Venerik kasalliklar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Venerik kasalliklar, tanosil kasalliklari, zuhroviy kasalliklar — jinsiy yoʻl bilan yuqadigan zaxm, soʻzak, yumshoq shankr, trixomonoz, mikoplazmoz, xlamidioz, chov limfogranulematozi, jinsiy aʼzolar sohasi uchugʻi, shuningdek orttirilgan immun tanqisligi sindromi (OITS)ning umumiy nomi. V. k. juda qadimdan maʼlum. Gippokrat, Sels, Galen va b. asarlarida ham V. k. haqida maʼlumotlar bor. Kam rivojlangan mamlakatlarda aholining ogʻir ahvolda yashashi, ishsizlik, baʼzi ayollarning hech qayerda ishlamay fohishalik bilan shugʻullanishi, erkaklarning moddiy qiyinchilik tufayli duch kelgan ayollar bilan jinsiy aloqada boʻlishi, alkogolizm, giyohvandlik va b. V. k. ning tarqalishi va koʻpayishiga za min yaratadi. V. k. (ayniqsa zaxm, soʻzak va xlamidioz) keng tarqalishi mumkin. Ular kishilar sogʻligʻiga putur yetkazishdan tashqari, jamiyat uchun ham xavflidir. V. k. vaqtida davolanmasa yoki notoʻgʻri davolansa kasallik surunkali tus olib, bemor uzoq vaqtgacha ish qobiliyatini yoʻqotadi, koʻpincha nogiron boʻlib qoladi. Soʻzak boʻlgan erkak yoki ayol uzil-kesil davolanmasa, jinsiy zaif, umrbod bepusht boʻlib qolishi mumkin. V. k. bilan ogʻrigan bemorlarning ichki aʼzolari va markaziy nerv sistemasi izdan chiqadi. Zaxm boʻlgan ayol homilador boʻlib, oʻz vaqgida davolanmasa, bola yo oʻlik yoki zaxm bilan kasallanib, mayib-majruh boʻlib tugʻiladi (tugʻma zaxm). V. k. bilan ogʻrigan bemor oʻz vaqtida teri-tanosil kasalliklari dispanseriga murojaat qilib, mutaxassis vrach koʻrsatmasi boʻyicha davolansa, albatta, tuzalib ketishi mumkin. Sayoq yurish, ichkilikka ruju qilish, tasodifiy jinsiy aloqalarga yoʻl qoʻyish V. k. ning koʻpayishiga sabab boʻladi.

OʻzR da V. k. ga qarshi kurashish uchun maxsus dispanserlar va b. davolash-profilaktika muassasalari mavjud. Ular kasallikni yuqtirganlarni qidirib topib, davolanishga majbur qiladilar, bu bilan V. k. ning boshqalarga yuqish xavfining oldi olinadi. V. k. ning oldini olishda homilador ayollar, bolalar muassasalari, oziq-ovqat sohasi xodimlarining belgilangan muddatda vrach koʻrigidan oʻtib turishlari muhim. Aholi orasida V. k. ning yomon oqibatlari, uning oldini olish va davolatish zarurligi toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini olib borish zarur. Bemor oʻzida venerik kasallik borligini bila turib boshqalar bilan jinsiy aloqa qilib, kasallikni yuqtirsa OʻzR jinoyat qonunlari kodeksiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil