Xiva aloqa muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xiva aloqa muzeyi
Asos solingan sana 1983-yil
Joylashuvi Xorazm viloyati,
Xiva shahri,
Amir Temur koʻchasi

Xiva aloqa muzeyi — 1983-yil eski pochta binosi oʻrnida tashkil etilgan va hozirgi kunda Xiva aloqa muzeyi sifatida faoliyat koʻrsatib kelayotgan muzey. U bugungi kunda Xorazm viloyati, Xiva shahri, Amir Temur koʻchasida joylashgan. Muzeyning tashkil topish davri sifatida Xiva xoni Asfandiyorxon hamda uning bosh vaziri Islomxoʻja davri koʻrsatiladi. Bunga sabab qilib esa ularning saʼy-harakati bilan 1913-yili Xiva shahrida ochilgan pochta-telegraf idorasi binosining keyinchalik muzey ochilishida asos boʻlganligidir.

Tarixi va faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

1983-yilda oʻz faoliyatini boshlagan muzey Oʻzbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimovning 1998-yil 12-yanvar kuni eʼlon qilingan „Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish toʻgʻrisida“gi farmoniga asosan qayta rekonstruksiya qilingan va yangi jihozlar bilan taʼminlangan[1].

Muzey eksponatlari orasida turli davrlarga oid boʻlgan 340 dan ortiq aloqa vositalari, mingga yaqin eksponat hamda fotosurat, 430 dan ortiq konvert va markalar mavjud. Xususan, 1873-yili ishlab chiqilgan Morze qurilmasi, 1949-yilda Rossiyada ishlab chiqarilgan KVN televizori, Toshkent teleminorasining maketi kabi eksponatlar saqlanadi. Muzeyda aloqa sohasining taraqqiy qilish davrlari, tarmoqdagi oʻzgarish hamda yangilanishlar xususida keng tasavvurga ega boʻlish mumkin. Zamonaviy kommunikatsiya vositalari yordamida shu yerning oʻzida 3D oʻlcham orqali Oʻzbekistondagi boshqa aloqa muzeylari faoliyati, ularda faoliyat koʻrsatib kelgan koʻrgazmalar bilan ham tanishish imkoniyati mavjud[2].

Xiva aloqa muzeyi 2015-yilda yana bir bor rekonstruksiya qilingan va qayta ishga tushirilgan[3][4]. Muzeyda mukammal taʼmirlash, dizaynni yaxshilash, mavjud eksponatlarni joylashtirish va qaytadan jihozlash ishlari olib borilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Xivada aloqa muzeyi“. xorazmiy.uz. Qaraldi: 2023-yil 26-oktyabr.
  2. „Xivaga yo‘lingiz tushsa, bu joyga bir kirib o‘ting!“ (uz-UZ). xabar.uz. Qaraldi: 2023-yil 26-oktyabr.
  3. Kun.uz „Xiva aloqa muzeyi qayta ishga tushdi“ (uz). Kun.uz. Qaraldi: 2023-yil 26-oktyabr.
  4. Daryo.uz „Xiva aloqa muzeyi qayta ishga tushirildi“ (uz-latn). Daryo.uz (2015-yil 7-iyun). Qaraldi: 2023-yil 26-oktyabr.