash mavzulariga doimiy eʼtibor bermoqda.

Gaz. mustaqillik davrining gigant korxonasi boʻlgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilishida muxbirlar postini tashkil qilib, 2 yil mobaynida qurilishning borishini muntazam yoritib turdi. Buxoro shahrining 2500 yillik yubileyi (1997-yil) oldidan turkum maqolalar berdi. Tahririyatda iqgisodiyot, ijtimoiy masalalar, huquq hamda xatlar va ommaviy ishlar boʻlimlari ishlab turibdi. Turli yillarda tahririyatda mehnat qilgan Baqo Saidov, Habib Abdullayev, Toshpoʻlat Hamid, Baxshullo Saidov, Halil Qodirov, Ahmadjon Niyozmurodov Respublikada xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist unvonlariga sazovor boʻlishgan. 1996-yildan gaz. kompyuter usulida nashr etiladi. Tahririyat „Internet“ orqali jahon axborot tarmogʻiga chiqmoqda. „Buxoro yangiliklari“, „Buxoro futboli“ ilovalari bor. Gaz. adadi 6000 (2001).[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Naimov, Nusratillo. „Buxoronoma“ OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil